O‘zbekiston | 19:57 / 31.01.2024
16604
12 daqiqa o‘qiladi

“Ta’lim tizimimiz sifatli kadrlar yetkazib bera olmayapti” - o‘zbek migrantlari nega Rossiyani tanlayotgani haqida faollar bilan suhbat

Ta’lim va tarbiyadagi muammolarimiz xorijga chiqqanda ko‘rinib qolyapti: endigina ulg‘ayib mehnat bozoriga kirib kelayotgan yigitlar orasida haq-huquqlarini talab qilishni bilmaslik, hatto qo‘rqoqlik ko‘p uchraydi. Huquqshunos Botirjon Shermuhammad va jamoatchilik faoli Rasul Kusherbayev Kun.uz'ga bergan intervyusida Rossiyadagi vatandoshlar duch kelayotgan muammolarning shu va boshqa sabablari haqida so‘z yuritdi.

Yaqinda Rossiyaning Yekaterinburg shahrida qurilish obektlaridagi reyd davomida huquq-tartibot idoralari xodimlari migrantlarni cho‘kkalab yurishga majburlagani aks etgan video tarqaldi. Va bu Rossiyada migrantlarni tahqirlash bilan bog‘liq ilk hodisa emas.

Kun.uz muxbiri shu voqea sabab bo‘lib Rossiyadagi vatandoshlarga huquqiy ko‘mak ko‘rsatib kelayotgan yurist Botirjon Shermuhammad va ekologiya vazirining maslahatchisi Rasul Kusherbayev bilan suhbatlashdi.

Botir aka, Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi o‘tirib yurishga majbur qilinganlar orasida o‘zbekistonliklar bo‘lmagan deb ma’lumot berdi. Siz shu masalani o‘rganib ko‘rdingizmi?

Botirjon Shermuhammad: Aynan [tarmoqlarda tarqalgan] videoda O‘zbekiston fuqarolari yo‘q. Lekin umuman [o‘sha yerda] bir qancha fuqarolarga reyd bo‘lgan. Ular ichida kamida 2 nafar O‘zbekiston fuqarosi bor deb aytildi. Biz bevosita borib o‘rganishga imkoniyatimiz yo‘q, lekin keyin chiqqan xabarlarni o‘qidik. Ya’ni o‘sha voqeada O‘zbekiston fuqarolari bo‘lgani aniq. Albatta, aynan videoda cho‘kkalab yurganlar ichida yo‘q. Lekin biz faqat videoga chiqqan jarayonni ko‘ryapmiz. Afsuski, videoda ko‘rinmagan holatda nima bo‘lganini bilmaymiz. Qisqa videolavhani ko‘ryapmiz, ammo undan oldin yoki keyin, politsiya bo‘limida qanday munosabatda bo‘lgan, uni bilmaymiz.

Aslida bu holatlar oxirgi yillarda yangilik bo‘lmay qoldi. Mana shu narsaga bo‘lgan munosabat sekin-sekin o‘zimizda, mutaxassislarda, oddiy fuqarolarda ham qandaydir ko‘nikish hissini paydo qilyapti. Aslida bu juda ham yomon holat. O‘tgan 2023 yilda birinchi marta bo‘ldi: masjidga bevosita qo‘pol ravishda oyoq kiyimda kirib, namoz o‘qib turgan fuqarolarga shunday yomon munosabatda bo‘lingandi. Ular orasida muhojirlar bilan bir qatorda, Rossiya fuqarolari ham bor edi.

Ya’ni ilgari masjidlarning oldida turilardi, [odamlar] chiqqanidan keyin tekshirilardi. Lekin ichkariga bostirib kirish, hammaga namoyishkorona tazyiq bo‘lmas edi. Oxirgi yillarda, ayniqsa 2023 yilda reydlar, qattiq munosabatlar juda ham ko‘payib ketdi. O‘zi politsiya tomonidan qo‘pol munosabat oldindan bor. Ayniqsa maxsus bo‘limi bor, “OMON” (maxsus topshiriqli mobil otryad) deydi, shu tomonidan qattiq muomala bo‘ladi. Ular ham vaziyatga qaraydi: jamoat joylarida u darajada bo‘lmasa ham, qurilish obektlari yoki shunga o‘xshash joylarda qattiq holatlar bo‘ladi. Chunki u yerda politsiya xodimlarini ushlab turadigan omil yo‘q. Faqat videolar chiqib qolmasa, ularga birov tomonidan chora ko‘rilishi yo‘q.

O‘zi umuman, Rossiya IIV tomonidan xodimlarga nisbatan aynan mana shu sohada qilgan ishlari uchun biror jazo qo‘llanganini ko‘rmaganmiz. Bizning O‘zbekiston taraf ham bu masala bo‘yicha biror signal yoki boshqa ko‘rinishda murojaat qilgan emas. Prilepinning chiqishidan keyin TIV birinchi marta taklif qildimi yoki chaqirdimi, tushunmadik... U yerda ham muhojirlarga nisbatan bo‘layotgan munosabat emas, faqatgina O‘zbekistonning suverenitetiga bog‘liq bo‘lgani uchun shunday masala ko‘rildi. Ammo Qirg‘iziston, Tojikistondan farqli ravishda, aynan muhojirlar masalasida biror marta jiddiyroq chiqish bo‘lganini ko‘rmadik. Agar hukumatlar bu borada qattiq talab qilmasa, Rossiya hech qachon o‘zidan o‘zi o‘zgarib qolmaydi. Va Rossiyada muhojirlarni himoya qiladigan biror qatlamning o‘zi yo‘q.

Ba’zi bir huquq himoyachilariga chiqilardi, bu ishlar noqonuniy ekanini tushungan fuqarolar bor, lekin ular kamchilik. Ko‘pi urush boshlangandan keyin chiqib ketishga majbur bo‘lishgan. Ya’ni aytmoqchimanki, Rossiyada muhojirlar huquqini himoya qilib, o‘ziga reyting oladigan siyosatchilar ham, jamoatchilik vakillari ham yo‘q. Shuning uchun bu yerda faqat va faqat o‘zimizning rasmiy hukumatimiz vakillaridan umidimiz bor xolos. U yerdagi o‘zbek diasporalari, jamoatchilik tashkilotlari ham [migrantlar huquqlarini] u darajada jiddiy talab qila olmaydi. Chunki ularning hammasi Rossiya maxsus xizmatlarining bevosita nazoratida.

Bizning hukumatimiz ham norasmiy kanallari orqali o‘zlarining munosabatini bildirayotgandir balki. Lekin u darajada jamoatchilikka ommaviy ravishda munosabat bildirgani yo‘q.

Rasul Kusherbayev: Migrantlar bilan bog‘liq g‘oz qilib yurgizilganlik holati bir ko‘rib qolganimiz, ya’ni jamoatchilikka chiqib qolgani. Ish shu darajaga yetib borganidan bilsa bo‘ladiki, bu odatiy tadbirlarning biri sifatida namoyish etilyapti. Migrantlarga nisbatan bunaqa salbiy munosabatning shakllanishi birgina huquqni muhofaza qilish yoki boshqa ma’lum bir sohalarga xosmi? Men bu fikrga qo‘shilmayman. Buning bu darajada ommalashib borayotgani rasmiy Kremlning bu boradagi munosabati bilan bevosita bog‘liq.

Ya’ni xohlaymizmi yoki yo‘qmi, Kreml bugungi kunda migrantlarga nisbatan shunday munosabat bo‘lishi kerakligini tom ma’noda qo‘llab-quvvatlayapti. Va mana shunday mehnat migrantlariga nisbatan noqonuniy xatti-harakat qilganlar jazolanmayapti, bu tabiiy ravishda barcha davlat tuzilmalarida migrantlarga salbiy munosabatda bo‘lishi normal hol sifatida ko‘rib borilyapti. Agar “yo‘q, bu noto‘g‘ri, bu qonunlarda taqiqlangan, insoniy gumanistik normalarga to‘g‘ri kelmaydi” deganda, albatta, biz qaysidir holatda ularga nisbatan chora ko‘rilganini eshitgan bo‘lardik. Bu birinchisi.

Ikkinchidan, bugungi kunda xohlaymizmi yoki yo‘q, migrantlardan ham qurol sifatida foydalanish masalasi ko‘rilyapti. Kuni kecha bo‘lgan reyd haqidagi xabarlarning ichida bir nechta fuqaroga harbiy xizmatga chaqiruv xatlari berilgani, “urushga borasan”, deb berilgan qog‘ozlar ham chiqdi. Endi bu qanchalik rost yoki yolg‘on, uni bilmadim, lekin aynan shu yerda xizmat qilayotgan mehnat migrantlariga shunday taklif bo‘lgani boshqa tarmoqlar orqali ham anchadan beri aytib borilyapti. Bugungi kunda ularni nafaqat ishlatish, balki Ukraina bilan urushda foydalanish masalasi ham ko‘rilyapti.

Umumiy jamiyatda davlat tuzilmalarining olib borayotgan salbiy munosabati Kreml olib borayotgan siyosat bilan bevosita bog‘liq. Agar Kreml o‘zining siyosiy qarashlarini o‘zgartiradigan bo‘lsa, albatta, qolgan tuzilmalarda ham o‘zgarish bo‘ladi. Agar o‘zgartirmasa, mana shunday ketaveradi. Bu nafaqat Rossiyada, deyarli possovet davlatlarining hammasida mana shunday, ya’ni siyosiy kayfiyatga qarab boshqa tuzilmalar moslashadi.

Hozirgi Putinning rejimida bu ishlar davomli bo‘lishi mumkin degan ehtimol yuqori.

Botirjon Shermuhammad: Bu yerda bir narsa-da: agar bizning hukumatimiz talab qilmasa, Kremldan yoki boshqa davlat hukumatidan buni kutish noto‘g‘ri. Biz hozir Rossiyadagi holatni aytyapmiz. Oddiy Gruziyaga boring, Qozog‘istonga chiqib keling, Qirg‘izistonga “Do‘stlik”dan o‘ting, hali men biror O‘zbekiston pasportiga ega insonni hurmat bilan chegaradan o‘tkazishganini ko‘rmadim. Gruziyaga xohlagan odamini qo‘yyapti, xohlamaganini yo‘q. Masalan, bizning operatorimizni qo‘ymadi. Vaholanki, vizasiz rejim...

Juda ko‘plab fuqarolarimiz bilan Qozog‘iston, Qirg‘iziston chegaralarida pul talab qilish holatlari uchraydi. Ya’ni bu kabi holatlar hamma yerda bor. Davlatimizning o‘zi har bir fuqarolarimizni himoya qila olmasa, talab qila olmasa, o‘zidan o‘zi o‘zgarib qolmaydi. Butun dunyo Isroil yoki AQSh fuqarosini xafa qilib qo‘yadigan bo‘lsa, munosabat boshqacha bo‘lishini biladi. Chunki davlat talab qiladi. Davlat talab qilmas ekan, o‘zgarmaydi.

Umuman, migrantlarning oila bag‘ridan ketib, xorijga chiqishi ijtimoiy-psixologik muammolarni keltirib chiqaradi. Agar tahqirlanish kabi holatlar davom etadigan bo‘lsa, ma’lum ma’noda yana qanday muammolar yuzaga kelishi mumkin deb o‘ylaysizlar?

Botirjon Shermuhammad: Agar shu yaqin vaqtlarda Rossiyadagi urush to‘xtamasa, Rossiyada muammo ko‘payib boraveradi, ayniqsa iqtisodiy muammolar. Biz ko‘ryapmizki, bular iqtisodiy muammodan xalqni chalg‘itish uchun qaysidir qatlamni aybdor deb topishi kerak, shunday ko‘rsata olishi kerak. OAV, siyosatchilar tomonidan migratsiya masalasi chaynalaveradi. Siyosatchilar “migrantofob”ga aylanib qoldi, boshqa siyosiy tashabbus mavjud emas, faqat shu bilan chiqishmoqda. Har bir safar migrantlarni nimadir bilan cheklash masalasi ko‘tariladi, buni esa hamma qo‘llab-quvvatlaydi.

Ya’ni mana shunga o‘xshash holatlar ko‘payib borishi mumkin. Chunki vaziyat shunday, sanksiyalar, iqtisodiy muammolar ko‘payib boryapti. Rossiyaning dunyodagi do‘stlari kamayib boryapti. Agar urush to‘xtasa, sekin-sekin xalq o‘zgaradi. Chunki biz ko‘rganmiz, jamiyatda hamma narsa yaxshilanib, rivojlanaversa, ko‘pchilik muhojirlar haqida o‘ylamaydi. Lekin muammolar paydo bo‘lganida, birinchi navbatda kim aybdor, nega unday bo‘lyapti degan savolga, o‘ziga o‘xshamaganlar, o‘ziga o‘xshab gapirmaganlar yoki tashqi ko‘rinishi o‘xshamaganlarni ayblashga harakat bo‘ladi. Bu narsa Rossiyada juda avj olgan.

So‘nggi yillarda yaxshi bo‘lgani – Rossiyada muhojirlarni do‘pposlab, kaltaklaydigan millatchi guruhlarning yo‘q bo‘lib ketgani edi. Hozirgi paytda shunday guruhlar paydo bo‘lganini eshityapmiz. Bu narsa yo‘q bo‘lib ketganiga 10 yildan oshib ketgandi, yana sekin-asta paydo bo‘layotganini eshityapmiz.

  • Intervyuning to‘liq shaklini yuqoridagi video orqali tomosha qilishingiz mumkin.

Dilshoda Shomirzayeva suhbatlashdi.
Tasvirchi – Mirvohid Mirrahimov.
Montaj ustasi – Nuriddin Nursaidov.

Дилшода Шомирзаева
Muallif Дилшода Шомирзаева
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid