O‘zbekiston | 22:20 / 31.01.2024
11994
2 daqiqa o‘qiladi

Mansabdor shaxslar jinoyatchiligi bo‘yicha raqamlar ochiqlandi

Bosh prokuratura e’lon qilgan ma’lumotlarga ko‘ra, 2023 yilda 3575 nafar mansabdor shaxs jinoiy javobgarlikka tortilgan bo‘lib, bu 2022 yilga nisbatan 15 foizga ko‘p. Ayni paytda, jinoiy javobgarlikka tortilgan respublika darajasidagi amaldorlar soni 2 barobarga – 110 nafardan 49 nafarga kamaygan.

Foto: Kun.uz

O‘zbekiston Bosh prokuraturasi 2023 yilda mansabdor shaxslar jinoyatchiligi bo‘yicha statistik raqamlarni ochiqladi.

Ma’lum qilinishicha, o‘tgan yili 3412 ta jinoyat ishi doirasida 3575 nafar mansabdor shaxs jinoiy javobgarlikka tortilgan. Jinoiy javobgarlikka tortilgan mansabdorlar soni 2022 yilga nisbatan 14,7 foizga oshgan.

2022 yilda respublika miqyosidagi 110 nafar amaldor jinoiy javobgarlikka tortilgan bo‘lsa, 2023 yilda bu ko‘rsatkich 2 barobarga kamayib, 49 nafarni tashkil etgan.

Jinoiy javogarlikka tortilgan viloyat miqyosidagi mansabdorlar sonida deyarli o‘zgarish bo‘lmagan: 2022 yilda 264 nafar, 2023 yilda 267 nafar. Jinoiy javobgarlikka tortilgan tuman (shahar) miqyosidagi xodimlar 2022 yildagi 2742 nafardan 2023 yilda 3259 nafargacha yoki 19 foizga oshgan.

2023 yilda mansabdor shaxslar eng ko‘p quyidagicha turdagi jinoyatlarni sodir etgan:

  • o‘zganing mulkini o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish – 2205 nafar (2022 yilda 2103 nafar);
  • mansab vakolatini suiiste’mol qilish – 397 (265);
  • firibgarlik – 272 (243);
  • pora olish, pora berish, pora olish-berishda vositachilik qilish – 195 (169);
  • hokimiyat yoki mansab vakolati doirasidan chetga chiqish – 30 (14);
  • mansab soxtakorligi – 36 (51);
  • mansabga sovuqqonlik bilan qarash – 25 (22);
  • boshqa jinoyatlar – 415 (249).

Mansabdorlarning jinoyatlari natijasida 2023 yilda 1 trln 546 mlrd so‘m miqdorida moddiy zarar yetkazilgan bo‘lib, shundan 1 trln 310 mlrd so‘mi yoki 84,7 foizi undirilgan. Yetkazilgan zarar miqdori bir yil oldingiga nisbatan 53 foizga oshgan.

Mavzuga oid