Jahon | 21:05 / 06.02.2024
9464
3 daqiqa o‘qiladi

Yevropa Ittifoqining Rossiyaga qarshi sanksiyalari 13-paketi tabiatan «ramziy» bo‘ladi

Yevropa diplomatlari 13-sanksiya paketini «ramziy» deb atagan, chunki u qisqa vaqt ichida qabul qilinmoqda. «Ko‘proq narsani» kelishib olish uchun esa ko‘proq vaqt kerak. 

Foto: Reuters

Yevropa Ittifoqining Rossiyaga qarshi yangi, 13-sanksiya paketi doirasida rossiyalik diplomatlarga akkreditatsiyadan o‘tgan davlatda harakatlanishini cheklash g‘oyasi muhokama qilinmoqda. Bu haqda Politico yevropalik diplomatga tayanib xabar berdi. 

Nashr bu taklifni «Chexiyaning ko‘p yillik iltimosi» deb atagan. Biroq, Politico ta’kidlaganidek, ushbu cheklovni joriy etish oson bo‘lmaydi, chunki Shengen zonasida sayohat ko‘pincha hech qanday tarzda nazorat qilinmaydi. 

Sanksiyalarning 13-paketi 2024 yilning 24 fevraliga, ya’ni Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishining ikki yilligiga qadar joriy etilishi rejalashtirilgan. U asosan Yevropa Ittifoqidagi aktivlari muzlatib qo‘yiladigan odamlarga nisbatan yangi cheklovlarni, shuningdek, «ko‘proq kompaniyalarga ikki maqsadli tovarlarni eksport qilishni taqiqlashni» o‘z ichiga oladi. 13-sanksiyalar paketida Rossiya alyuminiyi importiga hech qanday taqiq qo‘yilmaydi. Biroq Yevropa Ittifoqining ayrim davlatlari bu masalani keyingi sanksiyalar paketi uchun ko‘rib chiqmoqchi. 

Nashr bilan suhbatda Yevropa diplomatlari 13-sanksiya paketini «ramziy» deb atagan, chunki «ko‘proq narsani» kelishib olish uchun ko‘proq vaqt kerak. 

O‘tgan yilning noyabrida Financial Times Yevropa Ittifoqi davlatlari rossiyalik diplomatlarning harakatiga cheklovlar joriy etishni muhokama qilayotgani haqida yozgan edi. Chexiya bergan taklifda rossiyalik diplomatlar Shengen zonasida emas, balki faqat mezbon davlat hududida harakatlanish imkonini beruvchi vizalar va yashash ruxsatnomalarini olishi kerakligi nazarda tutilgan. Chexiya, shuningdek, Rossiya diplomatlariga viza va yashash uchun ruxsatnoma berishda faqat soxtalashtirish qiyinroq bo‘lgan biometrik pasportlarni qabul qilishni taklif etadi. Praga bu taklifni Rossiya razvedkasining ehtimoliy agentlariga qarshi kurash bilan izohlaydi. 

Yevropa Ittifoqi rasmiylari 2023 yil 18 dekabrda Rossiyaga qarshi 12-sanksiya paketini qabul qildi. Unda 2024 yil 1 yanvardan boshlab Rossiya olmoslarini olib kirishni taqiqlash ko‘zda tutilgan. Bundan tashqari, YeI 61 shaxs va 86 tashkilotga nisbatan shaxsiy cheklovlar joriy qildi. Sanksiyaga duchor bo‘lgan shaxslar orasida Rossiya Xavfsizlik kengashi rahbari o‘rinbosari Dmitriy Medvedevning o‘g‘li Ilya, Kuzbass gubernatorining rafiqasi va Vladimir Putinning jiyani Anna Tsivileva, Moskva shahri dumasi raisi Aleksey Shaposhnikov va boshqalar bor.

 

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid