O‘zbekiston | 15:43 / 08.02.2024
6403
3 daqiqa o‘qiladi

Mirziyoyev va Lukashenko o‘zaro manfaatli hamkorlikning yangi kun tartibini belgilab oldi

Ikki mamlakat o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmini 1 milliard dollardan ziyodga yetkazish vazifasi qo‘yildi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Aleksandr Lukashenko tor doirada hamda ikki mamlakat rasmiy delegatsiyalari ishtirokida muzokara o‘tkazdi.

Davlat rahbari uchrashuvni ochar ekan, keyingi yillarda O‘zbekiston va Belarus o‘rtasidagi ko‘p qirrali munosabatlar sifat jihatidan yangi, yanada yuqori bosqichga ko‘tarilganini alohida ta’kidladi.

Belaruslik mehmonning ushbu tashrifiga tayyorgarlik doirasida qator tadbirlar, shu jumladan Hukumatlararo komissiya yig‘ilishi, hududlar, rektorlar, tibbiyot xodimlari forumlari muvaffaqiyatli o‘tkazildi.

Hukumat rahbarlari, parlamentlar, vazirlik va hududlar darajasidagi faol aloqalarni davom ettirish muhimligi qayd etildi.

Tomonlar xalqaro tuzilmalar, shu jumladan Birlashgan Millatlar Tashkiloti, MDH, ShHT doirasidagi siyosiy muloqot va o‘zaro qo‘llab-quvvatlashni davom ettirishga ahdlashib olishdi.

Savdo-iqtisodiy hamkorlikning ijobiy sur’ati mamnuniyat bilan qayd etildi. O‘tgan yil yakunlariga ko‘ra tovar ayirboshlash hajmi 15 foizga oshdi.

Hukumatlar oldiga ushbu ko‘rsatkichni yaqin yillarda 1 milliard dollardan ziyodga yetkazish vazifasi qo‘yildi.

Shu maqsadda qo‘shma tashqi savdo kompaniyasini tashkil etish, eksport-import yetkazib berishni qo‘llab-quvvatlash mexanizmlari va mahsulotlarni sertifikatlashtirish elektron tizimini joriy qilish bo‘yicha kelishuvga erishildi.

Bundan tashqari, tomonlar yuk tashish uchun qulay sharoit yaratish, xalqaro avtomobilda tashuvchilarni tayyorlash, Janubiy Osiyoning katta bozorlariga eltuvchi multimodal koridorlardan samarali foydalanishga kelishib olishdi.

Kooperatsiya aloqalarini rivojlantirishga alohida e’tibor qaratildi. Keyingi yillarda qo‘shma korxonalar soni 4 barobar ko‘paydi.

Kooperatsiyaning ustuvor yo‘nalishlari belgilab berildi. Bular – qishloq xo‘jaligi, yengil, oziq-ovqat va elektrotexnika sanoati, farmatsevtika, shaharsozlik, kommunikatsiyalar va boshqalar. Barcha yo‘nalishlar bo‘yicha alohida ishchi guruhlarni shakllantirishga kelishib olindi.

Yetakchilar hududlararo almashinuv faollashganini olqishladilar. Kuni kecha o‘tgan O‘zbekiston va Belarus hududlari ikkinchi forumining samarali natijalari alohida qayd etildi: uning yakunlari bo‘yicha qiymati 1 milliard dollardan ziyod shartnoma va bitimlar imzolangan.

Tomonlar faol madaniy-gumanitar almashinuvni davom ettirishga kelishib oldilar. Oliy va professional ta’lim, sog‘liqni saqlash, madaniyat, sport va turizm sohalarida sheriklikni rivojlantirish dasturlari qabul qilinadi.

Yig‘ilishda rasmiy delegatsiyalar a’zolarining hisobotlari, muzokaralar kun tartibidagi masalalar yuzasidan aniq takliflari tinglandi.

Uchrashuvlar yakunida qabul qilingan qarorlar va imzolangan kelishuvlarni amalga oshirish bo‘yicha qo‘shma “yo‘l xaritasi”ni tayyorlash va qabul qilish bo‘yicha kelishuvga erishildi.

Mavzuga oid