12:04 / 09.02.2024
3334

O‘zbekistonda 2023 yilda 79 kishi yong‘indan vafot etgan – Senat

Senat ma’qullagan qonun bilan o‘rmonlarda yong‘in xavfsizligi talablarini buzish, agar yong‘in chiqishiga olib kelgan bo‘lsa, ma’muriy javobgarlik belgilanmoqda.

Senatorlar tomonidan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga yong‘inlar profilaktikasi samaradorligini oshirishga qaratilgan qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritishni nazarda tutuvchi qonun ko‘rib chiqildi.

Foto: Senat axborot xizmati

Qayd etilishicha, yong‘inlarning oldini olish sohasida tizimli chora-tadbirlar amalga oshirilayotganligiga qaramasdan, aholining maishiy hayotida va xo‘jalik yurituvchi sub’yektlar faoliyatida yong‘inlar bilan bog‘liq og‘ir oqibatli noxush hodisalar ro‘y bermoqda. Jumladan, 2023 yilda 10 204 ta yong‘in hodisasi yuz berib, unda 251 nafar fuqaro jabrlangan, shundan 79 nafari vafot etgan. Yong‘inlar oqibatida jismoniy va yuridik shaxslarga 270,4 mlrd so‘mlik zarar yetkazilgan.

Muhokama qilingan qonun bilan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksda o‘rmonlarda yong‘in xavfsizligi talablarini buzish, agar yong‘in chiqishiga olib kelgan bo‘lsa, ma’muriy javobgarlikni belgilash ko‘zda tutilmoqda. Bunda ma’muriy huquqbuzarlik sodir etgan shaxs kodeksning 38-moddasiga muvofiq ma’muriy huquqbuzarlik oqibatida keltirilgan zararni qoplashdan ozod etilmaydi.

Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga o‘zgartirishlar kiritilib, yong‘in xavfsizligi qoidalarini buzgan huquqbuzarliklarga nisbatan qo‘llaniladigan jazo sanksiyalarini oshirish ham ko‘zda tutilyapti. Shuningdek, yong‘in xavfsizligi qoidalarini buzganligi tufayli uy-joy fondida odamlarning sog‘lig‘iga zarar yetishi yoxud o‘zganing mol-mulki shikastlanishi yoki uning yo‘q qilinishi bilan bog‘liq bo‘lmagan tarzda yong‘in sodir bo‘lganda mazkur shaxs yong‘in xavfsizligi qoidalarini buzganlik uchun ma’muriy javobgarlikdan ozod qilinishi nazarda tutilmoqda.

Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.

Top