O‘zbekiston | 19:47 / 14.02.2024
5997
2 daqiqa o‘qiladi

Britaniya O‘zbekistondagi grafit konlarini o‘zlashtirishda ishtirok etishi mumkin

Britaniya kompaniyalari bu sohadagi yangi loyihalarni amalga oshirishga qiziqish bildirayotgani ma’lum bo‘ldi. 

Foto: dunyo.info

O‘zbekistonning Buyuk Britaniyadagi elchixonasida «Uzbekistan Business Consultans» kompaniyasi boshqaruvchi direktori Piter Margeyts bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Muloqot chog‘ida O‘zbekiston tomoni bilan hamkorlik aloqalarini jadallashtirish, qo‘shma loyihalarni amalga oshirish, xorijiy sarmoyalarni jalb etish masalalari xususida fikr almashildi. 

Piter Margeyts Britaniya kompaniyalari O‘zbekistonda grafit konlarini izlab topish, ushbu jabhada yangi loyihalarni amalga oshirishga qiziqish bildirayotganini ma’lum qildi. 

Uning aytishicha, 2 fevral kuni Qashqadaryo viloyatiga ishchi safari juda samarali kechgan. «Safar davomida Qashqadaryo viloyati hokimligi vakillari bilan muzokaralar o‘tkazdik. Shuningdek, O‘zbekistondagi konlarda davlat xususiy sheriklik asosida hayotga tadbiq etiladigan sarmoyaviy loyihalar taqdimoti bilan tanishdim», dedi u. 

Uchrashuv yakunida mazkur sohada investitsiyaviy loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha muloqotlarni davom ettirish to‘g‘risida kelishuvga erishilgan. 

«Uzbekistan Business Consultans» kompaniyasi Britaniyada ro‘yxatga olingan. Kompaniya O‘zbekiston va MDH davlatlarida savdo, investitsiyalar sohalarida konsalting xizmatlarni ko‘rsatishga ixtisoslashgan.

Mavzuga oid