12:50 / 14.02.2024
10398

Sanksiya ostidagi shaxslarga O‘zbekistonda hisobraqam ochish taqiqlanishi mumkin

Markaziy bankka kredit va to‘lov tashkilotlarida iqtisodiy sanksiyalar bilan bog‘liq xatarlarni boshqarishga doir talablarni o‘rnatish, ushbu talablar bajarilmagan holatda esa chora va sanksiyalar qo‘llashga oid vakolat berilishi mumkin. Senat tegishli qonunni birinchi o‘qishda ma’qulladi.

Illyustrativ foto: Kun.uz

Senat yalpi majlisida «Iqtisodiy sanksiyalar bilan bog‘liq xatarlarni boshqarish mexanizmlari takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi qonun loyihasi ko‘rib chiqildi.

Mazkur hujjat bilan Markaziy bankning kredit va to‘lov tashkilotlarida iqtisodiy sanksiyalar bilan bog‘liq xatarlarni boshqarishga doir talablarni o‘rnatish, ushbu talablar bajarilmagan holatda esa chora va sanksiyalar qo‘llashga oid vakolati ko‘zda tutilmoqda.

Unga ko‘ra, kredit va to‘lov tashkilotlariga iqtisodiy sanksiyalar bilan bog‘liq xatarlarni boshqarishga doir talablar doirasida mijozlarga hisobvaraqlar ochish va operatsiyani amalga oshirishni rad etish huquqi berilmoqda.

«Qayd etish lozimki, amaldagi qonunchilikda iqtisodiy sanksiyalar bilan bog‘liq xatarlarni tartibga solish va nazorat qilish bo‘yicha me’yorlar mavjud emas. Shuningdek, mijozlarga hisobvaraqlar ochish va operatsiyalarni o‘tkazish bo‘yicha tijorat banklarining qonunchilik bilan belgilangan majburiyati iqtisodiy sanksiyalar ostida bo‘lgan shaxslarga mahalliy banklarda to‘siqlarsiz hisobvaraqlarni ochish va ular orqali operatsiyalarni amalga oshirish imkoniyatini beradi. Bu esa butun bank tizimida iqtisodiy sanksiyalar bilan bog‘liq xatarlarni, jumladan xorijiy korrespondent banklar bilan vakillik munosabatlarining uzilishi, mahalliy tijorat banklariga nisbatan iqtisodiy sanksiyalar qo‘llanishi oqibatida xalqaro moliya bozorlariga kirish bo‘yicha cheklovlar tadbirkorlik sub’yektlarining transchegaraviy o‘tkazmalarida uzilishlar bo‘lishi ehtimolini sezilarli darajada oshiradi», dedi Markaziy bank raisi o‘rinbosari Abrorxo‘ja Turdaliyev. 

Qonun loyihasi deputatlar tomonidan birinchi o‘qishda qabul qilindi.

Mavzuga oid
Top