20:23 / 19.02.2024
5271

Senat raisi Tanzila Norboyeva Sirdaryo viloyatiga tashrif buyurdi

Sayyor majlisda Sirdaryo viloyati hududlarini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturlarining ijrosi muhokama qilindi. 

16-17 fevral kunlari Oliy Majlis Senati raisi Tanzila Norboyeva Sirdaryo viloyatining Guliston, Boyovut, Mirzaobod tumanlari hamda Guliston, Shirin va Yangiyer shaharlaridagi sog‘liqni saqlash va ta’lim muassasalari, iqtisodiyot obektlari, mahallalarda bo‘lib, aholi vakillari va mahalliy Kengashlar deputatlari bilan bevosita muloqotlar o‘tkazdi. 

Senat raisi viloyatga amaliy tashrifini Guliston shahrida xotin-qizlar o‘rtasida o‘tkazilgan velomarafondagi ishtirok bilan boshladi. Musobaqa doirasida ishtirokchilar qariyb 3 km bo‘lgan masofoni velosipedda bosib o‘tishdi. 

Shundan so‘ng Tanzila Norboyeva Guliston shahridagi Respublika ixtisoslashtirilgan «Ona va bola salomatligi» ilmiy amaliy tibbiyot markazi Sirdaryo viloyat filialida bo‘lib, muassasa faoliyati bilan tanishdi, shifokor va bemorlar bilan suhbatlashdi. 

Guliston tumaniga tashrif doirasida «Zarbdor» mahallasi hududida joylashgan alohida ta’lim ehtiyojlari bo‘lgan bolalar uchun ixtisoslashtirilgan «Nurli maskan» maktab-internatida bo‘lib, u yerdagi shart-sharoitlar, dars jarayonlari bilan tanishib, o‘qituvchi va o‘quvchilar bilan samimiy suhbatlashildi.

Senat raisining navbatdagi tashrif manzili Boyovut tumanidagi "Uchturgon" mahallasida joylashgan 1-sonli sport maktabi bo‘ldi. Bu yerda sportchilarning shug‘ullanishi uchun yaratilgan sharoitlar, sport bo‘limlarining faoliyati bilan tanishish asnosida sportchi va murabbiylar, tuman «Chavandozlar maktabi»da shug‘ullanayotgan chavandoz ayollar bilan muloqot qilindi. 

Shuningdek, Boyovut tumani hokimligida Boyovut, Xovos tumanlari va Shirin shahri deputatlari bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvda «Mahalliy davlat hokimiyati organlari faoliyatining samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi prezident farmonidan kelib chiqadigan vazifalarga e’tibor qaratildi. 

Tanzila Norboyeva Shirin shahrida Saudiya Arabistonining «ACWA Power» kompaniyasi bilan hamkorlikda barpo etilgan elektr stansiyasi faoliyati bilan yaqindan tanishdi. 

Shundan so‘ng Shirin shahri «Vatanparvar» mahallasi faollari va harbiy qismda xizmat o‘tayotgan harbiylarning oilalari bilan uchrashuv o‘tkazildi. 

Tashrifning navbatdagi manzili Sirdaryo tumani «Shirin» mahallasidagi  «Sirdaryo Mega Lux» mas’uliyati cheklangan jamiyati bo‘ldi. 

17 fevral kuni Oliy Majlis Senati Kengashining Sirdaryo viloyatida bo‘lib o‘tgan navbatdagi sayyor majlisida parlament nazorati doirasida o‘tkazilgan o‘rganish natijalari muhokama qilindi. Majlisni Oliy Majlis Senati raisi Tanzila Norboyeva olib bordi. 

Majlisda Sirdaryo viloyati hududlarini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturlarini amalga oshirishda qator natijalarga erishilganligi qayd etildi. 

Jumladan, 2023 yilda yalpi hududiy mahsulot hajmi 5,9 foizga, sanoatda 7,1 foizga, qishloq xo‘jaligida 6,4 foizga, xizmatlar ko‘rsatishda 10,9 foizga va qurilishda 7,9 foizga o‘sgan. Aholi jon boshiga YaHM hajmi 23,8 mln so‘mni va o‘sish sur’ati 3,8 foizni tashkil etgan. 

Investitsiya dasturlari doirasida sanoat, xizmat ko‘rsatish va qishloq xo‘jaligi sohalarida 964 ta loyiha ishga tushirilgan. 

Viloyatda o‘tgan yilda 2022 yilga nisbatan qariyb 2 barobarga ko‘p to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiya va kreditlar o‘zlashtirilgan. 333,2 mln dollarlik sanoat va qishloq xo‘jaligi mahsulotlari eksporti amalga oshirilgan. 

Muhokama jarayonida senatorlar viloyatda amalga oshirilgan ijobiy ishlar bilan birga hal etilishi lozim bo‘lgan masalalarga ham to‘xtalib o‘tdilar. 

Jumladan, iqtisodiy o‘sishni ta’minlash, investitsiyalarni faol jalb qilish, mahalliy sanoatni rivojlantirish va eksport prognoz ko‘rsatkichlari ijrosini ta’minlashda ayrim tuman va shaharlarda ko‘rilayotgan choralar yetarli darajada emas. 

Sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish hajmi bo‘yicha o‘sish sur’atlari 2023 yilda Sayxunobod va Mirzaobod tumanlarida, qurilish ishlari hajmi bo‘yicha esa Shirin shahri, Mirzaobod va Oqoltin tumanlarida 1 foizni ham tashkil qilmagan. 

Eksport prognozi ko‘rsatkichlari 6 ta tuman va shaharda bajarilmagan. Eksport qiluvchi korxonalar soni Sirdaryo, Mirzaobod va Guliston tumanlarida o‘tgan yilga nisbatan kamaygan. 

Majlisda senatorlar tomonidan mavjud muammo va kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha qator taklif va tavsiyalar bildirildi. 

Muhokama yakunida Senat Kengashining o‘z yechimini kutib turgan muammoli masalalarni bartaraf etish yuzasidan tegishli qarori qabul qilindi.

Top