Toshkent shahar IIBB tergov boshqarmasi katta tergovchisi Baxtiyor G‘iyosov faoliyatidagi qiziq ishlardan birini so‘zlab berdi. Tergovchiga ko‘ra, o‘g‘irlik jinoyatini sodir etgan yigit bu ishni dadasi qilganini aytib, uni chalg‘itmoqchi bo‘lgan.

“Bundan bir necha yil muqaddam, Yunusobod tumanida tergovchi bo‘lib ishlab yurgan paytimda menga o‘g‘irlik bo‘yicha jinoyat ishi berishdi: Yunusobod tumanidagi do‘konga o‘g‘irlikka kirishgan va tovarlarni o‘g‘irlab, olib chiqib ketishgan.

Jinoyat ishi hujjatlari bilan tanishib chiqdim. Uchta yigit aybini tan olgan, ulardan do‘kondan o‘g‘irlangan narsalar chiqqan. Ular Jinoyat protsessual kodeksining 224-moddasi tartibida ushlangan. Ish hujjatlarini olib, jinoyat ishi qo‘zg‘atganman.

Yigitlarni olib chiqib, himoyachi ishtirokida birma-bir so‘roq qila boshladim. Shu jarayonda jinoyat sodir etgan shaxslardan bittasi “Aka, sizga alohida gapim bor”, deb qoldi. “Gapiravering, advokatingiz bor, kameraga ham olyapmiz”, dedim. “Yo‘q, o‘zingizga gapim bor edi” dedi yigit. Nima gap, desam, “To‘g‘risini aytsam jinoyatni men qilmaganman, dadam qilgan. Dadam qamalib ketmasin, deb hamma aybni bo‘ynimga oldim”, deyapti. Nega unda hozir fikringizdan qaytdingiz, degan savolimga kelajagi borligini, shuning uchun hamma haqiqatlarni aytishga qaror qilganini bildirdi. So‘ngra dadasining telefon raqamini aytib, qo‘ng‘iroq qiling, hozir yetib keladi, dedi.

O‘shanda menda shubha paydo bo‘ldi. O‘g‘irlik yoki shunga o‘xshagan jinoyat sodir etgan shaxsga qo‘ng‘iroq qilib, “Aka, keling, jinoyat sodir qilgan ekansiz”, desangiz u yugurib kelmaydi hech qachon.

Shu tariqa dadasiga qo‘ng‘iroq qilib, o‘zimni tanishtirdim. Dadasi ham buni oddiy holday qabul qildi va “Bo‘ldi, hozir yetib boraman”, dedi. Shubham yana ortdi.

Dadasi kelgach, so‘roq jarayonida haqiqatan o‘g‘limning o‘rtoqlari bilan do‘konga borib, o‘g‘irlik qilganman, deya hamma ayblarni bo‘yniga ola boshladi. O‘g‘lingiz boshida hamma aybini tan olgandi, endi esa sizga qarshi ko‘rsatma beryapti, desam “O‘g‘limni ichki ishlar xodimlari ushlaganidan mening xabarim bo‘lmay qolibdi, xabar topib, keyin mening vijdonim qiynaldi, mana chaqirishingiz bilan yetib keldim, men qilganman bu jinoyatni”, deb turib oldi.

Tergovchida ichki ishonch bo‘ladi. Men bu odam jinoyat qilganiga ishonmayotgandim”, deya hikoya qiladi Baxtiyor G‘iyosov.

Shundan so‘ng tergovchi yigitning dadasidan jinoyat sodir qilganda kim qayerda turganini, u nima qilganini, birinchi kim do‘konga kirganini va kim tashqarida turganini, nimalar olishganini so‘rab, chuqurroq so‘roq qila boshlagan. Ota esa bu savollarning barchasiga o‘sha kuni spirtli ichimlik ta’sirida bo‘lganini aytib, eslolmasligini ta’kidlagan.