Jahon | 11:47 / 22.02.2024
5959
2 daqiqa o‘qiladi

Polsha: Rossiya o‘z odamlarini norozilik bildirayotgan fermerlar safiga kiritmoqda

Varshava namoyishga chiqqan fermerlar Ukrainaga qarshi shiorlarni ko‘tarib olganidan xavotirda. Polsha Rossiya maxsus xizmatlari namoyishlar ustidan nazorat o‘rnatishga urinayotganidan tashvishlanmoqda.

Foto: Czarek Sokolowski/AP/picture alliance

Varshava hukumati rossiyalik agentlarning Polshadagi fermerlar norozilik harakatiga kirib borishi ehtimolidan ogohlantirdi. «Biz yaqinda fermerlar blokadalari paytida paydo bo‘lgan Ukrainaga qarshi shiorlarni Rossiya maxsus xizmatlari ta’siri ostida bo‘lishi mumkin bo‘lgan guruhlar tomonidan norozilik harakatini nazorat qilishga urinish, deb baholaymiz», - deya ma’lum qildi TIV 21 fevral, chorshanba kuni Varshavada.

Hujjatda fermerlarning norozilik namoyishlarida Rossiya prezidenti Vladimir Putin va Ukrainaga qarshi urushni madh etuvchi plakatlarning paydo bo‘lishidan chuqur xavotir bildirilgan.

Polshada fermerlar namoyishi 

Polshada fermerlarning norozilik namoyishlari nafaqat Yevropa Ittifoqining qishloq xo‘jaligi siyosatiga, balki Ukrainadan kelayotgan arzon qishloq xo‘jaligi mahsulotlariga ham qarshi qaratilgan. Bir kun oldin fermerlar butun Polshadagi transport tarmoqlarini to‘sib qo‘ydi va «Medika» chegara punktida Ukraina yuk vagonlaridan donni uloqtirib yubordi. 

Polsha hukumatini Horjichki qishlog‘idan olingan traktor aks etgan kadr chuqur xavotirga qo‘ydi, unda sovet bayrog‘i va «Putin, Ukraina, Bryussel va bizning hukmdorlar bilan ishni hal qil» degan plakat ko‘rsatilgan. Prokuratura traktor egasiga nisbatan «fashizm, kommunizm yoki hukmronlikning boshqa avtoritar shakllarini targ‘ib qilish va nafrat uyg‘otish» bo‘yicha ish ochgan. 

Polsha siyosiy va harbiy jihatdan Ukrainaning eng yaqin ittifoqchilaridan biri hisoblanadi. Yevropa Ittifoqi va NATO a’zosi Polsha Ukrainadan bir millionga yaqin qochqinni qabul qildi.

Mavzuga oid