G‘arb yetakchilari va ekspertlar Makronning Ukrainaga qo‘shin yuborish to‘g‘risidagi bayonotini qanday baholamoqda?
G‘arb davlatlari yetakchilari Makronning shov-shuvli so‘zlariga raddiya berishga shoshildi. Ammo bu g‘arbning Rossiya bilan munosabatlardagi navbatdagi «qizil chiziq»ni paypaslab ko‘rishi bo‘lishi ham mumkin.
Fransiya prezidenti Emmanuel Makron Yevropa yetakchilarining Parijdagi uchrashuvidan so‘ng Ukrainani qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha yangi qadamlarni e’lon qildi va urushda Rossiya ustidan g‘alaba qozonish uchun mamlakatga g‘arb quruqlik qo‘shinlari yuborilishi mumkinligini istisno qilmadi.
«Bugungi kunda quruqlikdagi qo‘shinlarni yuborish masalasida konsensus yo‘q, ammo hech narsani inkor etib bo‘lmaydi. Biz Rossiya bu urushda g‘olib chiqmasligi uchun barcha imkoniyatlarni ishga solamiz, — deya Makrondan iqtibos keltirgan AFP. — Biz Rossiyaning mag‘lubiyati Yevropadagi xavfsizlik va barqarorlik uchun zarurligiga aminmiz».
Makron shuningdek Ukrainani raketalar va katta masofada harakatlanuvchi o‘q-dorilar bilan ta’minlaydigan yangi koalitsiya tashkil etilishini ma’lum qilgan. Bu aynan qanday tuzilma bo‘lishiga — aniqlik kiritilmagan.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya nafaqat Ukrainadagi jang maydonida, balki umuman olganda ham borgan sari tajovuzkor bo‘lib bormoqda. Yelisey saroyidagi konferensiyani ochib bergan Makron uchinchi yildirki urush olib borayotgan Ukrainaning ittifoqchilari ushbu mamlakatni qo‘llab-quvvatlashni kuchaytirishi zarurligini ta’kidlagan.
«Biz Rossiyaning ayniqsa so‘nggi oylarda keskinlashayotganiga guvoh bo‘lmoqdamiz», — degan Makron va G‘arb «xavfning harbiy va strategik nuqtayi nazaridan transformatsiyasi»ni hisobga olgan holda yondashuvni o‘zgartirishi lozimligini qo‘shimcha qilgan.
Yelisey saroyidagi konferensiyada Germaniya kansleri Olaf Shols, Buyuk Britaniya tashqi ishlar vaziri Devid Kemeron, Ispaniya bosh vaziri Pedro Sanches, Niderlandiya bosh vaziri Mark Ryutte, shuningdek Skandinaviya va Boltiq bo‘yi davlatlari rahbarlari qatnashgan.
AQSh nomidan esa davlat kotibining Yevropa va Yevrosiyo bo‘yicha vakili Jim O’Brayyen, Kanadadan — mudofaa vaziri Bill Bler ishtirok etgan.
«Biz birgalikda shunday qilishimiz kerakki, Putin yutuqlarimizni yo‘q qila olmasin va o‘z tajovuzini boshqa mamlakatlarga olib o‘tmasin», — degan uchrashuv ishtirokchilariga qisqa videomurojaat yo‘llagan Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy.
Yakshanba kuni jurnalistlar qarshisida chiqish qilgan Zelenskiy Yevropa yetakchilari urush butun qit’a uchun naqadar xavfli ekanini anglab yetganini aytgandi.
«O‘ylaymanki, ular Putin bu urushni davom ettirishini tushunib yetishdi», — degandi u.
Emmanuel Makronning so‘zlariga ko‘ra, yangi koalitsiya doirasida Kiyevga o‘rta va katta masofada harakatlanuvchi raketalar yetkazib beriladi.
U shuningdek Ukrainaga fransuzlarning Mirage rusumli quruvchi samolyotlari yetkazib berilishi haqida OAVda tarqalgan xabarlar yuzasidan munosabat bildirib, ayni vaqtda Parij bu masalada muzokaralar olib bormayotganini bildirgan.
Germaniya kansleri Olaf Shols esa dushanba kuni yana bir bor Ukrainaga Taurus rusumli qanotli raketalarni yetkazib berishga qarshiligini bildirdi.
Nemislar yetakchisining so‘zlariga ko‘ra, Kiyevga yuqori aniqlikdagi qurollar yetkazib berilishi, bu raketalar Rossiya hududiga qadar yetib bora olishi hisobga olinsa, eskalatsiya keltirib chiqarishi mumkin.
Makronning so‘zlariga qanday reaksiya qilindi?
Germaniya kansleri Olaf Shols
Germaniya kansleri Olaf Shols Yevropa mamlakatlari va NATO alyansi a’zolari quruqlik qo‘shinlarini Ukrainaga yuborishni rejalashtirmaganini aytdi. U Parijda Ukrainaga yordam bo‘yicha konferensiyada ushbu mamlakatga quruqlik qo‘shinlari yuborish masalasi muhokama qilinganini tasdiqlagan. Uning so‘zlariga ko‘ra, uchrashuv ishtirokchilari «Ukraina zaminida hech qanday Yevropa quruqlik kuchlari va NATO askari bo‘lmasligi» bo‘yicha kelishib olgan.
«Germaniya federativ respublikasi qo‘shinlarni jang maydoniga yuborilishi ko‘zda tutilmagan.
Yana bir bor aytmoqchimanki, biz buni juda yaxshi muhokama qildik. Avvalboshdan erishilgan kelishuvlar kelajakka ham taalluqli ekanini ta’kidladik. Xususan, qo‘shin yuborilmaydi, Ukraina hududida Yevropa mamlakatlari yoki NATO a’zolari harbiy xizmatchilari bo‘lmaydi», degan u.
Germaniya mudofaa vaziri Boris Pistorius ham avstriyalik hamkasbi Klaudiya Tanner bilan seshanba kuni o‘tkazilgan qo‘shma matbuot anjumanida Ukrainaga nemis qo‘shinlari yuborilmasligini ta’kidladi.
U nemis askari etigi ukrain yerida bo‘lishi — GFR hukumati uchun variant emasligini qayd etgan.
NATO bosh kotibi Yyens Stoltenberg:
«NATO a’zolari Ukrainaga misli ko‘rilmagan darajada yordam ko‘rsatmoqda. Biz bu ishni 2014 yildan buyon qilib kelamiz va keng ko‘lamli bosqindan keyin sa’y-harakatlarimizni ko‘paytirganmiz. Ammo NATOning jangovar qo‘shinlarini ukrain hududiga yuborish rejasi yo‘q».
Buyuk Britaniya bosh vaziri Rishi Sunak:
«Buyuk Britaniya allaqachon Ukraina qurolli kuchlarini qo‘llab-quvvatlash, jumladan tibbiy ta’lim berish uchun o‘z harbiy xizmatchilarining kichik guruhini yuborgan. Biz qo‘shinlarni keng ko‘lamda joylashtirishni rejalashtirmaganmiz. Buyuk Britaniya o‘z hududida ham katta miqdordagi ukrain harbiylarini o‘qitdi. Shuningdek, ukrain qo‘shinlarini qurol-aslahalar yuborish orqali qo‘llab-quvvatlamoqdamiz».
Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov:
«Menimcha, nafaqat bunday fikrlarni aytayotganlar, balki ularni o‘z boshiga kiritayotganlar ham bu boshdan Yevropa uchun xavfsizroq bo‘lgan oqilona fikrlar uchun foydalanishi lozim» (iqtibos TASS agentligidan).
Kreml matbuot kotibi Dmitriy Peskov:
Rossiya prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov Kreml Emmanuel Makronning bayonotiga e’tibor qaratganini aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Ukrainaga g‘arb quruqlik qo‘shinlari yuborilishi Rossiya va NATO o‘rtasidagi to‘g‘ridan to‘g‘ri to‘qnashuvni anglatadi.
«Bu holatda biz ehtimollik haqida emas, balki muqarrarlik haqida gapirishimiz kerak. Biz buni shunday baholaymiz. Ushbu mamlakatlar ham shunday baholab, o‘ziga hisob berishi kerak. Va bu ularning manfaatlariga, asosiysi, ushbu mamlakatlar fuqarolari manfaatlariga qanchalik mosligi haqida savol berilishi kerak», — deya uning so‘zlarini keltirgan RIA Novosti.
Peskov Ukrainaga o‘z harbiylarini yuborish bo‘yicha Yevropada konsensus yo‘qligini ta’kidlagan.
«Biz shuningdek bu boradagi fikrlarning turli tumanligini qayd etdik – chindan ham konsensus yo‘q. Parijda bo‘lib o‘tgan ushbu tadbirda ishtirok etgan qator mamlakatlar bunday harakatning ehtimoliy xavfi va qaynoq mojaroga bevosita aralashish, jang maydoniga jalb etilish xavfini ehtiyotkorlik bilan baholamoqda. Bu, albatta, ushbu mamlakatlar manfaatlariga mutlaqo to‘g‘ri kelmaydi», — deya Peskovning so‘zlarini keltirgan RBK.
Ukraina prezidenti ofisi maslahatchisi Mixaylo Podolyak:
«[Makronning bayonoti] birinchi navbatda Yevropadagilar militar, tajovuzkor Rossiya Yevropa uchun qanday xavf solayotganini to‘la anglayotganini ko‘rsatadi».
Fransiyadagi o‘ta o‘ng «Milliy birlashuv» (avvalgi «Milliy front») partiyasi yetakchisi Marin Le Pen:
«Bunday gaplarning jiddiyligini kimdir tushunadimi, men buni bilmayman. Emmanuel Makron o‘zidan harbiy yetakchi yasamoqda, ammo u bizning bolalarimiz hayoti haqida loqaydlik bilan gapirmoqda. Mamlakatimizda tinchlikmi yoki urushmi degan savol tug‘iladi».
Shvetsiya bosh vaziri Ulf Kristersson:
«Ukraina tomonidan bu kabi so‘rovlar yo‘q va bu masala kun tartibida emas. Ammo shuni aytish mumkinki, turli mamlakatlar boshqa davlatlarning ishlarida ishtirok etish borasida turli an’analarga ega. Fransuzlar an’anasi — shvedlar an’anasi emas. Shunday ekan, men Fransiyaning Ukrainaga yordam berish istagini hurmat qilaman».
Ekspertlar nima demoqda?
Ulrix Spek, nemis kolumnisti, xalqaro siyosat bo‘yicha ekspert (X ijtimoiy tarmog‘ida):
«Makronning Moskvani tang holatda ushlab turish uchun „strategik noaniqlik“ni saqlab qolish zarurligi haqidagi fikrlari mutlaqo to‘g‘ri. Ammo bunday gaplar kutilmaganda paydo bo‘lishi kerak emas, ular ishonchli chiqishi kerak. Ishonch Ukrainaga izchil va o‘ta keng ko‘lamda harbiy yordam ko‘rsatilganida paydo bo‘lgan bo‘lardi, Fransiya esa so‘nggi ikki yil davomida bunday qilmadi».
Nikolas Drammond, harbiy tahlilchi, britan armiyasining sobiq zobiti (X ijtimoiy):
«Makronning nutqi — bu tomoshabinlar uchun tomosha, uning xalqaro maydondagi imijini yaxshilashga qaratilgan harakat. Fransiya yoki NATOning qaysidir mamlakati harbiylarini Ukrainaga yuborishi dargumon. Rossiya va Putinga qarshi proksi-urushlarni ko‘rishimiz ham mumkin, ammo to‘g‘ridan to‘g‘ri ishtirok etish istagi umuman yo‘q. NATO kuchlari harakatga kelishi uchun Beshinchi moddani [Shimoliy Atlantika shartnomasining NATO a’zosiga hujum butun alyansga hujum sifatida qabul qilinishi haqidagi moddasi] faollashtirishni talab qiluvchi voqea sodir bo‘lishi kerak».
Britaniyaning Financial Times gazetasi:
«[Makronning] yanada tajovuzkor pozitsiyasi Ukrainaning Rossiyaning tobora kuchayib borayotgan, Moskva bir necha oylik turg‘unlik davridan keyin yangi hududlarni egallab olishiga olib kelgan hujumlariga qarshi turish uchun harbiy yordamni kuchaytirish bo‘yicha so‘rovlari ortidan yuzaga keldi».
«Yevropa mamlakatlari AQShning sobiq prezidenti Donald Tramp yana Oq uyga qaytishi, bu Vashington Ukrainani qo‘llab-quvvatlashni to‘xtatishi hamda Amerika bilan Yevropadagi xavfsizlik haqidagi kelishuv zaiflashishiga olib kelishi mumkinligidan xavotirda».
«Yevropa poytaxtlarida Rossiya nafaqat Ukrainaga, balki yanada kattaroq xavf tug‘dirib, Sharqiy Yevropadagi NATO mamlakatlariga bosqin boshlashi mumkinligi haqidagi tushuncha ham bor».
«Qizil chiziqlar» va «salyami taktikasi»
Pavel Aksenov, BBC rus xizmati harbiy muxbiri
Emmanuel Makronning kelgusida Ukrainaga xorijiy kontingent yuborishning faraziy imkoniyati haqidagi bayonoti «chuqur zarbalar berish uchun o‘rta va uzoq masofalarga harakatlanuvchi raketa hamda bombalar» yetkazib berish va’dasi bilan birga keldi.
Ushbu bayonotlarning har biri o‘z-o‘zidan G‘arb va Rossiya munosabatlarida yashirin bo‘lgan shartli «qizil chiziqlar»ni buzish hisoblanadi.
Fransiya prezidenti aynan qanday raketalarni nazarda tutgani unchalik aniq emas, chunki raketalarning «o‘rta masofa»si turli xalqaro klassifikatsiyalarga ko‘ra 1000 kilometrdan boshlanishi ham mumkin, bu esa «katta» degani.
Ammo amalda shunday bo‘ldiki, Ukrainadagi urushda «uzoq masofali» deganda odatda «taktik» deb atalgan va maksimal 300 kilometrga uchadigan ATACMS raketalari tushunilmoqda. Ukraina anchadan buyon AQShdan bunday raketalarni olishni istaydi, ammo hozircha bunday qurollar muntazam ravishda yetkazib berilishi yo‘lga qo‘yilmagan.
Makronning «uzoq masofali» raketalarni yetkazib berish imkoniyati haqidagi so‘zlarini o‘z ma’nosida, baribir endi mavjud bo‘lmagan «O‘rta va kichik masofali raketalarni qisqartirish to‘g‘risidagi kelishuv» matni bilan solishtirib qabul qilish shart emas.
Bu o‘rinda «uzoq masofali» shartli siyosiy tushunchadir.
Bu yevropalik yetakchilar Ukrainaga Rossiya hududidagi nishonlarga zarba bera oluvchi raketa va bombalarni taqdim etadigan koalitsiya tuzishga kelishib olganini anglatishi mumkin.
Makronning so‘zlari yangragan konferensiyada qatnashgan Germaniya kansleri Olaf Shols mojaroning bunday rivojiga qarshi ekani haqida gapirgandi.
Shols dushanba kuni Ukrainaga Taurus raketasi yetkazib berilishiga qarshiligini yana bir bor ta’kidladi. Uning fikricha, Kiyevga Rossiya hududiga yetib borishi mumkin bo‘lgan bunday qurol yetkazib berilishi urushni avj oldiradi.
AQSh shu vaqtgacha Ukrainaga ATACMS raketalarini yetkazib bermadi, bu ham aynan «qizil chiziq»ni bosib o‘tmaslik - Ukraina qurolli kuchlariga Rossiya hududini o‘qqa tutish imkoniyatini taqdim etmaslik istagi bilan bog‘liqligi aytiladi.
Makronning Ukrainadagi urushda xorijiy kontingentning faraziy ishtiroki haqidagi so‘zlari bu liniyadagi yanada jiddiy qoida buzilishidir. Voqealarning bunday rivoji ehtimoli to‘g‘risida turli darajalarda gapirilgandi, ammo endi bu gap NATOning Yevropadagi yirik a’zosi rahbari tilidan chiqmoqda.
Urush boshlanganidan buyon Yevropada Rossiya va NATO mamlakatlari o‘rtasida o‘tkazilgan «qizil chiziq» ko‘z o‘ngimizda erib bormoqda.
Masalan, Yevropadagilar so‘nggi vaqtlarda Rossiya NATOga a’zo mamlakatlar bilan mojaro boshlashi mumkinligi haqida ko‘p gapirilmoqda va bu yadro urushiga aylanib ketishidan cho‘chishmayapti.
O‘z navbatida, Rossiya taktik yadro qurollarini ochiqchasiga bir joydan boshqa joyga harakatlantirmoqda, bu bir tomondan taqiqlanmagan, ammo boshqa tomondan - urush sharoitida g‘arb dunyosini qo‘rqitishga qaratilgan harakat.
Endi Makronning g‘arb kontingenti - NATOning emas - urushda ishtirok etishi mumkinligi to‘g‘risidagi xayoliy va faraziy ko‘rinayotgan so‘zlari Rossiyadagilarni asabiylashishga majbur qilmoqda.
Boshqa tomondan, G‘arb mamlakatlarining Ukrainaga og‘ir qurollar yetkazib berilishi Rossiya tomonidan qat’iy javob qaytarilishiga sabab bo‘lishi mumkinligi borasidagi xavotirlari amalga oshmadi.
NATOning bir qancha davlatlari Makronning bayonoti yuzasidan raddiya berishga shoshildi, lekin Rossiya va NATO o‘rtasidagi munosabatlarda asosli yoki asossiz ravishda kuzatilgan, yozilmagan cheklovlar asta-sekin bekor bo‘layotganga o‘xshamoqda.
Bu «salyami taktikasi»ga ham o‘xshaydi. Bunday taktikaga ko‘ra, raqiblar kelishuv shartlarini qo‘pol buzishmaydi, raqibdan ma’lumot chiqarib olish uchun tuzoq sifatida urush keltirib chiqarmaydigan darajadagi kichik qadamlar tashlanadi.
Mavzuga oid
22:08 / 23.11.2024
Putin Kursk oblastini qaytarish muddatini belgiladi - Zelenskiy
17:55 / 23.11.2024
WSJ: Ukraina o‘zining ballistik raketasini yaratish ustida ish olib bormoqda
13:12 / 23.11.2024
Kursk oblastida yashovchi 46 kishi Ukrainadan qaytib keldi
11:31 / 23.11.2024