O‘zbekiston | 11:57 / 27.02.2024
4363
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda bolalarga ham himoya orderi berish taklif qilinyapti 

Bulling O‘zbekistonda ham bolalarga nisbatan zo‘ravonlik shakllaridan biri sifatida e’tirof etilmoqda. Bolalarga ham himoya orderi beriladi.

Foto: Oliy Majlis Qonunchilik palatasi

Qonunchilik palatasidagi “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi fraksiyasi yig‘ilishida “Bolalarni zo‘ravonlikning barcha shakllaridan himoya qilish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi muhokama qilindi.

Xalqaro talab va huquqni qo‘llashdagi muammolardan kelib chiqib, ushbu qonun loyihasi bilan bolalar zo‘ravonliklarining oltita turini aniq belgilash taklif qilinyapti. Bular jismoniy, jinsiy va ruhiy zo‘ravonlik bilan birga g‘amxo‘rlik ko‘rsatmaslik, ekspluatatsiya va hozir keng tarqalayotgan bulling kiritilmoqda.

Amaliyot shuni ko‘rsatyaptiki, bolalar zo‘ravonligi bilan asosan huquqni muhofaza qilish organlari kurashyapti va bu kutilgan natijani bermayapti. Ya’ni, qonun darajasida bu bilan shug‘ullanadigan yagona davlat organi belgilanmagan. Shu bois, Ijtimoiy himoya agentligi bu boradagi ishlarga mas’ul etib belgilanyapti.

Agentlik zo‘ravonlikdan jabrlanuvchilarga yordam ko‘rsatish, maslahat berish maqsadlarida butun O‘zbekiston hududida tun-u kun ishlaydigan, bepul telefon liniyasi tarmog‘i ishlab turishini ham ta’minlaydi. Yana to‘qqizta davlat organi bu ishlar bilan shug‘ullanadi. Bolalar milliy komissiyasi esa barcha ishlarni muvofiqlashtirib boradi.

Mazkur qonun loyihasi bilan ilk bora yangi institut joriy qilinyapti. Ya’ni, endilikda bolalarga ham himoya orderi berish taklif qilinyapti. Orderi vakolatli organ tomonidan zo‘ravonlikdan jabrlanuvchining qonuniy vakiliga yoki bolani o‘z qaramog‘iga olgan boshqa shaxsga hamda zo‘ravonlikdan jabrlanuvchining o‘ziga beriladi.

Ijtimoiy himoya milliy agentlik holat yuzasidan ma’lumotlar kelib tushgan paytdan boshlab 24 soat ichida vaziyatni baholab, natijasiga ko‘ra himoya orderini beradi yoki rad etadi. Shu bilan birga, zo‘ravonlik sodir etgan oilalar bilan ishlash instituti ham joriy etilmoqda.

Mavzuga oid