Jahon | 14:21 / 28.02.2024
12761
3 daqiqa o‘qiladi

Navalniyning advokati Vasiliy Dubkov Moskvada qo‘lga olindi

Advokat Dubkov «jamoat tartibini buzish»da ayblanib ushlandi, deb yozadi «Novaya gazeta. Yevropa» va Sota Telegram-kanali manbalarga tayanib.

Foto: Vasiliy Dubkov / Facebook

16 fevral kuni Rossiya koloniyasida vafot etgan muxolifatchi Aleksey Navalniyning advokati Vasiliy Dubkov Moskvada vaqtincha qo‘lga olindi. Bu haqda 27 fevral, seshanba kuni kechqurun «Novaya gazeta. Yevropa» internet nashri va Sota Telegram-kanali manbalarga tayanib, mustaqil ravishda xabar berdi

Qayd etilishicha, Dubkov Aleksey Navalniyning onasi Lyudmila Ivanovna o‘g‘li taqdirini bilmoqchi bo‘lgan va uning jasadini berishni so‘raganida Salexardda hamrohlik qilgan. 

«Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, qo‘lga olishga «jamoat tartibini buzish» sabab bo‘lgan», — deyiladi «Novaya gazeta. Yevropa»ning Telegram’dagi xabarida. Sota ham o‘z manbasiga tayanib shu haqda yozyapti.

Shu bilan birga, «Vajnyye istorii» internet nashri Dubkovni Novaya Moskvadagi Shcherbinskiy politsiya bo‘limiga olib ketishganini aniqladi. 

Advokat 27 fevral kuni kechqurun qo‘yib yuborilgan. Bu haqda uning o‘zi «Verstka» internet nashriga ma’lum qildi. Shu bilan birga, Vasiliy Dubkov hibsga olinishi sababi va sharoitlari haqida izoh bermadi, faqat u buni o‘zining yuridik amaliyotiga to‘sqinlik qilish deb hisoblashini aytdi. 

Aleksey Navalniyning advokatlarini ta’qib qilish 

Aleksey Navalniyning yana uch advokati - Vadim Kobzev, Igor Sergunin va Aleksey Lipser Rossiya rasmiylari tomonidan ekstremistik jamiyatda ishtirok etishda ayblanmoqda. Ular o‘z aybini tan olmayapti. Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, advokatlar tufayli Navalniy nomi oshkor etilmagan ekstremistik tashkilot bilan aloqada bo‘lgan. 

2023 yil 13 oktyabrda Kobzev, Sergunin va Lipser Rossiyada hibsga olingan. Bu advokatlar Navalniyni ekstremistik jamiyatda qatnashganlik ishida himoya qilgan. 2023 yil 16 noyabrda Rosfinmonitoring uchalasini ham ekstremistik faoliyat yoki terrorizmga aloqadorligi to‘g‘risida ma’lumot mavjud bo‘lgan shaxslar va tashkilotlar ro‘yxatiga qo‘shdi. Ularning bank hisoblari bloklangan.

Rossiya hukumati Aleksey Navalniy va Navalniyning shtabi tarmog‘i asos solgan Korrupsiyaga qarshi kurash jamg‘armasiga «ekstremistik tashkilot» maqomini berdi. 

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid