Jahon | 17:31 / 06.03.2024
12611
4 daqiqa o‘qiladi

Hindiston fuqarolari aldov yo‘li bilan urushda Rossiya tomonida turib jang qilishga majburlanayotganini ma’lum qildi

Hindiston tashqi ishlar vazirligi ularni qaytarish uchun ish olib bormoqda.

Foto: Videodan kadr

Hindistonning yetti nafar fuqarosi videomurojaat e’lon qilib, o‘zlarini Ukrainadagi urushda Rossiya tomonida turib jang qilishga majburlashayotgani to‘g‘risida aytib berishdi. Video Hindistondagi NDTV nashri jurnalisti Uma Sudhirning tvitter sahifasida joylashtirilgan.

Videoda gapirganlarning aytishicha, ular Rossiyaga 2023 yil dekabr oyi oxirida sayyohlar sifatida tashrif buyurishgan. Shundan keyin qaysidir turagent go‘yoki ularga Belarusga tashrif buyurishni taklif qilgan va ular rozi bo‘lgan. «Biz buning uchun viza kerakligini bilmagandik. Biz Belarusga borganimizda, agent bizdan pul so‘radi, pulni berdik, keyin yana pul talab qildi. U bizni shossega tashlab ketdi, chunki bizda unga berish uchun boshqa pul qolmagandi», – degan ulardan biri.

Shundan keyin Belarusda ularni politsiya qo‘lga olgan va Rossiya hukumatiga topshirgan, rossiyaliklar esa ularni rus tilidagi hujjatlarni imzolashga majbur qilgan. Hindistonliklar hujjatlar matnini tushunmasa ham unga o‘z imzosini qo‘yishgan.

«Bizni noma’lum joyda taxminan uch-to‘rt kunga qamab qo‘yishdi. Keyin bizni yordamchi, haydovchi va oshpaz sifatida ishga yollash bo‘yicha shartnomalarga qo‘l qo‘yishga majbur qilishdi. Agar hujjatlarga qo‘l qo‘ymasak, 10 yilga qamash bilan tahdid qilishdi. Shartnoma ularning tilida edi, biz uni tushunmasdik, ammo qo‘l qo‘ydik. Bizni o‘quv markaziga yozdirishdi, keyin aldanganimizni tushundik. Ular bizni o‘z armiyasi safiga yozishgandi va mashg‘ulotlar o‘tkazishdi», deydi videodagi hindistonlik.

Shundan keyin, News 18 nashriga ko‘ra, Hindiston fuqarolari 15 kun davomida harbiy tayyorgarlikdan o‘tishgan, keyin esa «urush ketayotgan joy»ga yuborilgan.

«Mashg‘ulotlardan keyin bizni Ukrainaga olib kelishdi, bir qancha do‘stlarimizni oldingi chiziqqa yuborishdi. Endi bizni ham yuborishmoqchi. Biz hech qanday urushga tayyor emasmiz va hatto qurol ushlashni bilmaymiz, ammo bizni Ukrainaga qarshi jang qilishga majburlashmoqchi. Umid qilamizki, Hindiston hukumati bizga yordam beradi», deya qo‘shimcha qilgan murojaatchi.

Videoni tarqatgan jurnalist Sudhirning aytishicha, «ularni istalgan vaqtda harbiy harakatlar hududiga yuborishlari mumkin».

2024 yil fevral oyi oxirida Hindiston tashqi ishlar vazirligi rasmiy vakili Randhir Jaysval OAV uchun brifing chog‘ida Rossiya armiyasiga jalb etilgan 20 nafarga yaqin fuqarosini vatanga qaytarishga harakat qilayotganini ma’lum qilgandi.

«Biz ular muddatidan oldin harbiy xizmatdan bo‘shatilishi uchun barcha ishni qilamiz... Biz shuningdek fuqarolarga harbiy harakatlar hududiga bormaslik va og‘ir ahvolga tushib qolmaslikni tavsiya qilamiz. Biz Rossiya hukumati bilan aloqadamiz va qo‘limizdan kelgan barcha ishni qilyapmiz», degan u.

The Moscow Times nashri yozishicha, ular Rossiyaga sayyohlar sifatida emas, ish izlab kelgan. Nashr ma’lumotiga ko‘ra, Hindiston fuqarolarining ayrimlari Moskvada farrosh bo‘lib ishlash uchun taklif qilingan, ammo ular mamlakatga kelganidan keyin harbiy tayyorlash markaziga olib borilgan.

Mavzuga oid