Jahon | 13:16 / 06.03.2024
3718
3 daqiqa o‘qiladi

Rossiya sudlari 180 ta kompaniyani milliylashtirish bo‘yicha da’volarni ko‘rib chiqmoqda

Milliylashtirilishi rejalashtirilayotgan kompaniyalarning umumiy aktivlari taxminan 1,04 trillion rublni tashkil qiladi. Bu 2023 yil uchun Rossiya yalpi ichki mahsulotining 0,6 foizini tashkil etadi.

Foto: Mikhail Tereshchenko/dpa/TASS/picture alliance

Rossiya Bosh prokuraturasi Ukrainada urush boshlanganidan beri 180 dan ortiq xususiy kompaniyalarni milliylashtirish bo‘yicha rekord darajadagi 40 ta da’vo qo‘zg‘atdi. Bu haqda 5 mart, seshanba kuni chop etilgan «Novaya Gazeta Yevropa» va «Transperensi Interneshl - Rossiya» qo‘shma surishtiruvida aytilgan.

Surishtiruv mualliflari sud qarorlari asosida davlat foydasiga musodara qilinishi rejalashtirilgan kompaniyalarning umumiy aktivlari taxminan 1,04 trillion rublni tashkil etishini aniqladi. Bu 2023 yil uchun Rossiya yalpi ichki mahsulotining 0,6 foizini tashkil qiladi. 

Milliylashtirish bo‘yicha eng ko‘p da’volar harbiy-sanoat kompleksi va mashinasozlik, oziq-ovqat va baliqchilik sanoati korxonalari, shuningdek, portlar, ko‘chmas mulk, qurilish kompaniyalariga tegishli. Surishtiruvchilar ta’kidlashicha, musodara qilishning rasmiy sabablari ko‘pincha mulkka noqonuniy egalik qilish va korrupsiyaga qarshi qonunchilikni buzish, shuningdek, Ukraina qurolli kuchlarini moliyalashtirish bo‘lgan. 

Rossiyada xususiy kompaniyalarni milliylashtirish Ukrainada urush boshlanganidan keyin kuchaydi 

Rossiyaning Ukrainaga keng ko‘lamli harbiy hujumi ortidan da’volar soni keskin oshdi. Shunday qilib, 2020 va 2021 yillarda Rossiya Federatsiyasi Bosh prokuraturasi har yili sudga atigi uch marta murojaat qilgan, 2023 yilda ularning soni deyarli besh baravar ko‘paygan. Buning sababi Rossiya qonunchiligining qat’iylashuvidir. Xususan, 2022 yilda strategik muhim korxonalarda xorijiy ulushlar bilan bitimlar tuzishni taqiqlovchi farmon qabul qilingan bo‘lsa, 2023 yilda do‘st bo‘lmagan davlatlarning kompaniyalari yoki jismoniy shaxslari aktivlari ustidan vaqtinchalik nazorat o‘rnatish imkoniyati to‘g‘risidagi farmon imzolangan, bu ularning milliylashtirilishiga olib keldi.

«Transperensi Interneshl - Rossiya» bosh direktori Ilya Shumanovning so‘zlariga ko‘ra, mudofaa sektorini milliylashtirish davlat tomonidan Ukrainadagi urush uchun ishlaydigan korxonalarni nazorat qilishda zarur. Qurilish kompaniyalari ko‘chmas mulk va yer narxlari, baliq ovlash sohasi baliq ovlash kvotalari va flot tufayli Rossiya hukumati uchun qiziqish uyg‘otadi. 

Bundan tashqari, Shumanovning ta’kidlashicha, Rossiya Federatsiyasidagi milliylashtirish to‘lqini o‘ziga xos xususiyati Federal xavfsizlik xizmati (FSB) unda ishtirok etishidir. Surishtiruv natijalariga ko‘ra, FSB materiallari bir vaqtning o‘zida bir nechta sud jarayonlarida paydo bo‘lgan. 

Mavzuga oid