Jahon | 10:34 / 09.03.2024
8402
3 daqiqa o‘qiladi

OAV: Rossiya rahbariyati Navalniyning o‘limi kunida uning almashinuvini muhokama qilgan

«Agenstvo» manbalariga ko‘ra, Rossiya rahbariyati muxolifatchi siyosatchining o‘limidan bir necha soat oldin biznesmen Roman Abramovich bilan uchrashuv chog‘ida Navalniy almashinuviga og‘zaki rozilik bergan.

Foto: RIA Novosti

Rossiya prezidenti Xarpdagi IK-3da muxolifatchi o‘limidan bir necha soat oldin Aleksey Navalniyning almashinuvini muhokama qilgan. Bu haqda 8 mart, juma kuni nomi oshkor etilmagan manbalarga tayanib, «Agenstvo» internet nashri xabar berdi

«Agenstvo» ikki suhbatdoshiga ko‘ra, Aleksey Navalniyning o‘limi haqidagi rasmiy xabarlar paydo bo‘lishidan taxminan to‘rt soat oldin, u biznesmen Roman Abramovich bilan shaxsiy uchrashuv o‘tkazgan va unda muxolifatchi siyosatchini almashtirishga og‘zaki roziligini bildirgan. 

Surishtiruvlar bilan shug‘ullanuvchi jurnalist Xristo Grozev rozilik tasodifiy emasligiga amin. «Menimcha, bu rejalarni yashirish yoki muzokaralarni deyarli yakunlash uchun qilingan strategik harakat edi. Ular Germaniya prinsipial ravishda Vadim Krasikovdan voz kechishga rozi bo‘lganligi sababli, Navalniy yo‘qligida uni unchalik ahamiyatli bo‘lmagan mahbusga almashtirishga rozi bo‘ladi, deb o‘ylagan», - deydi jurnalist.

Aleksey Navalniyni almashish bo‘yicha muzokaralar

«Agenstvo» manbalariga ko‘ra, Navalniyning almashinuvi bo‘yicha muzokaralar jarayoni 2023 yil bahoridan beri davom etgan. Taxminlarga ko‘ra, muzokaralar davomida Rossiya tomoni G‘arbga nafaqat Aleksey Navalniy, balki The Wall Street Journal jurnalisti Evan Gershkovich, shuningdek, iste’fodagi amerikalik dengiz piyoda askari Pol Uilanni ham topshirishga tayyorligini ma’lum qilgan.

Bunga javoban G‘arb 2019 yilda chechenistonlik sobiq dala qo‘mondoni Zelimxon Xanqoshvilini o‘ldirganlikda ayblanib, umrbod qamoq jazosiga hukm qilingan FSB zobiti Vadim Krasikovni Moskvaga ekstraditsiya qilishi kerak edi. Muzokaralar davomida Krasikovdan tashqari «M13» kompaniyasi asoschisi, AQShda Amerika kompaniyalari kompyuter tarmoqlarini buzish va insayderlik savdosida aybdor deb topilgan Vladislav Klyushin ham tilga olingan bo‘lishi mumkin. 

Navalniyning almashinuvi haqida birinchi xabarlar 

Yamal-Nenets avtonom okrugi bo‘yicha federal jazoni ijro etish xizmati 16 fevral kuni tushdan keyin Aleksey Navalniyning Xarpdagi koloniyada vafot etgani haqida xabar berdi. Uning o‘limi haqidagi xulosada aytilishicha, siyosatchi tabiiy sabablarga ko‘ra vafot etgan. Siyosatchining tarafdorlari uning o‘ldirilganiga ishonyapti. 

Muxolifatchining o‘limi haqidagi xabardan ko‘p o‘tmay, Germaniyaning Bild tabloid gazetasi Rossiya, AQSh va Germaniya go‘yo Navalniyni Krasikovga almashtirish bo‘yicha muzokaralar olib borgani haqida xabar berdi. 

Keyinroq Navalniyning ittifoqchisi Mariya Pevchix almashinuv muzokaralari haqida gapirdi. Uning ta’kidlashicha, Navalniy va ism-sharifi aytilmagan ikki AQSh fuqarosi Vadim Krasikovga almashtirilishi rejalashtirilgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, muzokaralar «yakuniy bosqichda» edi. 

Mavzuga oid