Jahon | 17:42 / 11.03.2024
23248
7 daqiqa o‘qiladi

«Bayrog‘imiz oq emas, ko‘k-sariq» – Rim papasi Ukrainani taslim bo‘lishga undab, tanqidlar ostida qoldi

Katolik cherkovi bosh ruhoniysi, Rim papasi Fransisk navbatdagi mojaro girdobida qoldi. U Ukrainadagi urush haqida gapirib, «mag‘lub tomon mard bo‘lib muzokara o‘tkazishi kerakligi»ni aytgan. Papaning RSI nashriga fevral oyida bergan intervyusi 9 mart kuni e’lon qilina boshlandi.

Foto: Reuters

Shveytsariyadagi nashr jurnalisti papadan «Ukrainada mard bo‘lib oq bayroq ko‘tarish tarafdorlari ham, bu katta kuch sohibiga legitimlikni tortiq qilishga teng deb o‘ylaydiganlar ham topiladi. Bu haqda sizning fikringiz qanday», deb so‘ragan. Papa esa odamlar haqida o‘ylaydigan eng kuchli ekanini aytgan.

«Vaziyatni ko‘rib odamlar haqida o‘ylaydigan, o‘zida qat’iyat topib, oq bayroqni ko‘tarib muzokara o‘tkazadigan odamni kuchli deb bilaman. Bugun xalqaro kuchlar yordamida muzokara o‘tkazishingiz mumkin. Muzokara so‘zining o‘zi mardonavor so‘z. Yutqazayotganing, ishlar sen o‘ylagandek ketmayotganini ko‘ryapsanmi, mard bo‘l-da, muzokara o‘tkaz.

Siz bundan uyalishingiz mumkin, lekin barchasi qancha odam o‘lishi bilan tugaydi? Vaqtida kelishing, o‘rtada turadigan davlatni toping. Masalan, Turkiya vositachi bo‘lishni taklif qilgandi», degan ruhoniy intervyu davomida.

Papa oq bayroq ko‘tarish haqida gapirar ekan, Ukraina so‘zini to‘g‘ridan to‘g‘ri tilga olmagan.

Ukraina tomoni katolik cherkovi rahbarining bu gapiga keskin tanqidiy javob qaytargach, Vatikan matbuot kotibi Matteo Bruni uning so‘zlarini izohlashga majbur bo‘ldi. Uning aytishicha, Papa o‘z javobida «oq bayroq ko‘tarish» iborasini jurnalist savolda ishlatgani uchungina tilga olgan. Shuningdek, Rim papasi Ukraina Rossiyaga taslim bo‘lishi kerak demaganini qo‘shimcha qildi.

Vatikan rasmiy vakili papa intervyu davomida Isroil va Falastin mojarosi haqida gapiraturib, muzokaralar kapitulyatsiya emasligini aniq aytib o‘tganini ta’kidladi.

«Bayrog‘imiz oq emas, ko‘k-sariq»

Kiyevda Rim papasning ushbu gapiga keskin javob qaytarishdi. Ukraina tashqi ishlar vaziri Dmitro Kuleba Vatikanni «tarixiy xatoni takrorlamaslik»ka chaqirdi.

«Aslida yovuzlik va ezgulik kurashayotganda yaxshilik tomonda tura olgan kuchli. Oq bayroq haqida gapiradigan bo‘lsam, bu XX asrning birinchi yarmidagi Vatikan strategiyasi ekanini bilamiz. Shunday ekan, tarixiy xatoni takrorlamay, xalqi o‘z jonini saqlab qolish uchun kurashayotgan Ukrainani qo‘llashga chorlaymiz. Bizning bayrog‘imiz ko‘k-sariq. Biz shu bayroq bilan yashaymiz, o‘lamiz va g‘alaba qozonamiz. Bizda ko‘taradigan boshqa bayroq yo‘q», deb yozdi Kuleba.

Ukraina grek-katolik cherkovi rahbari Svyatoslav Shevchuk Nyu-Yorkdagi ukrain jamoatchiligi vakillari bilan uchrashuv vaqtida «Ukraina yaralangani, ammo bo‘ysundirilmagani»ni aytdi va shu tarzda Rim papasining gapiga javob qaytardi.

«Ishoning, hech kim taslim bo‘lish haqida o‘ylamayapti. Hatto hozir urush bo‘layotgan yerdagilar ham. Xerson, Zaporijjya, Odessa, Xarkiv, Sumida», deb qo‘shimcha qildi Shevchuk.

Ukrainada 5 mln atrofida grek-katoliklar yashaydi. Bu suratda Ukraina grek-katolik cherkovi rahbari Rossiya bilan urushda halok bo‘lganlar xotirasi uchun o‘rnatilgan yodgorlikni ochib bermoqda.
GLOBAL IMAGES UKRAINE VIA GETTY IMAGES

«Virtual vositachi kerak emas»

Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy Rim papasining gaplariga aynan ruhoniyning uslubida – uning nomini tilga olmay javob qaytardi.

«Ukrainada juda ko‘p cherkovlar va uylarning devorlari oqqa bo‘yalgandi. Ular endi ruslarning snaryadlari izlari bilan bejalgan. Va bu tinchlik bo‘lishi uchun aynan kim to‘xtashi kerakligini ko‘rsatib turibdi.

Ukraina armiyasi safida kapellanlar (ruhoniylar) bor. Haqiqiy cherkov mana shu yerda – odamlar orasida, 2,5 ming km uzoqda turib, seni yo‘q qilishga urinayotganlar bilan virtual muzokaraga undayotganlar oldida emas», dedi Zelenskiy.

Papa Fransiskning gaplariga yevropalik siyosatchilar ham munosabat bildirishdi.

«Putinni mardlik qilib o‘z qo‘shinini Ukrainadan olib ketishga chorlasangiz, qanday bo‘larkin? Shunda tinchlik bo‘ladi, hech qanday muzokaralarsiz», deb yozdi Polsha tashqi ishlar vaziri Radoslav Sikorskiy.

«Yakshanba tongida turib shunday bayonot beraman: zulm oldida taslim bo‘lish kerak emas. U bilan kurashib, yengish lozim. Toki zulmkorlar oq bayroq ko‘tarib, taslim bo‘lsin», dedi Latviya prezidenti Edgar Rinkevich.

Birinchi marta emas

Bu Rim papasi Ukrainadagi urush haqida aytgan gaplari uchun birinchi marta tanqidlar girdobida qolishi emas. Qizig‘i, uning gaplarini ikki tomon tanqid qilgan holatlar ham bo‘lgan. 2022 yil noyabrida papa urushda qatnashayotgan buryatlar va chechenlarni «eng shafqatsiz» deb atagandi. Rossiya tashqi ishlar vazirligi rasmiy vakili Mariya Zaxarova papaning bu gapiga munosabat bildirib, «Bu rusofobiyadan ham batdar, bilmadim, balki buzuqlikning yangi darajasidir» degandi.

Rossiyalik katolik yoshlar bilan videoaloqa orqali uchrashuv vaqtida esa papa Rossiyani «Buyuk ona Rossiyaning avlodi» deb atagandi. Ruslar, xususan, Putinning matbuot kotibi Peskov bundan xursand bo‘lgandi. Ammo Ukraina prezidenti ofisi maslahatchisi Mixaylo Podolyak «Rim papasi allaqachon rus propagandachisiga aylanib bo‘lgani»ni aytgandi.

Keyinroq Fransisk katta ehtimol bilan Ukraina maxsus kuchlari tomonidan o‘ldirilgan rossiyalik urush targ‘ibotchisi Darya Duginaning o‘limi haqida fikr bildirib, urush sabab begonoh odamlar o‘layotganini aytgandi. «Moskvada mashinasiga bomba qo‘yib portlatib yuborilgan bechora qiz haqida o‘ylayapman», degandi u. Kiyevda papaning bu gaplari ham tanqid qilingandi.

Mavzuga oid