O‘zbekiston | 19:22 / 12.03.2024
15073
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistondan Hindistonga 1,5 kg oltin olib o‘tishga uringan ikki shaxsga hukm o‘qildi

Namanganda O‘zbekistondan Hindistonga sotish uchun noqonuniy ravishda oltin olib chiqishni rejalashtirgan ikki shaxsga nisbatan sud hukmi o‘qildi. Musodara qilingan 30 dona tillaning og‘irligi 1 kilogramm 516 gramm, qiymati esa 1 milliard 400 million so‘mni tashkil etadi.

Foto: DXX

Jinoyat ishlari bo‘yicha Namangan shahri sudi O‘zbekistondan Hindistonga sotish uchun noqonuniy ravishda oltin olib chiqmoqchi bo‘lgan ikki nafar fuqaroga nisbatan hukm o‘qidi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati matbuot xizmati xabar berdi.

2023 yil 24 iyul kuni DXXning Namangan viloyati hududiy boshqarmasi xodimlari hamda bojxona boshqarmasi xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida Namangan shahridan Toshkent shahriga harakatlanayotgan Cobalt avtomashinasi to‘xtatilib, ko‘zdan kechirilgan.

Namangan shahrida yashovchi 46 yoshli yo‘lovchi K.N.ning yonida yarim tayyor tilla zanjir holatidagi tilla taqinchoq borligi aniqlangan.

Shuningdek, Pop tumani hududida shu yo‘nalishda harakatlanayotgan Lacetti avtomashinasi to‘xtatilib, ko‘zdan kechirilgan. Namangan shahrida yashovchi 33 yoshli yo‘lovchi G‘.O.da 29 dona yarim tayyor zanjir ko‘rinishidagi tilla taqinchoqlar borligi aniqlangan.

Ma’lum bo‘lishicha, G‘.O. notanish shaxslardan juda ko‘p miqdorda quyma tilla sotib olib, zargarlar orqali keyinchalik sotish uchun zanjir yasagan.

O‘z navbatida, K.N. Toshkent aeroportida bojxona nazoratini chetlab o‘tib, tilla taqinchoqlarni sotish uchun Hindistonga olib ketishni rejalashtirgan.

Ekspertiza xulosasiga ko‘ra, 30 dona yarim tayyor tillaning og‘irligi 1 kilogramm 516 gramm, qiymati esa 1 milliard 46 million so‘mni tashkil etgan.

G‘.O. va K.N.ga nisbatan Jinoyat kodeksining 25-moddasi orqali 182-moddasi 2-qismi «a» bandi bilan (Bojxona to‘g‘risidagi qonunchilikni ko‘p miqdorda buzish) jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Jinoyat ishlari bo‘yicha Namangan shahri sudi G‘.O.ni 3 yil, K.N.ni esa 2 yil muddatga ozodlikdan mahrum qildi.

Mavzuga oid