Jahon | 17:27 / 15.03.2024
25057
11 daqiqa o‘qiladi

Rossiyada uch kunlik saylov. Jarayon haqida asosiy ma’lumotlar

Rossiya prezidentlik saylovida ovoz berish start oldi. 15 mart tongida avvaliga sharqiy regionlarda, keyin butun mamlakat bo‘ylab ovoz berish uchastkalari ochildi. Ovoz berish uch kun davom etadi, regionlarning uchdan bir qismida elektron ovoz berish ham mumkin. Saylov yakunlariga ko‘ra Vladimir Putin beshinchi bor prezidentlikka saylanishiga shubha yo‘q. BBC saylovoldi kampaniyasi qanday kechgani va saylov jarayoni haqidagi asosiy ma’lumotlarni keltirdi.

Foto: Anna Yureva / AFP / Scanpix / LETA

Putinda — uch nafar «raqib» bor. Ularning hech birida g‘alaba uchun imkoniyat yo‘q

Bu saylovlarda amaldagi prezident Putin bilan raqobatlashishga faqat uch nafar sparring-hamkorlarga ruxsat berildi. Bular KPRF (Kommunistik partiya) deputati Nikolay Xaritonov, LDPR (liberal-demokratlar partiyasi) rahbari Leonid Slutskiy va «Yangi odamlar» harakati vakili, Duma spikeri o‘rinbosari Vladislav Davankov. Ulardan hech qaysisi Ukrainadagi urushni qoralamaydi va Putinni to‘g‘ridan to‘g‘ri tanqid qilmaydi.

Mustaqil nomzodlar saylovda ishtirok etishiga yo‘l qo‘yilmad — Markaziy saylov komissiyasi ro‘yxatga olish jarayonida Rjyevdan bo‘lgan jurnalist Yekaterina Dunsovaga ham, «Fuqarolik tashabbusi» partiyasidan nomzodini ilgari surgan siyosatchi Boris Nadejdinga ham rad javobini berdi. Ularning ikkisi ham Ukrainaga bosqinni qoralagan va harbiy harakatlarni to‘xtatishga chaqirgandi.

Sezilarli kampaniya olib borgan (shu bilan birga, buni o‘z nomi bilan atamasdan) yagona nomzod Vladimir Putinning o‘zi bo‘ldi. Bu saylovlar uning uchun beshinchisidir. 2020 yilda Davlat dumasi orqali mamlakat Konstitutsiyasi qaytadan yozilgani va prezidentlik muddatlari «nollashtirilgani» tufayli u yana davlat rahbarligi uchun saylanish huquqiga ega bo‘ldi.

Fevral va mart oylarida Putin mamlakat bo‘ylab safarlar qildi, harbiylar, ishchilar, olimlar, agrar soha vakillari hamda yoshlar bilan uchrashuvlar o‘tkazdi. «Saylovlar» so‘zi tilgan olinmagan va saylov uchastkalariga borishga chaqiriqlar yangramagan bo‘lsa-da, amalda bular saylovoldi tadbirlari edi.

Qolgan nomzodlar esa o‘ziga e’tibor jalb etmaslikka harakat qildi. Ovoz berishdagi yagona intriga — ulardan qaysi biri qanday natija bilan ikkinchi o‘rinni olishida.

Saylovchilar huquqini himoya qiluvchi «Golos» harakati saylovlar arafasida chiqargan hisobotda bu safargi kampaniya Rossiya tarixidagi barcha saylovlardagi «eng mazmunsizi» deb baholangan. «Golos» ekspertlari kelgan xulosaga ko‘ra, saylovlarga na federal, na hududiy nashrlar qiziqish bildirgan. Nomzodlar esa «prezidentlik lavozimi va saylovchilar ovozi uchun kurashish istagini ko‘rsatishga ham urinmagan».

Hatto Putinning o‘zining kampaniyasi ham avvalgilari kabi yorqin bo‘lmadi, deya qayd etadi «Golos»: «Mohiyatan, fuqarolar saylov o‘tkazilishi faktini sezmasligi uchun barcha ish qilinmoqda. Asosiy e’tibor — hokimiyatga sadoqtiga shubha bo‘lmagan nazorat ostidagi saylovchilarni ma’muriy yo‘l bilan jalb etishga qaratilgan».

Hukumat, odatdagi kabi budjet ishchilarini safarbar etgan. Asosiy maqsad — davomatni oshirish

«Meduza»ning yozishicha, Kremlning bu saylovlardagi maqsadi — saylovchilarning 70-80 foizi qatnashishiga erishish. Prezident ma’muriyati rejasiga ko‘ra, shundan taxminan 80 foizi Vladimir Putinga ovoz berishi kerak.

Kreml bunday davomat va natijaga erishish uchun an’anaviy usullarga qo‘l urgan — budjet xodimlarini ovoz berishga jalb etish. 

Ushbu prezidentlik kampaniyasidagi asosiy yangilik — masofadan ovoz berish imkoniyati. 29 regionda — ya’ni Rossiyaning uchdan bir qismida — prezidentlik saylovlarida ilk bor elektron ovoz berish (DEG) qo‘llanmoqda. BBC ma’lumotiga ko‘ra, bu hududlarda ma’muriy resurslar odamlarni aynan elektron ovoz berishga majburlashda foydalanildi — ovoz berishning ilk kuni, 15 martdanoq.

Ko‘pchilikdan tizimni sinovdan o‘tkazishda ishtirok etish so‘ralgan. Budjet xodimlaridan bir qismi ish vaqtida saylovda masofadan ishtirok etish uchun ro‘yxatdan o‘tgani haqidagi skrinshotlarni yuborishi talab qilingan.

Hafta boshida MSK 4,5 million kishi elektron ovoz berishda ishtirok etish uchun ariza topshirganini xabar qilgandi. Bu Moskvadagi saylovchilarni o‘z ichiga olmaydi, poytaxtda masofadan ovoz berish uchun alohida ariza yuborilishi shart emas.

Elektron ovoz berish jarayoni mustaqil kuzatuvchilarda savollar tug‘dirgan — chunki bu holatda natijalarni nazorat qilish amalda imkonsiz. 2021 yilda duma uchun saylovlarda aynan elektron ovoz berish natijalari Moskvada bir mandatli okruglardagi vaziyatni tubdan o‘zgartirib yuborib, hukumat tarafdori bo‘lgan nomzodlar g‘alabasini ta’minlagandi.

Davomatni oshirish uchun rasmiylar nafaqat ovoz berishga majburlash, balki boshqa uslublardan ham foydalanmoqda. Moskvadagi va regionlardagi saylovchilarga ovoz berish uchastkalariga kelganlik uchun odatga ko‘ra sovg‘alar va’da qilingan. Poytaxtda masofadan ishtirok uchun do‘konlar va restoranlar uchun promokodlar va’da qilingan. Mariy Elda saylov uchastkasida tushilgan oilaviy foto uchun Ozon uchun sovg‘a sertifikatlar o‘ynaladi. Sverdlovsk oblastida qimmatliroq sovg‘alar o‘ynalmoqda — masalan, smartfonlar va mashinalar.

Saylovlar oldidan ijtimoiy tarmoqlarda odamlar saylovlarga borishga chaqirilgan an’anaviy «virus roliklar» tarqaldi, garchi 2018 yilgi prezidentlik kampaniyasidagi kabi ko‘lamda bo‘lmasa ham.

Bu saylovlardagi alohida syujyet — okkupatsiya qilingan hududlardagi ovoz berish bo‘lmoqda

AFP / Scanpix / LETA

2024 yilda Rossiya prezidenti uchun ilk bor Ukrainaning qisman bosib olingan to‘rt regioni — Zaporijjya, Xerson, Donetsk va Luhansk oblastlarida ham ovoz berilmoqda (anneksiya qilingan Qrimda 2018 yilda ham prezidentlik saylovlari o‘tkazilgandi).

Bu regionlarda ham aholi faollik bilan saylovlarda qatnashishga majburlandi — ovoz berish jarayoni saylovchilar yashovchi hududlardagi harbiy holat sharoitiga moslashtirilgan.

Anneksiya qilingan hududlarda ovoz berish jarayoni muddatidan ilgari boshlangandi. Regionlarda saylov uchastkalari faoliyat ko‘rsatmoqda, ammo rasmiylar aholini uyda turib ovoz berishga chaqirgan. Natijada qurollangan kishilar hamrohligidagi komissiya a’zolari saylov qutilarini ko‘targan holda uyma-uy yurishdi.

Bu hududlarda yashovchilar istalgan hujjat bilan, hatto ukrain pasportlari bilan ham ovoz berishi mumkin.

Bu so‘nggi vaqtlarda okkupatsiya qilingan hududlardagi ikkinchi kampaniyadir — 2023 yil sentabrida bu hududlarda mahalliy saylovlar ham o‘tkazilgandi. G‘arb mamlakatlari bir necha bor Rossiya harbiy tajovuz bilan egallab olgan hududlarda har qanday saylov o‘tkazilishini qoralab chiqqan. Yevroittifoq buni xalqaro huquq va Ukraina suvereniteti buzilishi deb baholagan.

Muxolifat 17 mart kuni tushda aksiya o‘tkazishga tayyorlamoqda

Tizimli bo‘lmagan rus muxolifatining aksariyat vakillari hozirgi kampaniya vaqtida yoki qamoqda yoki xorijga ketishga majbur bo‘lgan. So‘nggi oylarda ular natijalariga shubha bo‘lmagan saylovda qanday harakatlanish kerakligini qizg‘in muhokama qilishdi.

Fevral oyida qamoqxonada vafot etgan Aleksey Navalniyning jamoasi ham o‘z variantini taklif qilgan. Bu muxolifatchilarning tarafdorlari 17 mart kuni soat 12:00 da «Putinga qarshi choshgoh» aksiyasida ishtirok etishini ko‘zda tutadi.

Siyosatchining o‘limi tufayli aksiyaning mohiyatini uning jamoasi vakillari izohlashiga to‘g‘ri keldi. Ular saylovchilarga amaldagi prezidentdan boshqa istalgan nomzodga ovoz berish yoki byulletenlarni yaroqsizga chiqarishni taklif qilishgan.

Moskva prokuraturasi allaqachon bu aksiyada «ekstremistik faoliyat belgilari» borligini ma’lum qilgan.

Saylovlar boshlanishidan bir kun oldin Navalniy jamoasi siyosatchining maktubi bilan rolik e’lon qildi. Unda rossiyaliklarga «kvant fizikasi» yordamida o‘z tanlovini amalga oshirishga yordam beruvchi g‘oya haqida gap ketadi. Yakunda uning tarafdorlari saylov kuni har bir saylovchi uchun tasodifiy tarzda ovoz berish strategiyasini tanlaydigan ilova ishlab chiqishdi.

Taniqli muxolifatchilarning aksari aksiya g‘oyasini qo‘llab-quvvatlashdi. Ammo ulardan biri, siyosatchi Maksim Kats bir necha million kishilik auditoriyasini muayyan nomzodga — «Yangi odamlar» harakatidan nomzodi ko‘rsatilgan Vladislav Davankovga ovoz berishga chaqirdi. Kats bu tanlovini Davankov Rossiya va Ukraina urushida tinchlik tarafdori bo‘lgan yagona nomzod ekani bilan izohlagan. Davankov chindan ham tinchlik haqida gapirgan — lekin bunday tinchlik «Rossiya shartlari» asosida bo‘lishi kerakligini ta’kidlagan. Qolaversa, u Dumada urush bilan bog‘liq qonunlarga — masalan, Ukraina hududlari anneksiyasi to‘g‘risidagi qonunga ovoz bergan. Navalniyning tarafdorlari Katsni bu chiqishi uchun tanqid qilishdi.

Ovoz berish boshlanishidan bir necha kun oldin siyosatchining bevasi Yuliya Navalnaya Washington Post nashridagi kolonkada dunyo yetakchilari Rossiyada mart oyida bo‘lib o‘tayotgan prezidentlik saylovlari natijasini tan olmaslikka chaqirdi. U Vladimir Putinga siyosatchi emas, balki «mafiya boshlig‘i» sifatida qarash kerakligi va uni demokratik yo‘l orqali saylangan siyosatchilar bilan bir qatorga qo‘ymaslik kerakligini ta’kidladi.

Rossiya muxolifati vakillari g‘arblik siyosatchilar bilan muzokaralar olib bormoqda va kamida bir necha davlat Rossiyadagi prezidentlik saylovlari qonuniyligini tan olmasligi haqida rasman e’lon qilishiga umid qilmoqda.

«Biz G‘arb hukumatlari va parlamentlarining sezilarli qismini bo‘lajak saylovlarning noqonuniyligini tan olishga ishontira olamiz, deb umid qilamiz. Yoki, hech bo‘lmaganda qonuniylikni tan olishingizni rasman e’lon qilmang. Hozirda bu borada jiddiy ilgarilash va jiddiy o‘zgarishlar kuzatilmoqda», — deya qayd etgan Xodorkovskiy.

Yevropa kengashi parlament assambleyasi o‘tgan yil oktyabrida «Vladimir Putinning amaldagi prezidentlik muddati yakunlanganidan keyin noqonuniy deb tan olinishi» haqidagi rezolyutsiyani qabul qilgandi.

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid