Jahon | 20:29 / 22.03.2024
20033
18 daqiqa o‘qiladi

AQShdagi saylovlar: Bayden nimaning evaziga Trampni yengmoqchi?

So‘rovnomalar nimani ko‘rsatmasin, tahlilchilar nimaiki deyishmasin, Jo Bayden o‘zini Donald Trampni to‘xtata oladigan yagona odam deb hisoblashda davom etmoqda. The New Yorker nashri AQSh prezidenti haqida katta material tayyorladi.

Bayden jurnalistlarga Rossiyaga qarshi yangi sanksiyalarni so‘zlab bermoqda. Vashington, 2024 yil 20 fevral.
Foto: Chip Somodevilla / Getty Images

5 mart kuni bo‘lib o‘tgan «superseshanba»dan so‘ng 2024 yil noyabrida 81 yoshli Jo Bayden va 77 yoshli Donald Tramp kurash olib borishi borasidagi barcha shubha-gumonlar tarqaldi. The New Yorker jurnali AQShning amaldagi prezidenti o‘zining so‘nggi saylov kampaniyasini qanday olib borayotgani haqida katta maqola e’lon qildi. Baydenning o‘zi va uning maslahatchilari bilan so‘zlashgan jurnalist Evan Osnos shunday xulosaga kelgan: Bayden o‘z g‘alabasiga mutlaqo shubha qilmayapti. Boz ustiga, Trampni o‘zidan boshqa hech kim yenga olmasligiga uning ishonchi komil.

5 mart kuni AQShda «superseshanba» — bir yo‘la 15 ta shtatda praymerizlar bo‘lib o‘tdi. Donald Tramp ularning 14 tasida g‘alaba qozondi va faqat Vermontda Nikki Heyliga mag‘lub bo‘ldi. Ertasi kuni, natijalar e’lon qilingach, Heyli saylov poygasidan chiqishi haqida bayonot berdi, biroq Trampni qo‘llashdan bosh tortdi.

Jo Bayden esa 15 ta shtatning barchasida, ayrimlarida Putin havas qiladigan 90 foiz ovoz to‘plab praymerizda g‘alaba qozondi. Lekin u 44 yil ichida dastlabki ovoz berishda yutqazgan ilk amaldagi prezident ham bo‘ldi. Amerika Samoasida unga bor-yo‘g‘i 91 kishi ovoz bergan.

Demokratlar uchun bosh muammo Bayden ma’muriyatining Isroil va Falastinga nisbatan siyosatidan norozi so‘l aktivistlarning «hammaga qarshi» ovoz berish bo‘yicha chaqiriqlari bo‘ldi. «Superseshanba»da bunday band oltita shtatda o‘tgan saylov byulletenlarida bo‘lgan va uni 6–19 foiz demokratlar tanlagan. Michigandagi 110 ming aholisidan teng yarmi kelib chiqishi arablardan bo‘lgan Dirbron shaharchasida Bayden 40 foiz ovoz to‘pladi, «hammaga qarshi» ovoz esa 56 foizni tashkil etgan. Bu hol ikkilanayotgan bu shtatda Baydenning mag‘lubiyatga uchrashiga olib kelishi mumkin.

Formal jihatdan praymeriz iyun oyi boshlarigacha davom etadi, biroq har ikki nomzod 5 noyabrda o‘tadigan prezidentlik sayloviga diqqatini to‘liq qaratadi.

Tanqidchilar Baydenni prezidentlik muddatida ichki va tashqi krizislar juda ko‘p ro‘y bergan Jimmi Karterga o‘xshatishadi. Partiya ichida Karterdan norozilik shu darajaga yetganki, senator Edvard Kennedi unga praymerizda chaqiruv qilgan. Kennedi yutqazgan, lekin uning ortidan Karter ham respublikachi Ronald Reyganga mag‘lub bo‘lgan.

2024 yilgi saylovlarda obro‘li demokratlardan hech biri amaldagi prezidentga qarshi chiqmadi. Bunga sabab, Baydenning ishini ma’qullash past reytinglarga ega bo‘lgani bilan, saylovlarda boshqa demokratlarga muammo tug‘dirmaydi. Kongressga oraliq saylovlarda prezident partiyasi Vakillar palatasida 26 ta, Senatda 4 ta o‘rnidan ayrildi. Biroq, 2022 yilda «qizil to‘lqin» muqarrarligi to‘g‘risidagi prognozlarga qaramasdan, demokratlar Vakillar palatasida bor-yo‘g‘i 9 ta o‘rin yo‘qotib, Senatda bitta qo‘shimcha o‘ringa, demakki ustun ovozga ega bo‘lishdi. 2023 yilgi hududiy saylovlarda ham demokratlar yaxshi natijalarni ko‘rsatib, qo‘shimcha saylovlarda kutilganidan ham yaxshiroq ishtirok etishdi. The New Yorker jurnalisti bilan suhbatda Baydenning o‘zi ham o‘ziga ishonchni namoyish etgan:

«2020 yil esingizdami, o‘shanda menga yuta olmaysan, degan edilaring? 2022 yilda esa «qizil to‘lqin» qanday bo‘lishi haqida gapirgan edilaring. Men esa hech qanday «qizil to‘lqin» bo‘lmasligini ta’kidlagandim. 2023 yilda yana bizning burnimizni yerga ishqalashlarini ayta boshladilaring. Biz esa ikkilanayotgan shtatlarning barchasida g‘alaba qozondik. Menimcha, 2024 yilda ham xuddi shu narsa bo‘ladi».

Prezidentlikning oraliq yakunlari

Baydenning o‘zi 2020 yilgi prezidentlik saylovi kampaniyasida oraliq prezident bo‘lishi, atrofidagilarga Oq uyda ikki muddat ushlanib qolmasligini va’da qilgandi. Uni bu fikridan qaytishiga mamlakat to‘qnash kelgan ko‘plab krizislar undagan. Bayden boshqaruvi chog‘ida AQSh koronavirus pandemiyasini, so‘nggi yillardagi rekord inflatsiyani va AQSh qo‘shinlarining Afg‘onistondan olib chiqilishini boshdan kechirdi. Aynan so‘nggi voqeadan so‘ng unga bo‘lgan ishonch reytinglari pastga quladi va qaytib 50 foizdan yuqoriga ko‘tarilmadi. 

Lekin uning ma’muriyati bir nechta muhim islohotlarni o‘tkazishga muvaffaq bo‘ldi. Baydenning uch yillik prezidentligi davrida Kongress bir nechta xarajatlar paketini ma’qulladi va ular mamlakatni kovid retsessiyasidan chiqarishga, mamlakat tarixidagi eng yirik infratuzilmaga investitsiyalar kiritilishiga, yarimo‘tkazgichlar ishlab chiqarish va yashil energetika gullab-yashnashiga olib keldi. Bayden davrida demokratlar dori-darmonlar narxini pasaytirishga muvaffaq bo‘lishdi, o‘qotar qurollarni qo‘lga kiritishni cheklovchi islohotni o‘tkazishdi.

Kovid chog‘ida avj olgan jinoyatchilik yana pasaydi: so‘nggi yarim asr ichida jonga va mol-mulkka qarshi jinoyatlar darajasi bu qadar past bo‘lmagan. Inflatsiya 9 foizdan 2 foizga tushirildi va G7 davlatlari ichida eng pasti bo‘lib turibdi. AQSh yalpi ichki mahsulot rivojlangan davlatlar ichida eng tez o‘smoqda. Ko‘plab iqtisodchilarning bostirib kelayotgan retsessiya to‘g‘risidagi prognozlari o‘zini oqlamadi, real retsessiya Amerikada emas, Buyuk Britaniya va Germaniyada bo‘y ko‘rsatdi. S&P 500 fond indeksi rekordlar o‘rnatmoqda, neft qazib olish va tiklanuvchi energiya ishlab chiqarish o‘z cho‘qqisiga yetgan, mamlakatda so‘nggi o‘n yillar ichida ishsizlik darajasi eng past bo‘lib turibdi, tibbiy sug‘urtaga ega amerikaliklar soni esa so‘nggi yillar ichida eng balandi bo‘lib turibdi.

Bir qaraganda, bu raqamlar Baydenga ikkinchi muddatga saylanishi uchun yordam berishi kerakdek, biroq raqamlar amerikaliklar tanasida his qilayotganiga ters kelmoqda. Dekabr oyida o‘tkazilgan so‘rovlarda javob berganlarning uchdan bir qismigina iqtisodiyotda ahvol o‘nglanayotganini qayd etgan, lekin odamlarning qariyb yarmi Baydenning iqtisodiy siyosati ularga zarar yetkazganini ta’kidlagan. Bulardan respublikachilar ustalik bilan foydalanmoqda, biroq iqtisodiy vaziyatga ishonmaslik demokratik partiyaning an’anaviy tarafdorlari — yoshlar, afro va lotin amerikaliklar orasida ham prezident reytingi tushishiga olib keldi. So‘nggi ikki guruh ichida Baydenni qo‘llab-quvvatlash darajasi 25–30 foizga pasaygan.

Qarilik, migratsiya va Baydenning boshqa muammolari

Bayden uchun asosiy muammolardan biri uning yoshi bo‘lib turibdi. 1972 yilda, Senatga saylov arafasida 29 yoshli Bayden 63 yoshli raqibiga qariligini pesh qilib hujum qilgan, endi esa amerikaliklarning 70 foizi 81 yoshli Bayden prezidentlik uchun keksalik qiladi, degan fikrda. Amerikaliklarning faqat 42 foizi 77 yoshli Trampni qari deb hisoblamoqda.

Baydenni o‘rab turgan demokratlar, hattoki xorijlik siyosatchilar ham u detallarga juda diqqat qilishi, qat’iyatli ekani va ko‘p vaqtini ish uchun sarflashini aytib turgan bo‘lsa-da, oddiy amerikaliklar mutlaqo boshqacha hayot tarzini ko‘rishmoqda. Omma oldida prezident imillagan chol qiyofasida namoyon bo‘lmoqda, ba’zan parishonxotirligini ko‘rsatmoqda, gaplaridan adashmoqda, odamlar va voqealarni chalkashtirmoqda. Adolat yuzasidan aytish kerakki, Tramp ham o‘z chiqishlarida ko‘p adashadi, lekin u saylovchilarga jonliroq va dadilroq bo‘lib ko‘rinmoqda.

«U chindan ham ulkan ishlarni amalga oshirdi, biroq kameralar qarshisida o‘zini unchalik ishonchli tuta olmaydi. Nohaq va kuchli bo‘lgan odam, haq bo‘lib turgan kuchsiz ustidan albatta g‘alaba qozonadi», — degan Barak Obama saylov kampaniyasining bosh strategi Devid Akselrod.

Bu obrazni Baydenning uyida maxfiy hujjatlar topilganini surishtirgan maxsus prokuror Robert Hurning hisoboti yanada to‘ldirgan. U Baydenga ayblov e’lon qilmasligini aytgan, chunki sudda jyurilar o‘g‘li qachon o‘lganini ham eslay olmaydigan «parishonxotir chol»ni ko‘rishini ta’kidlagan. Bunga javoban Bayden hissiyotli matbuot anjumani o‘tkazib, «jin ursin, men nima qilayotganimni juda yaxshi bilaman», degan va tadbir so‘ngida Misr va Meksika prezidentlarini adashtirib yuborgan. Bu voqeadan so‘ng hattoki The New York Times sahifalarida Baydenni ikkinchi muddatga saylanmaslikka chorlovchi maqolalar yozilgan.

Prezidentning keksa yoshi so‘nggi yillarda demokratlar saylov koalitsiyasining muhim qismi bo‘lgan yoshlarni cho‘chitmoqda. Bundan tashqari, Bayden ma’muriyatining Isroil va Falastinga bo‘lgan siyosati ham ularni bezdirmoqda. 2023 yil 7 oktyabrida HAMAS Isroilga hujum qilgach, Bayden Isroilni qo‘llab-quvvatlab, Tel-Avivni qurol-yarog‘ va resurslar bilan ta’minlay boshladi.

G‘azodagi tinch aholi o‘rtasida qurbonlar soni osha boshlagach, so‘l aktivistlar Baydenni bu qirg‘in ishtirokchisi va genotsid tashkilotchisi deb atay boshladi. Prezident vaqt o‘tib Binyamin Netanyahu hukumatiga nisbatan tanqidiy pozitsiya egallay boshladi, biroq u hamon Isroilni qo‘llab kelmoqda. Bundan kelib chiqishi arab bo‘lgan amerikaliklar juda norozi. Boz ustiga, Isroilning xatti-harakatlari tufayli Baydenni «uchinchi» partiyalar vakillari: kichik Robert Kennedi, Jill Stayn va Kornell Uest ham tanqid qila boshladi. Ularning barchasi yosh saylovchilarning ovozlarini o‘zlari tomon og‘dirishmoqda.

Baydenning tashqi siyosiy kun tartibining yana bir muhim tarkibiy qismi Rossiyaga qarshi urushda Ukrainani qo‘llab-quvvatlayotgani bo‘lmoqda. Respublikachilar Kongressda yangi harbiy xarajatlar paketi ajratilishini bloklab turishibdi. Buning evaziga konservatorlar Baydendan migratsiya qonunchiligini radikal isloh qilishni talab etishmoqda. 

So‘nggi oylarda migratsiya amerikalik saylovchilarning bosh masalasiga aylangan. Buning sabablari tushunarli: Baydenning uch yillik prezidentligi davrida chegarani noqonuniy kesib o‘tgan rekord darajadagi 6,3 million migrant ushlangan, 2023 yil dekabrida chegaradan noqonuniy o‘tish holatlari soni kuniga 10 mingtaga yetgan. Texas va boshqa konservativ shtatlar bilan ziddiyatga olib kelgan ushbu muammoni yechish uchun Bayden va boshqa demokratlar jiddiy yon berishlarga rozi bo‘lishdi va Senatdagi respublikachilar bilan islohot loyihasini ishlab chiqishdi. Lekin so‘nggi onlarda respublikachilar uni tasdiqlashdan bosh tortishdi: Tramp migratsion krizis davom etishi unga Baydenni samaraliroq tanqid qilish imkoniyatini yaratadi, degan qarorga keldi.

Prezident komandasi nimadan umid qilmoqda?

Aynan Trampning saylovda ishtirok etishga qaror qilgani Baydenga ikkinchi muddatga o‘z nomzodini surish uchun bosh sabab bo‘ldi. Trampning 2020 yilgi saylovlarda yutqazganini tan olishdan bosh tortishi tufayli Bayden Tramp siymosida Amerika ideallariga ekzistensial tahdid ko‘ra boshladi. Demokratiyani himoya qilish uning saylov kampaniyasidagi bosh mavzulardan biriga aylandi. The New Yorker’ning yozishicha, Tramp prezidentlikni shaxsan undan tortib olmoqchi bo‘layotgani Baydenni ayniqsa jahllantirmoqda.

Garchi bir nechta shtatlarda Trampga qarshi 91 ta epizod bo‘yicha jinoiy ayblovlar ilgari surilgan, uning o‘zini saylovlardan olib tashlashga muvaffaqiyatsiz urinishlar bo‘layotgan esa-da, u Baydendan o‘zib ketgandi. Agar prezidentligining ilk yillarida Bayden so‘rovnomalarda yetakchilik qilgan bo‘lsa, 2023 yil avgusti oxiridan 2024 yil fevrali oxirigacha u Trampdan ortda bordi. Faqat mart oyiga kelib Bayden yana oldinga o‘tdi. Prezidentlik saylovi taqdirini hal qiluvchi barcha ikkilanuvchi shtatlarda ham Tramp yetakchi. Saylovchilar sobiq prezidentga iqtisodiyot va migratsiya kabi asosiy mavzularda ishonch bildirishmoqda. Amerikaliklarning 51 foizi Trampni ruhan va jismonan sog‘lom deb bilishadi, Baydenda bu borada ko‘rsatkich 32 foiz. Ayni paytda Baydenning ish olib borishini ma’qullash reytingi o‘rtacha 37 foizga teng, birinchi muddatning so‘nggi yilida bu borada 50 foizdan kam ko‘rsatkichga ega bo‘lgan prezidentlar qayta saylovlarni juda kam yutishgan.

Baydenning atrofidagilar so‘rovnomalarga ko‘p ham tayanmaslik, ular yillar osha reallikdan uzoqlashib ketganini ta’kidlashmoqda: «So‘rovnomalar sinib bo‘lgan. Siz kimgadir qanday qo‘ng‘iroq qilinishini ham bilmaysiz».

Ular saylov kuni yaqinlashgani sayin saylovchilar Trampning gap-so‘zlariga diqqatliroq bo‘lishidan va bu respublikachilardan uzoqlashishga olib kelishidan umid qilishmoqda. Tanqidchilar demokratlar saylov kampaniyasini narrativlarni nazorat qilish uchun yanada agressivroq o‘tkazishi kerak, deb hisoblayotgan bir paytda Bayden shtabi uning omma oldida chiqishlari sonini minimallashtirish kerak, degan fikrda.

Prezident omma oldida juda kam ko‘rinish beradi va Ronald Reygan davridan buyon eng kam intervyu bergan va matbuot anjumani o‘tkazgan prezident bo‘lib turibdi. U ikkinchi yildirki, amerikacha futbol bo‘yicha final — juda ommaviy Superboul chog‘idagi praym-taymda intervyu berishdan bosh tortmoqda. Bu strategiyaning ham o‘z mantig‘i bor: Bayden omma oldida qanchalik kam chiqish qilsa, uning obraziga dog‘ bo‘lib tushishi mumkin bo‘lgan xatolarga shunchalik kam yo‘l qo‘yadi. Lekin o‘z nomzodini ommadan yashirib prezidentlik saylovi kampaniyasi o‘tkazib ham bo‘lmaydi-da.

Baydenning maslahatchilari noyabr oyiga borib inflatsiya va Yaqin Sharqdagi mojarolar kabi ko‘p narsalar esdan chiqadi, yoshlar va ayollarni reproduktiv erkinliklar uchun kurash atrofida jipslashtirish mumkin, deb umid qilishmoqda. Oliy sud tomonidan abort uchun federal huquq bekor qilingach, 21 ta shtat homiladorlikni to‘xtatishni to‘liq taqiqlashgacha bo‘lgan turli cheklovlarni joriy etdi. Shundan so‘ng Bayden garchi taqvodor katolik sifatida bu masalani juda kam tilga olgan bo‘lsa-da, ayollar huquqi haqida ko‘p gapira boshladi. Abort huquqi tarafdorlari hattoki chuqur konservativ shtatlarda ham bu mavzuga oid barcha referendumlarda g‘alaba qozonishdi. Noyabrda prezidentlik saylovi bilan bir qatorda, ushbu mavzuda bir necha shtatlarda ovoz berish jarayoni ham bo‘lib o‘tadi.

Biroq Bayden kampaniyasining asosiy umidi — barcha demokratlar, mustaqil saylovchilar va mo‘’tadil respublikachilarni birlashtiruchi Donald Trampga qarshi safarbarlikni uyushtira olish bo‘lib turibdi. Jamoatchilik fikrini o‘rganuvchi tadqiqotchilardan biri aytganidek, «Demokratik koalitsiyadagi bo‘linishni hech narsa Trampchalik berkita olmaydi. U elektoratni safarbar qilish bo‘yicha o‘ziyurar mashinaga aylanib qolgan. U saylovchilarga naqadar yoqmasligini eshitib, ishonch hosil qilish uchun ko‘p vaqtimni sarfladim. Siz Baydenni qo‘llab-quvvatlash uchun koalitsiya tuzishingiz shart emas, shunchaki Trampga qarshi chiqish qilsangiz bas».

Nikki Heyli — konservatorlar ichida Trampga raqiblik qilgan so‘nggi nomzodni ayniqsa mo‘’tadil respublikachilar va mustaqil saylovchilar faol qo‘llab-quvvatlashgan. Saylov poygasidan chiqqanidan so‘ng u Tramp endi ularning qo‘llovi uchun kurashishi kerakligini aytgan. So‘rovlardan biriga ko‘ra, Heyli tarafdorlarining faqat yarmi noyabrda Trampni qo‘llashga tayyor.

Trampga nisbatan ayblov hukmi chiqarilishi ham Baydenga katta yordam berishi mumkin. So‘rovnomalardan biriga ko‘ra, agar saylovchilar Tramp aybdor deb topilganidan xabar topishsa, uni qo‘llab-quvvatlash 4 foizga pasayishi, Baydenniki 3 foizga o‘sishini ko‘rsatgan. Ikkilanuvchi shtatlardagi 53 foiz saylovchilar agar Tramp aybdor deb topilsa unga ovoz berishdan voz kechishini bildirishgan. Biroq bu rejalarga Oliy sud xalaqit berishi mumkin: u Tramp komandasining sobiq prezident mutlaq immunitetga ega ekani to‘g‘risidagi da’vosini ko‘rib chiqishga rozilik bergan. Shu tufayli kamida bitta federal jinoiy ish — 2020 yilda hokimiyatni saqlab qolishga urinish bo‘yicha ayblovlar pauzaga qo‘yilgan. Hattoki sud Trampning yonini olmagan taqdirda ham, qaror chiqarishni cho‘zib yuborsa, jinoyat ishlari bo‘yicha jarayonlar prezidentlik saylovlarigacha tugamasligi mumkin. 

Bayden esa amerikaliklar siyosiy zulmni oqlovchi insonni prezident etib saylamasliklariga ishonchi komil. Boz ustiga, Bayden Tramp yana saylov natijalarini tan olmasligidan ogohlantirmoqda ham: «Menimcha, u g‘alaba qozonish uchun barcha ishni qiladi. Men yana g‘alaba qozonganimdan so‘ng u natijasi qanday tugashidan qat’i nazar, yana bu borada bahslasha boshlaydi». 

Mavzuga oid