Jahon | 13:18 / 25.03.2024
5448
3 daqiqa o‘qiladi

FT: AQSh va Yaponiya harbiy hamkorlik formatini yangilamoqda

AQSh prezidenti Jo Bayden va Yaponiya bosh vaziri Fumio Kishida yaqin orada AQShning Yaponiyadagi harbiy qo‘mondonligini qayta tuzish rejalarini e’lon qiladi, deb yozadi Financial Times. 

Foto: Yuriy Smityuk / TASS

Qo‘shma Shtatlar va Yaponiya 1960 yilda O‘zaro hamkorlik va xavfsizlik shartnomasi imzolangandan beri xavfsizlik sohasidagi o‘zaro ishlardagi eng katta o‘zgarishni rejalashtirmoqda. Bu haqda Financial Times gazetasi 24 mart, yakshanba kuni yozgan hamda bu Vashington va Tokioning birgalikda Xitoyga qarshi muvozanat yaratish istagi fonida sodir bo‘layotganiga ishora qilgan. 

AQSh prezidenti Jo Bayden va Yaponiya bosh vaziri Fumio Kishida operativ rejalashtirish va mashg‘ulotlarni kuchaytirish maqsadida Yaponiyadagi AQSh harbiy qo‘mondonligini qayta tuzish rejalarini e’lon qiladi, deb yozadi gazeta vaziyatdan xabardor besh kishiga tayanib. Jurnalistlarga ko‘ra, tegishli reja 10 aprel kuni Kishidaning Vashingtonga tashrifi chog‘ida e’lon qilinadi. 

Tayvan bo‘yicha inqiroz ehtimoli fonida AQSh-Yaponiya harbiy aloqalarini mustahkamlash 

«Ittifoqchilar Xitoydan tobora kuchayib borayotgan tahdidga qarshi turish uchun o‘zining xavfsizlik aloqalarini mustahkamlashni xohlayapti, bu esa harbiylardan yaqinroq hamkorlik qilishni va yanada uyg‘unroq rejalashtirishni talab qiladi, ayniqsa Tayvandagi mojaro kabi inqiroz holatlarida», deyiladi xabarda. 

Ta’kidlanishicha, Bayden ma’muriyati ko‘rib chiqayotgan modellardan biri AQShning Havayidagi Hind-Tinch okeani qo‘mondonligi tarkibidagi qo‘mondonlikning bir qismi bo‘lgan AQSh Tinch okeani flotiga biriktiriladigan yangi qo‘shma ishchi guruhini yaratishni nazarda tutadi. «To‘rt yulduzli ofitser bo‘lgan flot qo‘mondoni Yaponiyada hozirgidan ko‘ra ko‘proq vaqt o‘tkazadi va bu mamlakatda kuchliroq qo‘llab-quvvatlovchi tuzilmaga ega bo‘ladi. Vaqt o‘tishi bilan AQSh armiyasining turli elementlarini o‘z ichiga olgan ishchi guruh Yaponiyaga ko‘chib o‘tadi», — deb yozadi FT. 

Yaponiya va AQSh mudofaa va tashqi ishlar vazirlari bu rejalarni keyinroq, 2024 yil davomida muhokama qilishi kutilmoqda. Oq uy, Pentagon va Hind-Tinch okeani floti qo‘mondonligi, Yaponiya hukumati jurnalistlarga ushbu mavzu bo‘yicha izoh berishdan bosh tortdi. 

Mavzuga oid