Jahon | 20:14 / 26.03.2024
12978
5 daqiqa o‘qiladi

«Mazlumga aylanayotgan» Tramp. Nyu-York sudi unga 10 kun muhlat berdi

Nyu-York apellyatsiya sudi AQSh sobiq prezidenti Donald Trampga nisbatan belgilangan garov puli miqdorini 464 million dollardan 175 million dollargacha kamaytirdi.

Foto: CNN

Bu garov puli Trampga moliyaviy firibgarlik ishi doirasida belgilangandi. Hech kim Tramp uchun 464 million dollar garov puli berish istagini bildirmadi. Nyu-York apellyatsiya sudi Tramp foydasiga qaror chiqarib, garov puli miqdorini 175 million dollargacha kamaytirdi va to‘lovni amalga oshirish uchun qo‘shimcha 10 kun vaqt berdi.

Tramp va o‘g‘illari sud tomonidan kredit, sug‘urtalar uchun yaxshiroq imkoniyatga ega bo‘lish maqsadida o‘z ko‘chmas mulklari narxini sun’iy oshirishda aybdor deb topilgandi. Oqibatda fevral oyida sobiq prezidentga qo‘shimcha foizlari bilan 355 million dollar jarima belgilangandi. Uning o‘g‘illariga esa 4 million dollar va qo‘shimcha foizlar ko‘rinishida jarima belgilangan.

Tramp uchun nomus masalasi

CNN'ning yozishicha, «sudlardan boshi chiqmay qolgan» Tramp uchun ayni mana shu ish o‘zgacha hisoblanadi. Chunki Tramp aynan o‘z biznes imperiyasi sabab favqulodda muvaffaqiyatli inson sifatida nom qozongan. 2016 yildagi saylovlarda g‘olib bo‘lishiga esa bu imij katta hissa qo‘shgan.

Yana Oq uy rahbarligiga intilayotgan Tramp uchun garov pulini belgilangan muddatda to‘lay olmasligi uyatli holat bo‘lardi. Ya’ni bu Trampning imijiga ta’sir qiladigan masala. Tramp qisqartirilgan miqdordagi garov pulini «bir amallab to‘lashi»ni aytgan.

CNN maqolasida e’tibor qaratilishicha, Nyu-York sudi qaroridan keyin demokratlarning ham «yelkasidan tog‘ ag‘darilgan». Chunki respublikachi Trampning mulklari musodara qilinishi demokrat Bayden ma’muriyatiga nisbatan negativni kuchaytirgan bo‘lardi.

Bu ish Tramp boyligini qanday ishlab topgan o‘zi degan savolni o‘rtaga tashlayotgan bo‘lsa-da, umuman olganda, respublikachilar nomzodi foydasiga ishlashi mumkin. Chunki unga qarshi ko‘zg‘atilgan sud ishlari va boshqa yuridik muammolar foyda berganini respublikachilar praymerizlarida ko‘rindi.

Ushbu sud ishi Trampning prezidentlikkacha tuzgan biznesiga qaratilgan bo‘lsa-da, unga allaqachon tadbirkor sifatida emas, amalda o‘n yillardan buyon respublikachilar partiyasining amaldagi rahbari deb qarashmoqda.

Bir so‘z bilan aytganda, Tramp hozir saylovchilar uchun demokrat prokurorlar va siyosiy elita hujumiga uchrayotgan mazlum. Saylovchilarda hukumat avval bir nechta ayblov ishlarida Trampning erkinligini chekladi, endi esa uning biznesiga «yopishmoqda» degan tushuncha paydo bo‘lgan. Ular Nyu-York bosh prokurori, demokrat Letish Jyeymsni odil huquqchi sifatida emas, partiyaga xizmat qiladigan mulozim sifatida qaray boshlashgan.

Associated Press Tramp ustidan ochilgan bu ish o‘zgacha ekaniga, bunaqasi juda kam uchrashiga e’tibor qaratgan. Chunki ishda jabrlanuvchi va aniq zarar ko‘rgan tomon yo‘q. Saylovchilarning «tuslanuvchi tuzum konservatorlarga qarshi tish qayramoqda» degan xulosalari respublikachilar praymerizida yana bir marta o‘zini oqlagani ko‘rindi. Shunday ekan, respublikachilar nomzodini bunday o‘ziga qarshi ishlar doirasidagi reytingi ko‘tarilishi qoniqtirmoqda.

Nyu-York sudi ko‘rayotgan ish doirasida Trampning mashhur ko‘chmas mulklari musodara qilinishi varianti ham istisno qilinmagach, tarmoqda shahar prokurori Jyeymsni to‘xtatish uchun donor bo‘lish so‘rovlari ko‘paydi. Trampning mulklarini musodara qilishga urinishlari respublikachi saylovchilarda g‘azab, boshqa saylovchilarda esa sobiq prezidentga nisbatan simpatiyani kuchaytiradi.

Ha, umummilliy saylovlar respublikachilar praymerizidan farq qiladi. So‘rovlar respublikachi bo‘lmaganlar Trampga qarshi ayblovlarga jiddiy qarayotganini ko‘rsatgan. Ammo CNN tahliliga ko‘ra, bu galgi saylovlar «bazaviy ko‘rinishda» o‘tishini ham istisno qilib bo‘lmaydi, 2000-yillardan buyon bunaqasi ko‘p uchragan. Bunday saylovlarda yaxshiroq kampaniya o‘tkazib, o‘zining asosiy tarafdorlarini birlashtira olganlar yutadi.

Keti uzilmayotgan sudlar esa Tramp siyosiy bosimga uchramoqda degan qarashni uyg‘otib, uning obro‘si yanada oshishiga xizmat qilishda davom etishi mumkin.

Mavzuga oid