Jahon | 21:20 / 28.03.2024
14311
2 daqiqa o‘qiladi

Qirg‘iziston hukumati eski Tu-154 o‘rniga Airbus A320 samolyotiga ega bo‘ldi 

Qirg‘iziston hukumati 1993 yilda ishlab chiqarilgan 1-raqamli Tu-154M samolyoti o‘rniga 2002 yilgi Airbus A320 samolyotini sotib oldi. 

Airbus A320

Yangi laynerni Bishkekdagi «Manas» xalqaro aeroportida bosh vazir – mamlakat prezidenti ma’muriyati rahbari Oqilbek Japarov kutib oldi. Bu haqda Qirg‘iziston hukumati matbuot xizmati xabarida aytiladi. 

«Xalqimizning qirg‘iz zaminida farovon yashashi haqidagi orzulari ro‘yobga chiqishini istardik. Kechagina mamlakat budjeti hisobidan u yoki bu texnikani sotib olishni xayolimizga ham keltira olmasdik, bugun esa vertolyot va samolyotlar xarid qilyapmiz», dedi Japarov. 

Bosh vazir 2002 yilda ishlab chiqarilgan Airbus A320 samolyoti budjet mablag‘lari hisobidan sotib olinib, Prezident ma’muriyati balansiga o‘tkazilganini ta’kidladi. 

Shu paytgacha Qirg‘iziston hukumati foydalanib kelgan oldingi Tu-154M samolyoti 2006 yilda Rossiya prezidenti Vladimir Putin tomonidan sovg‘a qilingan edi.

Tu-154M

 

Tu-154M aviakompaniyalar tomonidan ishlatiladigan eng qadimgi samolyotlardan biri bo‘lib, 1984 yilda ommaviy ishlab chiqarish boshlangan. 2006 yil yozida Samaradagi «Aviakor» kompaniyasi ushbu samolyotlarni ishlab chiqarishni to‘xtatdi. 

Airbus A320 samolyoti o‘rta va uzoq masofali parvozlar uchun mo‘ljallangan. U ikkita turbo dvigatelga ega. Ushbu samolyotlar 1988 yil aprel oyidan beri ishlab chiqarilmoqda. 

Birinchi raqamli bort — odatda hukumatlar, davlat rahbarlari foydalanadigan samolyotlarning shartli nomi.

Mavzuga oid