Stoltenberg NATOning Ukrainaga ko‘magini kengaytirishga tayyorlanmoqda
NATO bosh kotibi alyansga a’zo davlatlar tashqi ishlar vazirlari yig‘ilishida Ukraina uchun maxsus missiya yaratish masalasini muhokamaga qo‘ymoqchi, deb yozadi jahon agentliklari.
NATO bosh kotibi Yyens Stoltenberg Ukraina uchun maxsus missiyani (NATO Mission Ukraine) tuzishni va alyansning Kiyevga besh yil muddatga 100 milliard yevro miqdorida harbiy yordam ko‘rsatishini kelishishni taklif qilmoqda. Bu haqda dpa va AFP axborot agentliklari 3 aprel, chorshanbaga o‘tar kechasi diplomatik doiralardagi manbalarga tayanib yozgan.
Ta’kidlanishicha, bunday rejalar NATOga a’zo davlatlar tashqi ishlar vazirlarining 3-4 aprel kunlari Bryusselda alyans tashkil etilganining 75 yilligi munosabati bilan bo‘lib o‘tadigan yig‘ilishida muhokama qilinadi. Rossiya hujumiga uchragan mamlakatni qo‘llab-quvvatlashni kengaytirish bo‘yicha yakuniy qaror iyul oyida Vashingtonda bo‘lib o‘tadigan NATO sammitiga qadar kutilmayapti.
NATOning Ukraina missiyasi maqsadlari
Ta’kidlanganidek, agar Ukrainada NATO missiyasi tashkil etilsa, uning asosiy vazifasi Ukraina harbiylarini qurol-yarog‘ bilan ta’minlash va o‘qitishni muvofiqlashtirish bo‘ladi. Ayni paytda Qo‘shma Shtatlar tegishli ishlarni amalga oshirmoqda, shu maqsadda Germaniyaning Ramshtayn aviabazasida yoki Bryusselda muntazam uchrashuvlar tashkil etmoqda. Yens Stoltenbergning g‘oyasi NATO Ukrainani qo‘llab-quvvatlashini umumiy darajaga olib chiqish, uni alohida a’zo mamlakatlardagi siyosiy vaziyatdan mustaqil qilish, ayniqsa Donald Trampning Oq uyga qaytishi ehtimolini hisobga olgan holda muhimdir, deya tushuntiradi dpa. Bu haqda Politico ham yozyapti.
NATO davlatlari tomonidan Ukrainani harbiy qo‘llab-quvvatlash uchun 100 milliard yevro jamg‘arma yaratish istiqboli bo‘yicha ko‘plab savollar qolmoqda. Xususan, alohida davlatlar tomonidan bu maqsad uchun ajratilgan mablag‘lar hisobga olinadimi yoki yo‘qmi, aniqlik mavjud emas.
Germaniya NATOning Ukrainadagi roli ortib borayotganidan xavotirda
NATO vakili Stoltenbergning takliflariga izoh berishdan bosh tortdi va faqat jurnalistlar iltimosiga ko‘ra NATOga a’zo davlatlar tashqi ishlar vazirlarining 3 va 4 aprel kunlari bo‘lib o‘tadigan yig‘ilishida Shimoliy Atlantika alyansining Ukrainani qo‘llab-quvvatlashini qanday kuchaytirishni muhokama qilishini tasdiqladi.
Germaniya hukumati, xususan, federal kansler idorasi NATOning Ukrainadagi rolini kuchaytirish bo‘yicha takliflardan hozircha o‘zini tiyib kelgan. Bu pozitsiya urushni NATO hududiga kengaytirish va Rossiya bilan mojaroning yanada kuchayishi ehtimolidan tashvishlanish orqali izohlanadi.
Mavzuga oid
15:01 / 20.12.2024
Olaf Shols NATO bo‘yicha ittifoqchilarni Ukrainani qo‘llab-quvvatlashga chaqirdi
07:52 / 19.12.2024
NATO Kiyevga harbiy yordamni muvofiqlashtirishni o‘z zimmasiga oldi
21:58 / 16.12.2024
Rossiya mudofaa vaziri armiyani NATO bilan urushga tayyorlashni buyurdi
19:58 / 13.12.2024