Jahon | 20:50 / 03.04.2024
20635
12 daqiqa o‘qiladi

Ukraina dronlari 1300 kilometr masofaga yetib bordi. Bunga qanday erishilgan?

Tataristondagi neft zavodi va talabalar qo‘li bilan kamikadze dronlar tayyorlanadigan erkin iqtisodiy zona zarbaga uchragan. Respublika rahbari Rustam Minnixanov korxonalar rahbarlarini Rossiya havo hujumidan mudofaa kuchlariga ishonib qolmasdan, dronlar hujumidan mustaqil  himoyalanishga chaqirdi.

Foto: Videodan kadr

Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi keng ko‘lamli urush boshlanganidan buyon pilotsiz apparatlar ilk bor Tataristondagi korxonalarga hujum uyushtirdi. 2 aprel tongida «Alabuga» erkin iqtisodiy zonasi matbuot xizmati «NATO uskunlari» bilan jihozlangan ikkita dron erkin iqtisodiy zona yotoqxonasi bo‘ylab zara berganini ma’lum qildi. Ko‘p o‘tmay Tatariston rahbari Rustam Minnixanov aniqlik kiritib, dronlar Yelabuga va Nijnekamskdagi korxonalarga hujum qilganini ma’lum qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, hujum oqibatida jiddiy vayrongarchiliklar yo‘q, korxonalarning texnologik jarayoni buzilmagan. Nijnekamsk shahri meri Ramil Mullin esa shaharda dron mahalliy neftni qayta ishlash zavodiga hujum qilgani, ammo radioelektron kurash vositalari tomonidan to‘xtatib qolingani haqida xabar qildi.

Baza telegram-kanali ma’lumotiga ko‘ra, Nijnekamskda dron «Tatneft» kompaniyasiga tegishli bo‘lgan «Taneko» zavodi qurilmalaridan biriga kelib urilgan. Hujum oqibatlari aks etgan tasvirni o‘rgangan Reuters agentligi yozishicha, dron neftni birlamchi qayta ishlash qurilmasiga kelib urilgan. 
Agentlikning aniqlik kiritishicha, zavodning 17 million tonnadan ortiq yillik ishlab chiqarish quvvatining (kuniga 340 ming barrel) yarmi ushbu qurilma hissasiga to‘g‘ri kelardi.

«Kommersant» manbasi zavod tomon uchgan ikki dronni ko‘rganini aytadi: biri neftni qayta ishlash zavodi hududidagi to‘siqqa urilgan, «parchalangan» va yonib ketgan, ikkinchisi esa «qayergadir qulab tushgan». «Taneko»dagilar hujum yuzasidan xabar bermagan.

Tataristondagi korxonalarga hujum — Ukraina mudofaa vazirligi Bosh razvedka boshqarmasi (GUR) amaliyotidir, deya xabar bergan «RBK-Ukraina» maxsus xizmatlardagi manbasiga tayanib. «Ukrainskaya pravda»ning Ukraina kuchishlatar tuzilmalardagi manbasi Yelabugadagi hujum ortida ukrain harbiy razvedkasi turgani, Nijnekamskdagi neftni qayta ishlash zavodiga hujumni esa razvedka boshqarmasi Ukraina xavfsizlik xizmati bilan hamkorlikda uyushtirganini xabar qilgan. Ukraina hukumati RF hududidagi obektlarga qilingan oldingi hujumlarda bo‘lganidek Tataristonga dronlar hujumini ham rasman izohlamagan.

Kreml rossiyalik harbiylar RF hududlaridagi obektlarga zarbalar xavfini minimallashtirish ustida ish olib borayotganini ma’lum qilgan. «Kiyev rejimi o‘z terrorchilik faoliyatini davom ettirmoqda. Biz va harbiylarimiz birinchi navbatda ushbu tahdidni minimallashtirish hamda keyinchalik uni butunlay yo‘q qilish ustida ishlayapmiz», — degan RF prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov.

Davlat dumasining mudofaa bo‘yicha qo‘mitasi rahbari, o‘zining munozarali bayonotlari bilan tanilgan Andrey Kartapolov RF «Kiyevni egallaganida, dronlarning tiyiqsizligi» barham topishini aytgan.

Hujum oqibatida «Alabuga»da hostel binosi shikastlangan. Jarohatlanganlar soni 14 kishini tashkil etmoqda. Ularning barchasi «Alabuga Politex» kolleji talabalari hisoblanadi, shundan ikki nafari 17 yoshli o‘smirlar. Hujum vaqtida ular yotoqxonada bo‘lishgan. Jabrlanganlardan faqat olti nafari rossiyalik, qolganlari Qirg‘iziston, Shri-Lanka, Zimbabve, Ruanda, Kongo, Keniya, Nigeriya, Janubiy Sudan fuqarolari. Olti nafar jabrlanuvchi shifoxonaga yotqizilgan. 

Hujum oqibatlari aks etgan foto va videolarga ko‘ra, «Alabuga Politex» kollejida o‘quvchilar uchun qurilgan sakkizta yotoqxonadan iborat majmua shikastlangan. Kadrlarda «Geron» kompleksi jiddiy shikastlanganini ko‘rish mumkin — ushbu hostelda kollej talabalari bir kvartirada to‘rt kishi bo‘lib yashashadi.

Shikastlangan yotoqxona RF Ukrainaga hujum qilishda foydalanayotgan kamikadze dronlar yig‘iladigan sexdan 300–400 metr masofada joylashgan, deb qayd etgan «Agenstvo». Ukrainlar droni kelib urilgan joy geolokatsiyasini aniqlagan «Ozodlik radiosi» yozishicha, sex shikastlangan hostel oldidan o‘tgan yo‘lning narigi tomonida joylashgan. Shu bilan birga, «RBK-Ukraina»ning maxsus xizmatlardagi manbasi hujum oqibatida ishlab chiqarish quvvati sezilarli darajada zarar ko‘rganiga ishontirgan. Baza telegram-kanali ukrainlar droni «Alabuga Politex» yotoqxonasiga urilgani aks etgan ikkita videoni e’lon qilgan.

2023 yil yozida «Protokol» nashri va «RZVRT» yutub-kanali «Alabuga» erkin iqtisodiy zonasi hududida Rossiya armiyasi uchun Eron dronlari tarkibiy qismlaridan Shahed tipidagi jangovar dronlarni ommaviy tarzda ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilgani haqidagi surishtiruvni e’lon qilgandi. Surishtiruvning ikkinchi qismida jurnalistlar kamikadze dronlarni yig‘ishga «Alabuga Politex» kolleji talabalari jalb etilganini yozgandi. O‘shanda The Washington Post 2025 yil yoziga qadar «Alabuga» EIZ hdudida olti ming dron ishlab chiqarish rejalashtirilgani haqida xabar qilgan.

Tataristonga hujum qilgan dronlardan biri videoga tushib qolgan. Zarba berish uchun takomillashtirilgan yengil motorli samolyotdan foydalanilgan bo‘lishi mumkin. Bunday versiya «Alabuga»dagi dron kadrlarini tahlil qilib chiqqan «Voyenniy osvedomitel» Z-kanali tomonidan ilgari surilgan. Blog mualliflari hujum uchun Cessna tipidagi samolyot yoki ukrainlar tomonidan ishlab chiqarilgan «Aeroprakt» samolyotidan foydalanilgani, bunda samolyotlar bortidan o‘rindiqlar hamda avionika olib tashlanib, qo‘shimcha yonilg‘i baki o‘rnatilganini taxmin qilgan. «Bu holatda jangovar qism 50–80 kilogrammgacha yetishi mumkin», — deb yozadi «Voyenniy osvedomitel». Harbiy tahlilchilar Kirill Mixaylov va Yan Matveyev ham «Agenstvo» bilan suhbatda hujumda modifikatsiya qilingan yengil samolyotdan foydalanilgani haqidagi taxminlarga qo‘shilgan.

O‘z navbatida Ukraina raqamli transformatsiyalar vaziri Mixaylo Fedorov Tataristonga hujum arafasida Germaniyaning Die Welt gazetasiga bergan intervyusida Ukraina 1000 kilometrdan ortiq masofaga ucha oladigan dron modellarini ishlab chiqqanini aytgandi. SNN ukrain dronlarining Rossiya neftni qayta ishlash zavodlariga hujumi to‘g‘risidagi maqolasida o‘z manbasiga tayanib, uzoq masofaga harakatlanuvchi dronlar borligi tufayli RF qo‘shinlari ichki hududlariga shunday hujumlar uyushtirish imkoni bo‘layotganini yozgan. Ulardan ayrimlarining harakati sun’iy intellekt asosiga quriladi. «Pomexa (dron parvoziga to‘sqinlik uchun tarqatiladigan shovqin) borligida aniq harakatlanishni sun’iy intellekt ta’minlaydi. Har bir samolyot sun’iy yo‘ldosh ma’lumotlari hamda mahalliy hudud to‘g‘risidagi ma’lumotlar bo‘ladigan terminal kompyuterga ega», — deydi telekanalning Ukraina dronlarni rivojlantirish dasturiga aloqador manbasi.

Tatariston rahbari Rustam Minnixanov respublikadagi korxonalar rahbarlarini Rossiya havo hujumidan mudofaa kuchlariga ishonib qolmasdan, dronlar hujumidan mustaqil  himoyalanishga chaqirdi. U energetika bo‘yicha respublika forumida Yelabuga va Nijnekamsk bo‘ylab hujumlarga munosabat bildirgan. «Aftidan, Ramazon vaqtida Alloh bizga belgi bermoqda: uyg‘oning, bolalar, sizni o‘zingizdan boshqa hech kim himoya qilmaydi. <…> Raketalarga qarshi mudofaa ishlashini kutmaslik kerak, u boshqa ishlar bilan mashg‘ul. Biz o‘z kuchimiz bilan hal qilishimiz kerak, har bir korxona, har bir munitsipalitet, har bir shahar», — degan Tatariston rahbari regiondagi korxonalar rahbarlariga qarata. Shu bilan birgalikda, u korxona hujumlarni qanday qaytarishi kerakligiga aniqlik kiritmagan. Minnixanov shuningdek favqulodda xizmatlarni doimo shay turishga, zaxira va brigadalarni tayyorlab qo‘yishga chaqirgan.

«Meduza»ning «Razbor» bo‘limi sharhi

Videoda hujumda qo‘llangan uchish apparati turini aniqlash qiyin. Bu «Aeroprakt» kompaniyasining dronga aylantirilgan A-22 samolyotidan tashqari tashqi ko‘rinishidan UJ-22 rusumli jangovar dronga ham o‘xshab ketadi. Ular Rossiya hududidagi nishonlarga zarba berish uchun ko‘p bor qo‘llangan; ularni ham Ukrainaning «Aeroprakt» kompaniyasi ishlab chiqaradi. A-22ning ham, UJ-22 ning ham uchish masofasi 800 kilometr etib ko‘rsatilgan, ammo dvigatelni o‘zgartirish, apparatni yengillatish, qo‘shimcha yonilg‘i baki o‘rnatish va boshqa modifikatsiyalar orqali bu masofani 1200 kilometr va undan ko‘proqqa yetkazish ham mumkin. Xususan, Rossiya tomonidan qo‘llanayotgan «Geran-2» / «Shahed-136» dronlari 1000 kilometrdan ancha ko‘proq masofaga ucha oladi. «Aeroprakt» texnikani Rossiya ichkarisidagi nishonlarga zarba berish vazifasiga moslashtirish uchun barcha zarur texnologiya va malakaga ega sanaladi. Shundan kelib chiqqan holda, ukrain dronlar yanada uzoqroq masofalarga yetib borishini kutish mumkin.

Bunday pilotsiz apparatlarga qarshi kurashish oson emas: ular pastlab uchganda havo hujumidan mudofaa tizimlarining radarlari yordamida dronlarni aniqlash samara bermasligi mumkin. Bunday dronlardan foydalanadigan raqib radiolokatsion vositalar siyrak joylashgan yo‘nalishni tanlaydi. Ukraina «Geran-2» / «Shahed-136» hujumlariga qarshi kurashish uchun yirik kalibrli pulemyotlar o‘rnatilgan avtomobillardan iborat o‘t ochish mobil guruhlarini tuzgan, ular minglab mobil telefonlar (ularni ehtimoliy hujum yo‘nalishlari bo‘ylab ustunlarga joylashtirishgan)dan yig‘ilgan akustik datchiklar tarmog‘i orqali dushman dronlari parvozlari haqida ma’lumotga ega bo‘lishadi. Datchiklar va ma’lumotlarni avtomatik tahlil qilish tizimi benzin dvigateli shovqini orqali dron harakati yo‘nalishini aniqlaydi, bu esa mobil guruhlarga pastlab uchuvchi dronlarga pistirmalar qo‘yish imkonini beradi.

RF mudofaa vazirligi ham shunday guruhlar tuzishni rejalashtirgan — ular ZU-23-2 zenit qurilmalar bilan qurollanadi. Ular nishonlarni qanday yo‘l bilan olishi haqida xabar berilmagan.

Tataristonga qilingan hujum keng ko‘lamli urush boshidan buyon ukrain dronlarining RF hududiga eng chuqur zarbasi bo‘ldi. «Novaya gazeta» qayd etishicha, hujumga uchragan «Alabuga» EIZ hududi Ukraina bilan chegaradan taxminan 1300 kilometr masofada joylashgan. Bungacha ukrain dronlarining Rossiya hududiga eng chuqur kirib borgan masofasi 2024 yil yanvarida Peterburg neft terminaliga qilingan hujum bo‘lgandi — o‘shanda dron Ukraina chegarasidan 900 kilometr masofaga uchib borgandi. Shundan keyin Ukraina strategik sanoat vaziri Oleksandr Kamishin Peterburgga hujum qilgan dron ukrainlar tomonidan ishlab chiqarilgani va 1250 kilometr masofa bosib o‘tganini aytgandi.

«Agenstvo» Tataristondagi obektlarga hujumni Ukrainada Rossiyaga 1200 kilometr masofada zarbalar berish texnologiyasiga egaligi tasdig‘i deb hisoblaydi. Shu tariqa, Tataristondan tashqari, butun Leningrad oblastii, Kareliyaning bir qismi, Boshqirdiston, Kostroma, Vologda, Kirov va Orenburg oblastlari ham ukrain dronlari yetib borish zonasiga kiradi.

Mavzuga oid