Jahon | 22:08 / 05.04.2024
11998
2 daqiqa o‘qiladi

Nyu-York yaqinida zilzila yuz berdi

Amerikaning Nyu-York shahri, Manhetten hududi g‘arbida 4,8 magnitudali zilzila sodir bo‘ldi, uning kuchi shahar bo‘ylab sezildi. Hozircha qurbonlar va jabrlanganlar haqida ma’lumot berilmadi. 

Foto: Flickr

Shtat gubernatori Keti Xochul ijtimoiy tarmoqda «Davlat idoralari oqibatlar va ehtimoliy zararni baholamoqda», deb yozdi. 

Zilzila Nyu-Yorkdan 64 km g‘arbda joylashgan Nyu-Jyersi shtatining Livan tumanida yuz berdi. AQSh Geologik xizmati (USGS) ma’lumotlariga ko‘ra, 4,8 magnitudali tebranish Nyu-Jyersi shtatidagi Uaytxaus stansiyasidan 7 km shimolda sodir bo‘lgan. Shu bilan birga, intensivlik shkalasi bo‘yicha zilzila VI darajaga yetdi, unga «sariq» xavflilik darajasi berildi. 

ABC xabariga ko‘ra, zilzila kuchi mamlakatning butun shimoli-sharqida «Filadelfiyadan Nyu-Jyersigacha, Nyu-Yorkdan Konnektikutgacha» sezilgan. 

Oq uy matbuot kotibi Karin Jan-Piyer so‘zlariga ko‘ra, AQSh prezidenti Jo Bayden zilzila bilan bog‘liq vaziyatdan xabardor qilingan. Bayden zilzilaning ehtimoliy oqibatlarini kuzatayotgan o‘z jamoasi, shuningdek, federal va mahalliy mulozimlar bilan aloqada bo‘lib turibdi. 

Rossiyaning Nyu-Yorkdagi bosh konsulligi megapolisda sezilgan zilzila tufayli tashrif buyuruvchilarni vaqtincha evakuatsiya qildi. Rossiya bosh konsuli Aleksandr Zaxarov so‘zlariga ko‘ra, hozircha rossiyaliklardan zilzila bo‘yicha hech qanday murojaat kelib tushmagan. 

Shu bilan birga, zilzila paytida BMT Xavfsizlik kengashi Nyu-Yorkdagi qarorgohida o‘tkazilayotgan yig‘ilishni to‘xtatishga majbur bo‘lgan.

Mavzuga oid