Sport | 21:36 / 12.04.2024
8729
2 daqiqa o‘qiladi

Xalqaro biatlon ittifoqining sobiq rahbari qamoq jazosiga hukm qilindi

Uning Rossiya amaldorlaridan muntazam ravishda pora olgani isbotlandi. 

Foto: TASS

Norvegiya sudi Xalqaro biatlon ittifoqi (IBU) sobiq rahbari Anders Bessebergni korrupsiya ishi bo‘yicha uch yilu bir oyga ozodlikdan mahrum qildi. Bu haqda NRK xabar berdi.

78 yoshli Besseberg 2009-2018 yillar davomida Rossiya rasmiylaridan pora olganlikda ayblangan. U o‘nta ayblovdan to‘qqiztasi bo‘yicha aybdor deb topildi.

Xususan, Besseberg qimmatbaho soatlarni pora tariqasida olgan. Shuningdek, uning Rossiya, Avstriya va Chexiyadagi ovchilik sayohatlari xarajatlari rossiyalik amaldorlar tomonidan to‘langan.

Besseberg, shuningdek, Rossiya tomoni ta’minlagan fohishalar xizmatidan foydalangan va IBU televizion huquqlari bilan shug‘ullanuvchi kompaniya hisobidan xizmat mashinasida yurgan.

Sud Bessebergdan olib qo‘yilgan soatlar va 1,4 million Norvegiya kronasini (taxminan 121 ming yevro) musodara qildi.

Besseberg hukm ustidan shikoyat qilishini aytdi.

Anders Besseberg 1993 yildan 2018 yilgacha Xalqaro biatlon ittifoqini boshqargan. U rossiyalik sportchilarning ijobiy doping-testlarini yashirish, shuningdek, musobaqalarning teleko‘rsatuvlarga bo‘lgan huquqlarni taqsimlashda monopoliyaga qarshi qonunlarni buzish va Rossiyaning Tyumen shahrini 2021 yilgi jahon chempionati mezboni sifatida tanlanishi bilan bog‘liq korrupsiya mojarosi tufayli ishdan ketgan edi.

2021 yil yanvar oyida IBU mustaqil komissiyasi Besseberg «deyarli barcha harakatlarida Rossiya manfaatlarini doimiy ravishda ilgari surgani va himoya qilgani» haqida hisobot e’lon qildi.

Mavzuga oid