O‘zbekiston | 12:30 / 08.05.2024
6588
2 daqiqa o‘qiladi

DXX 1,4 kg oltinni noqonuniy olib chiqib ketayotgan shaxslarni qo‘lga oldi

Qonunbuzarlar oltindan yasalgan buyumlarni Qirg‘iziston orqali Turkiya davlatiga olib ketishni rejalashtirgan.

Foto: Videodan kadr

Davlat xavfsizlik xizmatining Andijon viloyati bo‘yicha boshqarmasi xodimlari tomonidan viloyat bojxona boshqarmasini jalb qilgan holda tezkor tadbirlar o‘tkazildi.

Jumladan, Andijon shahri va Andijon tumanida yashovchi 4 nafar shaxs “Do‘stlik” chegara-bojxona posti orqali mamlakatdan Qirg‘izistonga zanjir, tish qolipi hamda lom shaklidagi tilla buyumlarni – kiyimlari ichiga yashirgan holda olib chiqib ketishga uringan vaqtlarida ushlandi.

Ekspertiza xulosasiga ko‘ra, ulardan ashyoviy dalil sifatida olingan, asillik darajasi 997 bo‘lgan oltin buyumlar va qotishmalarning jami vazni 556 grammni, umumiy bahosi 474 mln 256 ming so‘mni tashkil etadi.

Boshqa holatda esa Izboskan tumanida yashovchi ayol “Madaniyat” chegara-bojxona posti orqali Qirg‘izistonga chiqib ketayotgan vaqtida to‘xtatilib, tegishli tartibda shaxsiy ko‘rikdan o‘tkazildi. 

Natijada, unda yo‘lovchi bojxona deklaratsiyasida ko‘rsatilmagan zanjir va lom ko‘rinishidagi, umumiy vazni 568 grammni tashkil etuvchi, asillik darajasi 992 bo‘lgan oltin borligi aniqlanib, ashyoviy dalil sifatida rasmiylashtirib olindi. Ekspertiza xulosasiga ko‘ra, ushbu tilla buyumlar va quymalarning umumiy bahosi 431 mln 894 ming so‘mni tashkil etadi. 

Shuningdek, uning sherigi bo‘lgan – Namangan tumanida yashovchi ayol ham asillik darajasi 992 bo‘lgan, sof og‘irligi 271 grammni tashkil qiluvchi, 249 mln 240 ming so‘mlik zanjir va nostandart quyma tillalarni noqonuniy olib chiqib ketayotgan vaqtida to‘xtatib qolindi.

Aniqlanishicha, qonunbuzarlar oltindan yasalgan buyumlarni Qirg‘iziston orqali Turkiya davlatiga olib ketishni rejalashtirgan.

Hozirda mazkur shaxslarga nisbatan Jinoyat kodeksining 182-moddasi 2-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Mavzuga oid