XVJ aktivlarni deklaratsiyalash va manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risidagi qonunlar qabul qilishni tezlashtirishga chaqirdi
Xalqaro valuta jamg‘armasi missiyasi O‘zbekiston hukumatiga yaqin kelajakda aktivlarni deklaratsiyalash va manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risidagi qonunlar qabul qilishni hamda daromadlarni deklaratsiyalashning samarali tizimini joriy qilishni tezlashtirishni tavsiya qildi.
Xalqaro valuta jamg‘armasi missiyasi O‘zbekiston bilan 2024 yilgi maslahatlashuv yakunlari bo‘yicha bayonotni e’lon qildi. Unda O‘zbekiston hukumati uchun qator tavsiyalar keltirib o‘tilgan.
Pul-kredit va almashuv kursi siyosati
XVJ missiyasiga ko‘ra, pul-kredit siyosatida inflatsiyani pasaytirishga ustuvor ahamiyat berishni davom ettirish lozim. O‘zbekiston Markaziy banki narxlar dinamikasini diqqat bilan kuzatishni davom ettirishi va inflatsiya barqaror pasayish trayektoriyasiga kirgunga qadar qat’iy pul-kredit siyosatini saqlab turishi kerak. Agar energiya narxlarining oshishi bazaviy inflatsiya va inflyatsion kutilmalarga ta’sir qilsa, Markaziy bank asosiy stavkasini oshirish maqsadga muvofiq hisoblanadi.
Missiya Markaziy bankning pul-kredit siyosati sohasidagi qarorlarini keng jamoatchilikka yetkazish borasidagi sa’y-harakatlarini olqishlaydi, bu esa inflyatsion kutilmalarni yanada jilovlashga yordam beradi.
Xalqaro kuzatuvchilarning qayd etishicha, O‘zbekistonda pul-kredit siyosatining transmissiyasini yanada kuchaytirish bo‘yicha ishlar davom ettirilishi kerak. Muvozanatli pul-kredit siyosatini davom ettirish va Markaziy bankning mustaqilligi yanada oshirilishi iqtisodiyotda dollarizatsiya darajasini pasaytirish va transmission kanallarni mustahkamlashga yordam beradi.
Moliya sektoridagi islohotlarni jadallashtirish, shu jumladan, davlat banklarini xususiylashtirish, direktiv kreditlash hajmlarini qisqartirish va banklararo pul bozor imkoniyatlarini oshirish moliyaviy vositachilikni rivojlantirishga, likvidlikning tarkibiy profitsitini kamaytirishga va mahalliy kapital bozorini rivojlantirishga yordam beradi. Valuta kursining moslashuvchanligi yanada oshirilishi shoklar ta’sirini kamaytirishga va zaxiralarni barqaror saqlashga yordam beradi.
Tarkibiy islohotlar
Bayonotda mamlakat rahbariyati tomonidan tarkibiy islohotlarning ustuvor yo‘nalishlari to‘g‘ri belgilangani, davlatning iqtisodiyotdagi ulushini bosqichma-bosqich kamaytirish va o‘sib borayotgan aholi uchun ish o‘rinlarini yaratishga qaratilgani qayd etilgan.
«So‘nggi yillarda iqtisodiyotni liberallashtirish sohasida sezilarli yutuqlarga erishildi. Xususan, energiya tariflarini isloh qilish to‘g‘risidagi yangi qaror energiyadan yanada samarali foydalanishni rag‘batlantirish, qo‘shimcha investitsiyalarni jalb qilish, energiya ta’minotini yaxshilash va davlat moliyasini mustahkamlashga xizmat qiladi. Ushbu jarayonni davom ettirish kerak», – deya ta’kidlagan xalqaro ekspertlar.
Xalqaro valuta jamg‘armasi mutaxassislariga ko‘ra, tartibga solish va operatsion funksiyalarni ajratish, notijorat maqsadlardan bosqichma-bosqich voz kechish, boshqaruv xodimlarining malakasini oshirish, korxonalarning boshqaruv organlari mustaqilligini kuchaytirish, shuningdek, xalqaro moliyaviy hisobot standartlariga muvofiq davlat korxonalari faoliyatining operatsion va moliyaviy ko‘rsatkichlari bo‘yicha shaffof hisobotlarni tayyorlashga ustuvor ahamiyat bergan holda, davlat korxonalarini isloh qilishni davom ettirish kerak. Bu chora-tadbirlar davlat korxonalarini xususiylashtirishni osonlashtiradi va samaradorlikni sezilarli darajada oshirishga imkon beradi.
«Biznes yuritish muhitini yanada yaxshilash raqobatni rivojlantirish, iqtisodiyotni diversifikatsiya qilish va yangi ish o‘rinlarini yaratish bilan birga inflatsiyani pasaytirishda yordam beradi. Rasmiy organlar Jahon savdo tashkilotiga (JST) a’zo bo‘lish bo‘yicha faol ish olib bormoqda. JSTga a’zo bo‘lish qo‘shni davlatlar bilan savdo aloqalarini mustahkamlash va transport yo‘nalishlarini takomillashtirish bilan birga, O‘zbekiston eksportining o‘sishini ta’minlaydi», – deyiladi bayonotda.
Missiya yaqin kelajakda aktivlarni deklaratsiyalash va manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risidagi qonunlar qabul qilinishini hamda daromadlarni deklaratsiyalashning samarali tizimini joriy qilishni tezlashtirishni tavsiya qilgan.
«O‘zbekistonda axborotdan foydalanish bo‘yicha huquqiy normalarning joriy etilishi va ularga rioya qilish darajasini oshirish zarur. Korrupsiyani aniqlashga qaratilgan sa’y-harakatlarga ko‘maklashish uchun axborot beruvchilarni himoya qilish to‘g‘risidagi qonunning qabul qilinishi va ularning javobgarligi kuchaytirilishi kerak. Hisob palatasi va sud tizimining mustaqilligini oshirish moliyaviy nazoratni kuchaytirishga, shartnomalar bajarilishiga va biznes sharoitlariga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi», – deya qayd etgan Xalqaro valuta jamg‘armasi missiyasi.
Mavzuga oid
17:20 / 17.12.2024
Xitoyda katta miqdorda pora olishda ayblangan partiya mulozimi qatl etildi
15:17 / 17.12.2024
Daromadlar va mol-mulkni deklaratsiyalash joriy etilmagani islohotlar samaradorligiga ta’sir qilyapti - Antikorrupsiya agentligi
10:05 / 13.12.2024
«Manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risida»gi qonunning jamiyat va davlat uchun ahamiyati
12:00 / 11.12.2024