Jahon | 11:52 / 18.05.2024
2931
2 daqiqa o‘qiladi

Ekofaollar Myunxen aeroporti ishini to‘xtatib qo‘ydi

«Oxirgi avlod» harakatining radikal ekologik faollari aeroportga kirib, uchish-qo‘nish yo‘lagidagi harakatni to‘sib qo‘yishdi.

Foto: AP

«Oxirgi avlod» harakatining iqlim faollari 18 may, shanba kuni ertalab Myunxen aeroportiga kirib, uchish-qo‘nish yo‘lagiga joylashib, samolyotlar harakatini to‘sib qo‘yishdi. Xavfsizlik nuqtayi nazaridan aeroport faoliyati vaqtincha to‘xtatilgan, deya xabar beradi dpa.

«Oxirgi avlod» faollari o‘zlarining X ijtimoiy tarmog‘idagi akkauntlarida aksiyadan bir nechta surat va videolarni e’lon qilishdi. Ularda uchish-qo‘nish yo‘lagida politsiya qurshovida o‘tirgan atrof-muhit faollari tasvirlangan. Norozilik havo transporti Germaniyada parnik gazlar tashlamalarining deyarli o‘n foizini tashkil etayotgani, bu esa global isishga hissa qo‘shayotgani tufayli o‘tkazilmoqda. Faollar hukumatni iqlim o‘zgarishiga qarshi kuchliroq choralar ko‘rishga chaqirmoqda. 

Myunxen aeroporti shu dam olish kunlarida 2860 ta reys va 350 000 ga yaqin yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatishni rejalashtirgandi.

2023 yilda atrof-muhit faollari Germaniyaning bir nechta aeroportlarida, masalan, Berlin, Hamburg va Dyusseldorfda shunga o‘xshash aksiyalarni tashkil qilishdi. Myunxenda aeroport blokadasi 2022 yil dekabrida bo‘lib o‘tdi. O‘shanda «Oxirgi avlod» kampaniyasi tufayli bortida shoshilinch bemor bo‘lgan samolyot 20 daqiqalik kechikishdan keyingina Bavariya poytaxti aeroportiga qo‘na oldi. 

Mavzuga oid