“Oqibatlar bilan kurashilyapti” - minimal eksport narxlari e’tirozlarga sabab bo‘lmoqda
Ayrim mahsulotlar eksportida minimal narxlar belgilanib, shu narxdan past eksport qilganlar jazolanadigan bo‘ldi. Kun.uz suhbatlashgan eksportchi tadbirkor va iqtisodchilar buni iqtisodiyotga davlat aralashuvining kuchayishi deb baholadi. SSP raisi minimal narxlar nega kerak bo‘lganiga izoh berdi.
O‘zbekistonda to‘qimachilik, charm-poyabzal mahsulotlari va elektr jihozlariga minimal eksport narxlari joriy etilyapti. Eksportchilar belgilangan minimal eksport narxlaridan past narxda eksport qilsa, jazolanadi. Bu norma 11 may kuni qabul qilingan hukumat qarorida nazarda tutilgan.
Minimal eksport narxlari joriy etiladigan to‘qimachilik, charm-poyabzal va elektrotexnika mahsulotlari ro‘yxati Investitsiyalarni jalb qilish, sanoatni rivojlantirish va savdoni tartibga solish bo‘yicha hukumat komissiyasi tomonidan tasdiqlanadi.
Qarorga ko‘ra, Bojxona qo‘mitasi bu qoidaga amal qilmagan tadbirkorlar haqida 24 soat ichida Soliq qo‘mitasi va Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentini xabardor qiladi, ular esa qonun hujjatlariga muvofiq choralar ko‘rishi shart.
Ayni paytda Kun.uz suhbatlashgan iqtisodchilar va Yevropa bozorlariga to‘qimachilik mahsulotlarini eksport qiladigan tadbirkor narxlarni sun’iy tartibga solish yomon oqibatlarga olib kelishidan xavotirlanmoqda.
“O‘rta va kichik tadbirkorlarning zarariga ishlaydi” — Nargiza Muxtorova, eksportchi tadbirkor
— Narx belgilashda davlatning aralashuvi noto‘g‘ri, chunki bu erkin bozor. Men eksport qiladigan davlatlarda bunaqa narsa ko‘rmaganman. 7 yildan ziyod Turkiyadan eksport qilganman, Bangladeshda ishlaganman, lekin O‘zbekistonda 2 yildan beri eksport bilan shug‘ullanaman. Bunaqa narsa chiqishi ertaga narxlar e’lon qilinganidan keyin qanchalik ta’sir qilishini aytishimiz mumkin. Bu katta fabrikalardan chiqqan taklif bo‘lishi mumkin, lekin o‘rta va kichik tadbirkorlarning zarariga ishlaydi. Erkin bozor, erkin iqtisodiy muhit bo‘lsa, raqobat bo‘lishi tabiiy, davlat tomonidan kontrol qilinishi kerak emas. Tannarx 2 dollarga chiqsa, uni hech kim 1 dollarga sotmaydi-ku. Lekin davlat buni 3 dollarga sotasan, 2 dollarga emas, deb davlat aralashsa, biznes mijoz bazasini yo‘qotishiga olib keladi. Xorijlik hamkorlar bizning bozorni juda yaxshi bilishadi, qaysidir bozordan tovar olishdan oldin bozorni yaxshilab o‘rganishadi. Agar har bitta tovar bo‘yicha minimal narxlar e’lon qilinsa, ularning bizga qiziqishi kamayadi. Katta fabrikalar oyoqda qoladi, o‘rta korxonalarga qiyin bo‘ladi. Chunki hozir hamma klasterlar bo‘lib ketgan, hamma o‘z narxini o‘zi belgilaydigan tendensiya ketyapti.
Davlat o‘z manfaatini himoya qilib, foyda solig‘ini o‘ylab bu tartibni ishlab chiqayotgan bo‘lishi mumkin, buni to‘g‘ri tushunaman. O‘zi ikki xil eksportyor bor, bittasi faqat mijozning brendi uchun ishlab beradi. Masalan, qaysidir davlatdan buyurtma keladi, buyurtmani tikib berib jo‘natadi, ya’ni eksport qiladi. Ikkinchisi, juda kam O‘zbekistonda, o‘zining tovarini o‘z nomi bilan chetda sotadi. Bu ularga ta’sir qiladi. O‘zimning ham Germaniyada firmam bor, o‘zimga o‘zim eksport qilgan paytlarim bo‘ladi. O‘sha paytda narxni o‘zim belgilayman, zararimga belgilamayman-ku. Germaniyada foyda solig‘i 40 foiz. Bu narsalar o‘ylanadi.
Qonun ishlab chiqilayotgan paytda faqat eksportyor firmalarga nisbatan faqat O‘zbekiston nuqtayi nazaridan emas, qaysi davlatlarga eksport bo‘layotgan bo‘lsa, o‘sha davlatlarning qoidalaridan kelib chiqish kerak. Bu tartib mijozlarga qanday ta’sir qiladi-yu, ertaga bizning bozorimizga, ishlab chiqaruvchilarimizga qanaqa ta’sir qiladi, o‘ylash kerak.
“Sabablar bilan emas, oqibatlar bilan kurashyapmiz” — Otabek Bakirov, iqtisodchi
— Qarorda bu tartib eksport tushumini yashirishga qarshi chora sifatida talqin qilinyapti. Ya’ni yana oqibatlar bilan kurashilyapti. Tadbirkorlar ekportini yashiryapti deb o‘ylashyapti. Har holda qarorda shunday tezislar bor. Biz buning sabablarini o‘rgandikmi, nima uchun eksportchilar islohotlarning 7-yiliga kelganda eksportini yashirishga urinyapti, nima bilan bog‘liq bu? Qonunchilik bilan bog‘liqmi? O‘zaro hisob-kitoblar bilan bog‘liqmi? Ko‘p holatlarda eksportchilar yangi bozorlarni kashf etish uchun o‘ziga o‘zi eksport qiladi. Balki shu bilan bog‘liqdir. Biz eksport tushumini yashirishning sabablari bilan kurashish o‘rniga, oqibatlar bilan kurashishga o‘tyapmiz.
Qaror loyihasi muallifi – Savdo-sanoat palatasi
Kun.uz'ga ayni masalada intervyu bergan palata raisi Davron Vahobovning aytishicha, eksportchilar berilgan imtiyozlarga qaramay, mahsulotlarning narxini past ko‘rsatib, eksport tushumini yashirishga urinib kelmoqda. Shu sababli minimal eksport narxlarini belgilashga ehtiyoj tug‘ilgan.
“Charm-poyabzal, elektrotexnika yoki to‘qimachilik mahsulotlari qanday qilib ichki bozordagi narxlardan 5 barobar arzon bo‘lishi mumkin? O‘rgandikki, charm-poyabzal oyoq kiyimi 8 ming so‘mdan 12 ming so‘mgacha bojxona chegarasidan o‘tyapti. Bu salbiy taraflari nimada deydigan bo‘lsak, bugungi kunda eksportyor mahsulotni tannarxidan arzon sotishiga hech qanday jarima yo‘q. Sababi davlat tarafidan eksportyorlarga turli imtiyozlar berilgan. Eksportyor o‘zi xohlagan narxida sotadi. Eksportyorga bunday sharoit nimaga berilyapti? U soliq imtiyozlaridan foydalanishi uchun o‘zining shaffof tushumini ko‘rsatishi kerak. Maqsadimiz, MDHga mahsulot eksport qiladigan bo‘lsa, ishlab chiqaruvchi mahsulotini shaffof ko‘rsataman desa, u yerda taklif 30-40 foizga arzon chiqyapti. Natijada o‘zimizning ishlab chiqaruvchilar mahsulotini u yerga olib borib sota olmaydigan holat yuzaga kelyapti. O‘rtadagi bino inshooti yo‘q korxona oyoq kiyimni 5 barobar arzonga sotyapti. Oxirgi sotib oluvchi bundan foydalanib qolayotgani muammoga aylanyapti. Ishlab chiqaruvchi korxonalar ham ishchi o‘rnini ko‘rsatmay, soliqdan qochib arzonga sotishim kerak degan narsaga olib kelyapti.
Jarima yo‘q-ku, 1 dollarlik narsani 20 sent etib ko‘rsatyapmiz, 20 sent hisobraqamiga tushirib, 80 sentni naqd olib kelyapmiz. Muammo nimada? Oldin 180 kun degan qarzga eksport qilish degan narsa bo‘lmagan, 100 foiz oldindan to‘lov tushishi kerak edi, Bu imkoniyatlar berildi, hamma soliq imtiyozlari qo‘llanib, jarima soliqlar bekor qilindi. Tadbirkorlar 20 sentni hsobraqamiga tushirib, 80 sentini naqd olib kelyapti. Muammo bu yerda yo‘q. Rossiyada kurs farqida muammo bor, 1 foizdan 3 foizgacha. Rublda eksport qilsa, 1-3 foiz yo‘qotish ehtimoli bo‘lishi mumkin, yagona muammo shu bo‘lishi mumkin”, – dedi SSP raisi.
Uning qo‘shimcha qilishicha, narxlarni davlat emas, balki sohadagi eng yirik 20 nafar tadbirkorlardan tuzilgan ishchi guruhlar shakllantiradi. Ayni paytda to‘qimachilik, charm sanoati va elektrotexnika sohalaridagi yirik biznes egalaridan iborat ishchi guruhlar tuzilgan.
“Hukumat komissiyasi orqali narxi belgilanadigan mahsulotlarning ro‘yxati shakllantirilyapti, uchta tarmoq bo‘yicha respublikadagi eng ilg‘or, 1 mln dollardan 20 mln dollargacha eksport qilayotgan eksportchilarning o‘zi narxlarni belgilaydi. Bu yerda siz aytgandek, davlat narx belgilayotgan joyi yo‘q. Davlat qonuniy choralarini qilib beryapti, narxlarni tadbirkorlarning o‘zi belgilaydi”, – deydi u.
“Tushumni yashirmoqchi bo‘lgan tadbirkor shunchaki boshqa yo‘l topadi”
Tadbirkor Nargiza Muxtorovaning aytishicha, yirik ishlab chiqaruvchilar hamma tadbirkorlar uchun narx belgilashi to‘g‘ri emas.
“Komissiya a’zolarining ro‘yxatini ko‘rib chiqdim, ular respublikadagi eng yirik biznes egalari, ularning sharoitlari bilan o‘rta biznesning sharoitlari har xil. Boshqa davlatlarda eksportchi agentliklar bor. Shunaqa narsalar eksport hajmini oshiradi, bizda bunaqa agentliklar paydo bo‘lishiga yo‘l qo‘yilmaydi. Chunki ishlab chiqaruvchi bo‘lmasa, soliqlar ko‘proq olinadi. Nima uchun eksportchi eksport qilyapti-ku, nima farqi bor? Narx belgilashda 20 ta qaysidir korxona butun boshli 20 mingdan ziyod ishlab chiqarish korxonalari uchun narx belgilashi noto‘g‘ri deb hisoblayman”, – deydi Nargiza Muxtorova.
Iqtisodchilar esa narxlarni kimdir belgilab berishi oqibatida yashirin iqtisodiyot va korrupsiyaga zamin yaratilishidan xavotir bildirdi.
“Eksportchilar rostdan ham tushumlarni yashiryapti deb hisoblanilsa, ular baribir bu yo‘ldan qaytmaydi. Endi boshqa yo‘lga o‘tadi. Endi u massada yoki hajmda manipulyatsiyaga o‘tishga harakat qiladi. Yoki bojxona organlari bilan korrupsion xarajatga kirishishga harakat qiladi. U eksport tushumining bir qismini O‘zbekistondan olib chiqib ketish harakatida ekan, boshqa eksport shartnomalar bilan xizmatlar ko‘rsatishga oid boshqa import shartnomalar bilan mablag‘larni chetga olib chiqib ketishga harakat qiladi. Motivlarni himoya qila oladigan argumentlarni ko‘rmayapman”, – deydi Otabek Bakirov.
Iqtisodchining fikricha, agar narxlarni belgilash masalasi kun tartibiga qo‘yilsa, bu jarayon shaffof bo‘lishi kerak.
“Biz qarorda hali narxlar ilovasini ko‘rmadik. Hech bo‘lmasa tadbirkorlar bilan uchrashish kerak. Faqat tanlangan tadbirkorlar bilan emas.
Yaqinda minimal narxlarni meva va sabzavotlarga belgilashdi va buni tavsiya etiladigan narx deb e’lon qilishdi. Jazo yo‘q, tavsiyaviy narx deyishgan edi, 15 kun o‘tgani yo‘q, bu tavsiya etiladigan narxlar minimal narxlarga aylanib qoldi. Bugungi minimal narxlarga qarayapman, bu yil dehqonlar piyoz ekib xonavayron bo‘ldi. Piyozning eksport narxi 18 sent etib belgilanyapti. Siz bilasizmi dalaning boshida tadbirkorlar piyozni 300-400 so‘mdan sotyapti. Qo‘yliqda ham 18 sentga piyoz sotilmayapti. Bittagina misol bu. Ertaga mato bo‘yicha, tayyor mahsulot bo‘yicha istalgan narx qo‘yilmasligiga kim kafolat beradi? Tadbirkor 1,5 dollardan emas, 1,45 dollardan mahsulot eksport qilsa, borib o‘zining tuya emasligini isbotlashi kerak. Umuman tekstil nimaligini bilmaydigan odamlarga isbotlashi kerak”, – deydi u.
Iqtisodchi Zokir Usmonovning fikricha, qaysidir tashkilotlarga jazolash yoki cheklash vakolatlarini berish savdo qoidalariga to‘g‘ri kelmaydi. Bu muayyan muammolarni keltirib chiqaradi.
“Bozor iqtisodiyotining o‘z qoidalari bor, bunga davlat aralashuvi yomon oqibatlarga olib keladi. Elektrotexnika mahsulotlari murakkab mahsulotlar bo‘lgani uchun har kuni narxlar o‘zgarishi qiyin, bir qolipda turadi, boshqa mahsulotlarda esa narxlar tez o‘zgaradi. Lekin bilib bo‘lmaydi, narxlar o‘zgarishiga ta’sir qiladigan omillar yuzaga kelishi mumkin. Vakolat berilishi albatta suiiste’molga olib keladi”, – deydi u.
Bu hujjat prezident huzuridagi jamoatchilik kengashi muhokamasi va Adliya vazirligining ekspertizasidan o‘tkazilmagan. Buni SSP raisi Davron Vahobov quyidagicha izohladi.
“Bu qaror muhokama qilinmagan, bu tadbirkorlarning o‘zining tashabbusi. Mening shaxsan o‘zim tashabbus bilan chiqdim, biz birinchi o‘rinda ishlab chiqaruvchilarni qo‘llab quvvatlashimiz kerak. Sohaning lider tadbirkorlari bilan bu muhokama qilindi. Soha tadbirkorlari kengashda bor”, – dedi u.
Madina Ochilova tayyorladi.
Mavzuga oid
13:52 / 21.12.2024
O‘zbekiston eksportida xususiy sektor ulushi 60 foizga yetkaziladi
12:56 / 19.12.2024
AQSh O‘zbekiston za’faroni eksporti uchun berilgan ruxsatnoma muddatini uzaytirdi
20:50 / 17.12.2024
O‘zbekistonning 18 tonna zararli pomidori Rossiya bozoriga kiritilmadi
18:11 / 12.12.2024