09:10 / 21.05.2024
3238

Isroil XJSning Netanyahuni hibsga olishga order berish haqidagi talabini tanqid qildi

XJS bosh prokurorining Netanyahuni hibsga olish uchun order berish haqidagi so‘rovi Isroilda «ma’naviy ko‘rlik» va «tarixiy sharmandalik» deb atalgan.

Foto: Reuters

Isroil hukumati Xalqaro jinoiy sud bosh prokurorining bosh vazir Binyamin Netanyahu va mudofaa vaziri Yoav Galantni hibsga olish uchun order berish haqidagi iltimosini «tarixiy sharmandalik» deb hisoblamoqda. Bu haqda 20 may, dushanba kuni mamlakat tashqi ishlar vaziri Israel Kats ma’lum qildi. Netanyahuning o‘zi prokurorning so‘rovini «mojaroli» deb atadi va «Likud» fraksiyasi yig‘ilishida «bu meni ham, bizni ham to‘xtata olmaydi», deb ta’kidladi. 

TIV rahbari aytishicha, Isroil XJS prokurorining order olishga urinishlariga qarshi kurashish uchun maxsus qo‘mita tuzadi, shuningdek, unga qarshi diplomatik choralar ko‘radi. Kats «dunyoning yetakchi davlatlari tashqi ishlar vazirlari bilan prokuror qaroriga qarshi turishlari uchun gaplashishni» rejalashtirmoqda, deb xabar beradi AFP. 

Isroil prezidenti Itsxak Gersog prokurorning iltimosini «xalqaro sud tizimi qulash xavfi borligiga» misol deb atadi. «Bu butun dunyo bo‘ylab bir tomonlama siyosiy harakatdir», dedi u. «Ular va demokratik yo‘l bilan saylangan Isroil hukumati o‘rtasida o‘xshashlik o‘rnatishga qaratilgan har qanday urinish g‘ayritabiiy va hech kim tomonidan qabul qilinishi mumkin emas», dedi Isroil davlati rahbari. Mamlakat harbiy vazirlar mahkamasi vaziri Beni Gans Xalqaro jinoiy sud prokurori so‘rovini «tarixiy jinoyat» va «ma’naviy ko‘rlik» deb atadi, deb yozadi AFP. 

Isroil parlamenti spikeri Amir Ohana Knesset majlisining ochilishida «Haagadagi Xalqaro jinoiy sud dunyoga uning noqonuniy ekanligini isbotladi», dedi. «Bosqinchi va himoyachini, inson huquqlarini hurmat qiladigan demokratiyani va uni yo‘q qilishga intilayotgan tashkilotni ajrata olmaydigan institut insoniyat uchun xavf tug‘diradi», deya Ohana so‘zlaridan iqtibos keltirgan The Times of Israel nashri. 

HAMAS ham norozilik bildirdi

Ayni paytda, HAMAS guruhi ham XJS prokurorining talabidan noroziligini bildirdi. «HAMAS harakati Xalqaro jinoiy sud prokurorining Falastin bir qator qarshilik ko‘rsatuvchi yetakchilarini hibsga olish uchun order berish orqali jabrlanuvchini jallodga tenglashtirishga urinishlarini keskin qoralaydi», - deya HAMAS bayonotidan iqtibos keltiradi The Times of Israel. 

XJS prokurori Netanyahu va HAMAS yetakchilarini hibsga olish uchun order so‘ramoqda 

Avvalroq Xalqaro jinoiy sud (XJS) bosh prokurori Karim Xon Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu, Isroil mudofaa vaziri Yoav Galant va HAMASning uch yetakchisi: Yahyo Sinvar, Muxammad Al-Masriy hamda Ismoil Haniyani hibsga olish uchun order berishni talab qilgan edi.

Prokuror bayonotida isroillik siyosatchilar va HAMAS yetakchilari urush jinoyatlari va insoniyatga qarshi jinoyatlar uchun javobgar ekanligi ta’kidlangan. 

Isroil-Falastin mojarosi

7 oktyabr kuni ertalab HAMASning harbiy qanoti - «Izzaddin al-Qassam brigadalari» Isroilga qarshi «Al-Aqso to‘foni» operatsiyasi boshlanganini e’lon qildi. G‘azo sektoridan Isroil tomon minglab raketalar otildi, qurolli guruhlar Isroil aholi punktlariga kirdi. HAMASning bildirishicha, operatsiya bosib olingan Sharqiy Quddusdagi Al-Aqso masjidiga bostirib kirish va isroillik muhojirlarning falastinliklarga nisbatan zo‘ravonligi kuchayib borayotganiga javoban amalga oshirilgan. Bunga javoban Isroil armiyasi G‘azo sektorida HAMASga qarshi o‘nlab qiruvchi samolyotlardan foydalangan holda «Temir qilichlar» operatsiyasi boshlanganini e’lon qildi.

Isroil-Falastin mojarosi avj olgandan beri 35 mingdan ortiq falastinlik halok bo‘ldi. Isroilda qurbonlar soni 1400 dan oshadi. G‘azoning 2,3 million aholisi Isroilning havodan ommaviy bombardimon qilishi va eksklavning to‘liq blokadasi tufayli oziq-ovqat, suv va dori-darmonlar tanqisligidan aziyat chekmoqda.

Mavzuga oid
Top