Iqtisodiyot | 22:23 / 22.05.2024
15522
4 daqiqa o‘qiladi

Raqobat qo‘mitasi energetika tariflari bo‘yicha qanday takliflar bergan?

Qo‘mitaning pozitsiyasiga ko‘ra, yuridik shaxslarga gaz va elektr uchun oldindan to‘lov 50 foiz bo‘lib o‘zgarishsiz qolishi, qishki mavsumda nafaqat tabiiy gaz, balki elektr energiyasi bo‘yicha ijtimoiy norma ham oshirilishi, ijtimoiy normalar oilaviy korxonalarga nisbatan qo‘llanilmasligi kerak.

Ixlos Rohatov, Raqobat qo‘mitasi bo‘lim mutaxassisi / Foto: Kun.uz

Raqobat va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi 22 may kuni tovar yoki moliya bozorida ustun mavqega ega xo‘jalik yurituvchi sub’yektlar, tabiiy monopoliya sub’yektlari, raqamli platforma operatorlari va boshqa tegishli sohalarda faoliyat olib borayotgan xo‘jalik yurituvchi sub’yektlar hamda davlat idoralari xodimlari uchun konferensiya o‘tkazdi.

Tadbir doirasida Kun.uz'ga intervyu bergan qo‘mitaning Tabiiy monopoliyalarni tartibga solish bo‘limi mutaxassisi Ixlos Rohatov 1 maydan aholi uchun kuchga kirgan yangi energetika tariflari va ijtimoiy norma haqida gapirib, qo‘mita hukumatga o‘z takliflarini berganini ma’lum qildi.

“2020 yildan ijtimoiy norma belgilash masalasi ko‘tarildi. Raqobat qo‘mitasi ijtimoiy normaning fuqarolarga qo‘llanishi, kriteriyalarning belgilanishi borasida o‘zining takliflarini bildirib keldi. Uzoq hududdagi iste’molchilar, suyultirilgan gaz va ko‘mirdan foydalanadigan iste’molchilar bor. Oilaviy tadbirkorlik sub’yektlari, diniy tashkilotlar bor – ijtimoiy norma ularga ham ta’sir qilishini inobatga olib, biz ularning huquqlarini himoya qilish bo‘yicha pozitsiyamizni bildirdik. Qaror qabul qilinganidan keyin ham Vazirlar Mahkamasiga fikrlarimizni taqdim qildik.

Oilaviy korxonalarga [aholi uchun belgilangan] normalarni qo‘llamaslikni taklif qildik. Oilaviy korxonalar bir vaqtning o‘zida uyida elektr, tabiiy gaz, suv (oqova) va issiqlikdan foydalangan taqdirda aholiga begilangan narxlar amal qilishi ko‘zda tutilgan. Yangi normalarning qo‘llanishi ularga ham ta’sir qiladi. Tadbirkorlik rivojlantirish maqsadida oilaviy korxonalarga shu normalarni qo‘llamaslik, shuningdek, elektr va tabiiy gaz uchun yuridik iste’molchilarga oldindan to‘lovni 50 foiz qilib belgilash yuzasidan takliflar kiritganmiz”, – dedi u.

Ma’lumot uchun, 2024 yil 1 iyudan boshlab, yuridik shaxslarga gaz va elektr uchun 100 foiz oldindan to‘lov tizimi qaytariladi

Rohatovning ta’kidlashicha, 2002 yildagi 99-sonli Vazirlar Mahkamasi qarori bilan agar hisobga olish pribori o‘rnatilmagan bo‘lsa, har bir iste’molchi uchun bir oyga norma 46 metr kub etib belgilangan. Qo‘mita bu borada ham taklif bergan.

“Bu norma ertaga iste’molchilarga muammolar keltirib chiqarishi, tabiiy monopol sub’yektlar tomonidan iste’molchilarga qo‘llanishi yuzasidan mavhumlik holatlari yuzaga kelishini inobatga olib, bu normani qayta ko‘rib chiqishni ham tavsiya qildik. 99-sonli VM qarori ilovasida iste’molchilar uchun belgilangan koeffitsiyentlar nazarda tutilgan, hisobga olish pribori bo‘lmagan iste’molchilarda plitasi ikkita bo‘ladigan bo‘lsa, 2 koeffitsiyent qo‘llanishi nazarda tutilgan. O‘sha koeffitsiyentlarni qayta ko‘rib chiqishni ham nazarda tutganmiz. Chunki iste’molchilarga ham koeffitsiyent ham norma qo‘llansa, ularga og‘irlik tushib qolishi mumkin”, – deydi qo‘mita ma’uli.

Rasmiyning aytishicha, hukumat qarori qabul qilingunga qadar, Raqobat qo‘mitasi tomonidan tabiiy gaz va elektr energiyasi bo‘yicha ijtimoiy normalarni iste’molchilar ehtiyojining mavsumiy harakteridan kelib chiqqan holda belgilash borasida takliflar kiritilgan. Xususan, qo‘mita qishki mavsumda elektr energiyasi bo‘yicha normani 500 kWh etib belgilashni so‘ragan.

“Qo‘mita iste’molchilar huquqlarini himoya qilish pozitsiyasida qat’iy qoladi. Biz iste’molchilarga elektr va gaz uzluksiz va sifatli yetkazib berish pozitsiyamizni bildirganmiz.

Gazlashtirilmagan hududlarni suyultirilgan gaz bilan ta’minlash va mazkur hududlarga xususiy sektorni jalb etish yuzasidan Energetika vazirligi va manfaatdor tashkilotlar tomonidan prezident farmoni loyihasi tayyorlangan. Gaz taqsimoti, suyultirilgan gaz taqsimotini xususiy sektorga berish ishlari amalga oshirilyapti”, – dedi Ixlos Rohatov.

Mavzuga oid