Jahon | 08:45 / 24.05.2024
5019
3 daqiqa o‘qiladi

Moskvada «FSIN» bosh boshqarmasi rahbari o‘rinbosari ushlandi

Podpolkovnik Vladimir Talayev Federal jazoni ijro etish xizmatining Moskva viloyati bo‘yicha bosh boshqarmasi moddiy-texnik ta’minoti bo‘limini boshqargan. U katta miqdorda pora olganlikda ayblanmoqda.

Foto: AP

Moskvaning Tver tuman sudi Federal jazoni ijro etish xizmati («FSIN») Moskva viloyati bo‘yicha bosh boshqarmasi boshlig‘ining o‘rinbosari Vladimir Talayevni hibsga oldi. Bu haqda 23 may, payshanba kuni Moskva umumiy yurisdiksiya sudlari matbuot xizmati xabar berdi. Matbuot xizmatining ta’kidlashicha, podpolkovnik Talayev o‘ta katta miqdorda pora olganlikda ayblanmoqda (Rossiya Federatsiyasi Jinoyat kodeksining 290-moddasi 5-qismi). U 7 yildan 12 yilgacha ozodlikdan mahrum etilishi mumkin. Sud tergovchining iltimosini qanoatlantirib, Federal jazoni ijro etish xizmati rahbari o‘rinbosarini 1 oy 29 kunga, 20 iyulga qadar hibsga oldi.

Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, Talayev oldindan kelishuvga ko‘ra baliqlarni ulgurji yetkazib berishga ixtisoslashgan «RZN FUD» kompaniyasi manfaatlarini ko‘zlab ishlayotgan vositachidan pul olgan.

«FSIN» xodimlari va mahbuslarni oziq-ovqat bilan ta’minlangan 

Vladimir Talayev Rossiya Federal jazoni ijro etish xizmatining Moskva viloyatidagi logistika bo‘limini boshqargan, uning vazifalari, jumladan, «FSIN» xodimlari, ayblanuvchilar va mahbuslarni oziq-ovqat bilan ta’minlashdan iborat edi. Talayev tenderlarda, masalan, oq karam sotib olishda aloqador shaxs sifatida tilga olingan. 2023 yil sentabr oyidan beri Talayevning lavozimini boshqa «FSIN» xodimi egallab turibdi, deb ta’kidlaydi RBK.

Rossiyada amaldorlarni pora uchun hibsga olish to‘lqini 

So‘nggi paytlarda yirik miqdorda pora olganlikda gumon qilingan rossiyalik amaldorlarga qarshi bir necha jinoiy ish qo‘zg‘atilgani ma’lum bo‘ldi. Aprel oyi oxirida Rossiya Federatsiyasi Mudofaa vazirining o‘rinbosari Timur Ivanov ushbu modda bo‘yicha, 14 mayda Rossiya Federatsiyasi Mudofaa vazirligi kadrlar bo‘limi boshlig‘i Yuriy Kuznetsov, 23 mayda esa Rossiya Federatsiyasi Bosh shtab boshlig‘ining o‘rinbosari general Vadim Shamarin hibsga olingan.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid