23:10 / 24.05.2024
5548

Netanyahu BMT Xalqaro sudining qaroriga javob tayyorlamoqda

BMT Xalqaro sudi avvalroq Isroil zimmasiga zudlik bilan Rafahga hujumni to‘xtatish, insonparvarlik yuklari kirishiga to‘siqinlik qilmaslik va BMT vakillarining G‘azoga kirishiga izn berish majburiyatini yuklagan edi.

Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu. Foto: Reuters

Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu BMT Xalqaro sudining qaroriga javob tayyorlashni muhokama qilish uchun vazirlar mahkamasini to‘plagan.

Isroil matbuoti xabarlariga ko‘ra, Netanyahu o‘zining hamfikrlari bilan mahalliy vaqt bilan soat 17:00 da ko‘rishgan. Uchrashuvda bugun Xalqaro jinoyat sudi tomonidan e’lon qilingan qarorlarga qanday javob qaytarish muhokama qilinadi.

Janubiy Afrika Respublikasi 10 may kuni Xalqaro sudga murojaat qilib, Isroilning Rafahga hujumlari G‘azo aholisining huquqlariga tiklab bo‘lmas ziyon yetkazayotganini asos qilib keltirgan edi.

16-17 may kunlari da’vo arizasi bo‘yicha eshittiruvlar bo‘lib o‘tib, juma kuni Xalqaro sud bu masalalar bo‘yicha o‘zining yakuniy qarorini e’lon qildi.

O‘zining yangi buyruqlarida Xalqaro sud Isroilga Rafahdagi hujumni zudlik bilan to‘xtatish, insonparvarlik yuklarining o‘tishiga monelik qilmaslik, BMT vakillarini jinoyatlarni surishtirish uchun G‘azoga kiritish majburiyatini yuklagan.

HAMAS harakati BMT Xalqaro sudi qarorini olqishlagan.

“Biz BMT Xalqaro sudining jinoyatkorona sionistik tuzilmadan Rafahga hujum qilishni bas qilish va genotsidga olib borayotgan barcha harakatlarni to‘xtatish to‘g‘risidagi qarorini olqishlaymiz”, — deyiladi harakat bayonotida.

HAMAS harakatiga ko‘ra, sud nafaqat Rafahda, butun G‘azoda falastinliklarga nisbatan agressiya va genotsid to‘xtatilishi to‘g‘risida qaror chiqarishi kerak.

“(G‘azo shimolidagi) Jabaliya va G‘azoning boshqa qismlarida sodir etilayotgan hujumlar Rafahdagidan kam va xavfsiz emas”, — deyilgan bayonotda.

Top