29 mayning asosiy yangiliklari: O‘zbekistonda ro‘y bergan voqealar va hodisalar
Narxi oshishi kutilayotgan avtosug‘urta, she’rdan beruxsat foydalangani uchun sudlangan Avazbek Olimov, AQShda tutqunlikda ushlab turilgan o‘zbekistonlik mehnat muhojirlari - O‘zbekistonda 29 may kuni yuz bergan muhim voqea-hodisalar hamda yangiliklar sharhi bilan tanishtiramiz.
Avtosug‘urta miqdori oshishi mumkin
Sug‘urta kompaniyalarining talablariga ko‘ra, transport vositalari egalarining fuqarolik javobgarligini majburiy sug‘urta qilish tariflari oshishi mumkin.
Bunga 2019 yilda tasdiqlangan 56 ming so‘mlik sug‘urta mukofoti miqdori sug‘urta tashkilotlari uchun zararlarni qoplashga yetarli bo‘lmayotgani sabab sifatida keltirilgan.
Shuningdek, 2019 yildan boshlab barqaror belgilangan 40 mln so‘m sug‘urta summasi yo‘l-transport hodisalarida jabrlanuvchilarga yetkazilgan zararlar bo‘yicha xarajatlarini yetarli darajada qoplashga imkon bermay qolgan.
Istiqbolli loyihalar milliy agentligi xabariga ko‘ra, so‘nggi yillarda sug‘urta tashkilotlari tomonidan sug‘urta tovonlari o‘z vaqtida to‘lanmayotgani hamda to‘lanishi mumkin bo‘lgan maksimal miqdor avtotransportga yetkazilgan zararlarni qoplashga yetarli bo‘lmayotgani yuzasidan shikoyatlar soni ortib boryapti.
Jahon banki statistikasiga asosan, O‘zbekistonda iste’mol narxi indeksi oshgan, mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdori 265 foizga, bazaviy hisoblash miqdori esa 168 foizga o‘sgan. Boz ustiga, respublikamizda belgilangan sug‘urta puli va sug‘urta mukofoti hozirda yaqin qo‘shni davlatlar hamda chet el davlatlari bilan solishtirganda eng kam ko‘rsatkichni tashkil etadi.
Shoira xonandani sudda yutdi
Xonanda Avazbek Olimov sudda yutqazdi. Undan shoira Mahliyo Ahrorova foydasiga 170 mln so‘m undirish belgilandi.
Xonanda qo‘shiqchi shoiraning “Go‘zal yorim” she’rini uning ruxsatisiz yillar davomida “Sevar yorim” nomi ostida kuylab kelgani uchun Fuqarolik ishlari bo‘yicha Uchtepa tumanlararo sudining 24 maydagi hal qiluv qarori bilan da’vogar foydasiga 150 mln so‘m tovon puli va 20 mln so‘m ma’naviy zarar to‘lab beradigan bo‘ldi.
Shuningdek, Avazbek Olimovga “Sevar yorim” qo‘shig‘ini ijro etmaslik majburiyati yuklatilgan.
Shoira Mahliyo Ahrorova “Go‘zal yorim” she’ri 2009 yilda yozilganligi va “So‘zi gavharim” kitobida chop etilganligi, xonanda uni 2015 yildan hozirgi kunga qadar muntazam ravishda nomini o‘zgartirib, turli davralarda ijro etib kelganligini ta’kidlagan.
Amerikaga noqonuniy yo‘l olgan migrantlar
2023 yilning 1 oktyabrdan beri AQShning janubiy chegaralarini noqonuniy kesib o‘tgan qariyb 3 ming nafar o‘zbekistonlik ushlangan.
O‘tgan muddat ichida AQShning janubiy chegaralarini 57 ming 200 noqonuniy migrant kesib o‘tib, Kaliforniya shtatigacha yetib olishga uringan.
Ularning aksariyat qismini xitoylik va hindistonliklar tashkil etadi. Shuningdek, Turkiya, Mavritaniya, Vetnam va Gveniya fuqarolari ham bor. O‘zbekistonliklar son jihatidan yettinchi o‘rinda.
Ma’lumot uchun, 2021-2023 yillar oralig‘ida O‘zbekistonning 13,6 ming nafar fuqarosi AQShga Meksika orqali noqonuniy kirishga uringan. O‘zbekistonlik noqonuniy mehnat muhojirlari asosan «O‘zbekiston – Turkiya/Ispaniya – Boliviya – Kolumbiya – Meksika – AQSh» yo‘nalishi bo‘yicha Amerika Qo‘shma Shtatlariga kirishga harakat qilgan.
AQShning O‘zbekistondagi elchixonasi Meksika orqali noqonuniy kirmoqchi bo‘lgan O‘zbekiston fuqarolari endilikda mamlakatga qo‘yib yuborilmasligi va immigratsiya ishi hal bo‘lgunicha hibsda saqlanishi haqida ogohlantirish bilan chiqqan edi.
Futzal bo‘yicha jahon chempionatida transport chegirmalari
O‘zbekistonda shu yil 14 sentabr – 6 oktyabr oralig‘ida o‘tkaziladigan Futzal bo‘yicha jahon chempionati chog‘ida ayrim shaxslarga temiryo‘l chiptalariga 50 foizlik chegirma joriy etiladi.
Bu prezidentning “2024 yilgi futzal bo‘yicha jahon chempionatiga tayyorgarlik ko‘rish va o‘tkazish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorida aks etgan.
Qarorga ko‘ra, jahon chempionatida akkreditatsiyadan o‘tgan shaxslar hamda o‘yin kunlari chiptalari mavjud bo‘lgan shaxslar uchun jamoat transportidan (avtobus, metro) bepul foydalanish imkoniyati yaratiladi.
2024 yil iyun va avgust oylarida jahon chempionati bosh sovrini – jahon kubogini ommaga tanishtirish uchun respublika bo‘ylab Trophy experience futzal turi marshruti ishlab chiqiladi va amalga oshiriladi.
Eslatib o‘tamiz, jahon chempionati o‘yinlari Toshkentdagi “Humo” muz saroyida, shuningdek Buxoro va Andijon shaharlarida bo‘lib o‘tadi.
Xitoyliklar Toshkent viloyatida fotoelektr stansiya quradi
Toshkent viloyatining Bo‘ka tumanida quyosh elektr stansiyasi quriladi.
2024 yil yanvarida O‘zbekiston Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi hamda Xitoyning China Datang Overseas Investment kompaniyasi o‘rtasida 263 megavatt quvvatga ega quyosh elektr stansiyasini hamda havo uzatish tarmog‘ini qurish investitsiya loyihasi imzolangan.
Xitoylik investor 621 gektar yerda quyosh elektr stansiyasini loyihalashtirishi, qurishi hamda ekspluatatsiya qilishi belgilangan. Dastlabki baholash bo‘yicha jami 150 mln dollar miqdorida to‘g‘ridan to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar jalb etilishi lozim.
Investor ishlab chiqarilgan elektr energiyani “O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari”ga kafolatlangan tarzda 25 yil davomida xarid qilish majburiyatini oladi.
Mavzuga oid
21:35 / 26.11.2024
26 noyabr yangiliklari: O‘zbekistonda ro‘y bergan muhim voqea va hodisalar
20:55 / 25.11.2024
25 noyabr yangiliklari: O‘zbekistonda ro‘y bergan muhim voqea va hodisalar
21:41 / 22.11.2024
22 noyabr yangiliklari: O‘zbekistonda ro‘y bergan muhim voqea va hodisalar
21:40 / 21.11.2024