Jahon | 13:57 / 30.05.2024
2070
3 daqiqa o‘qiladi

Yevrokomissiya Polshaga qarshi surishtiruvni to‘xtatdi

Polshada qonun ustuvorligini jiddiy buzish xavfi yo‘q, deya ma’lum qildi Bryussel. Vengriya YeI shartnomasining 7-moddasiga muvofiq protsedura o‘tkazilayotgan yagona davlat bo‘lib qolmoqda.

Foto: Yevrokomissiya

Yevrokomissiya Polshaga qarshi Varshavadagi avvalgi hukumat tomonidan amalga oshirilgan adliya islohoti bo‘yicha mojaro bilan bog‘liq bo‘lgan olti yildan ortiq jazo choralari tartibini bekor qildi. 29 may, chorshanba kuni Yevropa komissiyasi Polshada «qonun ustuvorligini jiddiy buzish xavfi endi yo‘q», deya ma’lum qildi. U jazo choralari jarayonining tugatilishini olti oy oldin bosh vazir lavozimiga qaytgan Donald Tusk boshchiligidagi mamlakat yangi hukumati islohotlar o‘tkazish bo‘yicha olgan majburiyatlari bilan asosladi.

Bryussel bir necha hafta oldin Polshaga qarshi surishtiruvni to‘xtatish niyatini e’lon qilgan edi. Yevropa komissiyasi raisi Ursula fon der Lyayyen «Polsha uchun yangi bob» va «muhim yutuq» boshlanganini e’lon qildi, bu «Polshaning qattiq mehnati va qat’iy islohot sa’y-harakatlari natijasi» ekani aytiladi. Yevrokomissiya taklifi Yevropa Ittifoqi kengashi tomonidan tasdiqlandi. YeI shartnomasining 7-moddasiga muvofiq jazo choralari ko‘rilayotgan yagona Yevropa Ittifoqi davlati Vengriya bo‘lib qolmoqda.

Varshava va Bryussel o‘rtasidagi bahs

Bryussel va Polshaning sobiq milliy-konservativ hukumati o‘rtasida sud-huquq islohoti bo‘yicha mojaro 2016 yil boshidan beri davom etayotgandi. Polsha prezidenti Anjyey Duda umumiy yurisdiksiya sudlari to‘g‘risidagi qonunni imzolaganidan so‘ng, 2017 yilda Yevropa komissiyasi Yevropa Ittifoqi tarixida birinchi marta shartnomaning 7-moddasiga asoslanib, hujjatning Yevropa Ittifoqi standartlariga muvofiqligini tekshirishni boshladi. 

Mojaro paytida Yevropa Ittifoqi Polsha uchun mo‘ljallangan ko‘p milliard dollarlik to‘lovlarni muzlatib qo‘ydi. Boshqa narsalar qatorida, Varshava Yevropa Ittifoqi kengashidagi ovoz berish huquqidan mahrum etilishi bilan tahdid qilingan. 2023 yil oktyabr oyida bo‘lib o‘tgan parlament saylovlarida Tuskning yevropaparast partiyasi g‘alaba qozongach, Polsha adliya tizimida yangi islohotni boshlagan va Bryussel talablarini bajargan hukumat tuzildi. Polsha Adliya vazirligining yangi rahbari Adam Bodnar tegishli chora-tadbirlar rejasini taqdim etdi, shundan so‘ng Yevrokomissiya Polsha uchun mojaro paytida muzlatib qo‘yilgan 137 milliard yevro miqdoridagi mablag‘larni blokdan chiqardi.

Polshadagi munozarali sud-huquq islohoti adliya vaziriga sud raislarini ishdan bo‘shatish va ularni boshqa nomzodlar bilan almashtirish huquqini taqdim etdi. Vazifalaridan biri Yevropa qonunchiligiga rioya etilishini nazorat qilish bo‘lgan Yevropa komissiyasi Varshavadan sud-huquq islohotini bekor etishni yoki uni Yevropa Ittifoqi standartlariga moslashtirishni talab qildi.

Mavzuga oid