07:32 / 01.06.2024
8627

Bayden G‘azo sektorida o‘t ochishni to‘xtatish rejasini e’lon qildi

Isroilning yangi rejasi G‘azo sektoridagi deeskalatsiyaning uch bosqichini o‘z ichiga oladi. Baydenning so‘zlariga ko‘ra, hujjat Qatar vositachilari orqali allaqachon HAMAS vakillariga berilgan.

Foto: Evan Vucci/AP/picture alliance

AQSh prezidenti Jo Bayden 31 may, juma kuni Isroil taklif qilgan G‘azo sektorida o‘t ochishni to‘xtatish va isroillik garovga olinganlarni ozod qilish bo‘yicha yangi rejani taqdim etdi. Reja deeskalatsiyaning uch bosqichi, asosan, doimiy sulh va Isroilning Falastin hududidan chiqib ketishini o‘z ichiga oladi.

Rejaga ko‘ra, birinchi bosqich olti hafta davom etishi kerak. Unda to‘liq va yakuniy o‘t ochishni to‘xtatish, Isroil qo‘shinlarining G‘azo sektoridagi aholi punktlaridan olib chiqib ketilishi va yuzlab falastinlik mahbuslarni ozod qilish evaziga bir qator isroillik garovga olinganlarni qaytarish kiradi. Ikkinchi bosqich harbiy harakatlarni yakuniy to‘xtatish va Isroil qo‘shinlarini G‘azo sektoridan olib chiqib ketishni o‘z ichiga oladi. Bundan tashqari, bu bosqichda qolgan barcha garovga olinganlar Isroilga qaytarilishi kerak. Nihoyat, uchinchi bosqichda AQSh va xalqaro hamjamiyat ko‘magida mintaqani keng ko‘lamli qayta qurish rejasi boshlanadi, bu esa 3-5 yil davom etadi. HAMAS tomonidan o‘ldirilganlarning jasad qoldiqlari isroillik oilalarga qaytarilishi kerak.

Bayden HAMASni kelishuvni qabul qilishga chaqirdi

Jo Bayden o‘t ochishni to‘xtatish rejasi Qatar vositachilari orqali HAMAS guruhi vakillariga berilganini aytdi. Amerika prezidenti HAMASni bu taklifni qabul qilishga chaqirdi. Shu bilan birga, u isroillik siyosatchilarga ham murojaat qildi. «Isroilda bu rejaga rozi bo‘lmaydigan va urushni cheksiz davom ettirishga chaqiradiganlar borligini bilaman» dedi Bayden, Isroil o‘z xavfsizligi uchun qo‘rqmasdan kelishuvga erisha olishini ta’kidlab.

Shu bilan birga, AQSh prezidenti agar HAMAS o‘z majburiyatlarini bajarmasa, Isroil har doim harbiy amaliyotlarni qayta boshlashi mumkinligini ta’kidladi. O‘z navbatida, Jo Bayden erishilgan kelishuvga ko‘ra, HAMAS G‘azo sektorida hokimiyatda qola olmasligini taxmin qildi.

Netanyahuning ofisidagi reaksiya

Baydenning nutqidan so‘ng Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahuning idorasi bayonot berib, G‘azo sektoridagi urush maqsadlarini takrorladi. Hisobotda qayd etilganidek, Isroil barcha garovga olinganlar qaytarilmaguncha, HAMAS yetakchiligi va harbiy salohiyati yo‘q qilinmaguncha urushni to‘xtatmoqchi emas.

Shu bilan birga, Netanyahu muzokaralar guruhiga ushbu maqsadlarga erishadigan kelishuvni taqdim etish huquqini berdi. Bayonotda bu Jo Bayden tomonidan taqdim etilgan rejaga tegishli yoki tegishli emasligi aniq emas, deya ta’kidlaydi dpa agentligi.

Shu kuni AQSh davlat kotibi Entoni Blinken Saudiya Arabistoni, Turkiya va Iordaniya tashqi ishlar vazirlari bilan telefon orqali muloqot qildi. Davlat departamentiga ko‘ra, Blinken Pragadan Vashingtonga qaytgach, o‘tkazgan muzokaralarida G‘azo sektorida zudlik bilan o‘t ochishni to‘xtatish va garovga olinganlarni ozod qilish taklifi muhokama qilingan. Bu taklif ham isroilliklar, ham falastinliklar manfaatlariga javob beradi, dedi AQSh Davlat departamenti matbuot kotibi Metyu Miller. Shuningdek, AQSh Senati va Vakillar palatasi rahbarlari Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahuni Kongressning qo‘shma majlisiga taklif etgani xabar qilingan. 

HAMAS taklif qilingan kelishuvni olqishladi 

Dpa ma’lumotlariga ko‘ra, HAMAS Bayden taqdim etgan kelishuvni olqishlagan. Guruh vakillarining so‘zlariga ko‘ra, agar Isroil «bu borada aniq majburiyatini bildirsa», ular doimiy o‘t ochishni to‘xtatish va Isroil qo‘shinlarini G‘azo sektoridan to‘liq olib chiqishga asoslangan har qanday taklifga «konstruktiv munosabatda bo‘lishga» tayyor. 

Yevroittifoq o‘t ochishni to‘xtatish rejasini qo‘llab-quvvatlaydi 

Yevrokomissiya rahbari Ursula fon der Lyayyenning so‘zlariga ko‘ra, bu «taklif G‘azo sektoridagi urush va tinch aholi azob-uqubatlarini to‘xtatish yo‘lida harakat qilish uchun jiddiy imkoniyatdir». X mikrobloglar servisidagi postida u uch bosqichli yondashuv «muvozanatli va realistik» hamda «barcha tomonlarning qo‘llab-quvvatlashiga muhtoj» ekanligini ta’kidladi.

BMT bosh kotibi rejani qo‘llab-quvvatladi 

BMT bosh kotibi Antoniu Guterrish Bayden e’lon qilgan rejani qo‘llab-quvvatladi. Bu haqda uning matbuot kotibi Stefan Dyujarrik ma’lum qildi. «Bosh kotib bu uzoq muddatli tinchlikka erishish uchun tomonlar o‘rtasida konsensusga olib kelishiga umid qilmoqda», - deya uning so‘zlaridan iqtibos keltirgan dpa agentligi. 

Baydenning sa’y-harakatlarini Germaniya tashqi ishlar vaziri Annalena Berbok ham olqishladi. Berbok o‘zining X ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida: «Reja umid va boshi berk ko‘chadan chiqish yo‘lini beradi» deb yozdi. «Biz Qo‘shma Shtatlar, Qatar va Misrning vositachilik sa’y-harakatlarini to‘liq qo‘llab-quvvatlaymiz. HAMAS mojaroga barham berishga sodiqligini isbotlashi lozim», - deya ta’kidladi vazir. 

Mavzu
HAMAS–Isroil urushi
7 oktyabr kuni G‘azo bo‘lgasidagi HAMAS kuchlari Isroilga yoppasiga raketa zarbalari berdi va chegaradagi aholi punktlarini egallay boshladi. Bunga javoban Isroil tashkilotga qarshi urush ochdi. Bu safargi eskalatsiya avval kuzatilmagan darajada ko‘p qurbonlarga olib keldi.
Barchasi
Top