1977 yil yozda KGB xodimlari ikkita operatsiya o‘tkazishadi. Ularning birida AQShning Markaziy razvedka boshqarmasi bilan hamkorlikda gumon qilinayotgan KGB josusi qo‘lga olinishi kerak edi.

KGB xodimlari josusning uyiga bostirib kirgan paytda u zahar ichib joniga qasd qiladi. Josus o‘lgach juda ko‘p ma’lumotlardan quruq qolgan KGB ikkinchi operatsiyani o‘tkazadi. Maqsad o‘lgan josusning hamkorini ushlash edi.

Operatsiyada qo‘lga olingan ayol AQShning SSSRdagi elchixonasi xodimi bo‘lib chiqadi. Daxlsizlik maqomiga ega bo‘lgani uchun KGB ayoldan ham hech qanday ma’lumot ololmaydi va uni mamlakatdan chiqarib yuboradi. Shu tariqa ikkita operatsiya ham deyarli natijasiz tugaydi.

Ikkinchi jahon urushidan so‘ng bu urushgacha jahon siyosiy sahnasida uncha muhim rol o‘ynamagan SSSR sotsialistik qutb yetakchisi sifatida AQSh bilan raqobatlasha boshlaydi.

1950-yillar o‘rtalariga kelib sovetlar Sharqiy Yevropa, Xitoy, Shimoliy Koreya va Janubiy-Sharqiy Osiyoda joylashgan Vetnam hamda Laosda sotsialistik tuzum o‘rntishga muvaffaq bo‘lgan va jahonda katta ta’sir doirasiga ega davlat sifatida tanilgan edi.

O‘sha paytda sovetlar butun dunyo bo‘ylab “SSSRdagi baxtli va farovon hayot”ni targ‘ib qilishar, bunday yolg‘on targ‘ibotga uchgan ayrim mamlakatlarda davlat to‘ntarishlari uyushtirib, qo‘zg‘olonchilarni qurol-yarog‘ bilan ta’minlayotgan edi.

Biroq 1953 yilda Stalin vafot etgach “zulm imperiyasi”ning juda ko‘p kirdikorlari oshkor bo‘ladi. Mislsiz qatag‘onlarga boshchilik qilgan Lavrentiy Beriya va uning yordamchilari jazolanadi. Mamlakatdagi qamoqxonalardan millionlab siyosiy mahbuslar ozod qilinadi.

Ana shundan so‘ng SSSRda sovet hukumatidan hafsalasi pir bo‘lgan odamlar paydo bo‘ladi. Bundaylar hatto KGB va Tashqi razvedka boshqarmasi xodimlari orasida ham yetarlicha bor edi.

Foto: dzen.ru

Bunday odamlar imkoniyat tug‘ilishi bilan G‘arb maxfiy xizmatlari bilan hamkorlik qila boshlaydi. Bu jarayon 1991 yil SSSR parchalanib ketgunicha davom etadi.

Sovet diplomati, aniqrog‘i xorijda sovet elchixonasi xodimi niqobi ostida ishlagan Aleksandr Ogorodnik ham MRB bilan hamkorlik qilganlardan biri edi.

Harbiy xizmatdan KGBga

Aleksandr Ogorodnik 1939 yilda Qrimda tug‘ilgan. U harbiy xizmatga chaqirilgan vaqtida KGB xodimlarining e’tiborini tortadi va armiyadan so‘ng 1959 yilda shu tashkilotga ishga kiradi. Unga “Staxanovchi” (mashhur zarbdor ishchi Staxanov nomidan olingan) laqabi beriladi.