Jahon | 14:39 / 01.06.2024
2358
2 daqiqa o‘qiladi

NATO bosh kotibi Ukraina har yili 40 mlrd yevro olishiga kafolat berishga chaqirdi

Rossiyaga Ukrainaga qarshi urushda u g‘alaba qozona olmasligini ko‘rsatish muhim, dedi Yyens Stoltenberg. U NATO davlatlari iyul oyida bo‘lib o‘tadigan alyans sammiti uchun qo‘shma pozitsiyani ishlab chiqishlariga umid qilmoqda.

Yyens Stoltenberg Foto: Peter David Josek / Reuters

NATO bosh kotibi Yyens Stoltenberg Shimoliy Atlantika alyansi davlatlarini Ukrainaga har yili kamida 40 milliard yevro miqdorida yordam berishni kafolatlashga chaqirdi. «Bu Rossiyaga Ukrainaga qarshi tajovuzkor urushda u g‘alaba qozonmasligini ko‘rsatish uchun kerak», dedi Stoltenberg 31 may, juma kuni Pragada NATOga a’zo 32 davlat tashqi ishlar vazirlari bilan bo‘lib o‘tgan norasmiy uchrashuv yakunida.

40 milliard yevrolik ko‘rsatkich 2022 yil fevralida Rossiya qurolli hujumi boshlanganidan buyon G‘arbning Ukrainaga bergan yillik yordami miqdoriga to‘g‘ri keladi. Alyans mamlakatlari o‘rtasida moliyaviy yukning adolatli taqsimlanishini qanday ta’minlash mumkinligi haqidagi savolga Stoltenberg har bir davlatning hissasini YaIM hajmidan kelib chiqib hisoblash mumkinligini aytdi. Bu AQSh, Germaniya, Britaniya, Fransiya va Italiya boshqa NATO mamlakatlariga qaraganda ancha ko‘proq mablag‘ ajratishi kerakligini anglatadi. 

Yyens Stoltenberg NATOning 32 ta davlati alyansning iyul oyida Vashingtonda bo‘lib o‘tadigan sammitida ushbu masala bo‘yicha umumiy pozitsiyani kelishib olishiga umid bildirdi, biroq u muvaffaqiyat keltiradimi yoki yo‘qmi, hozircha noma’lum, deya ta’kidlaydi dpa agentligi. Masalan, Fransiya va Italiya hozirda Ukrainaga harbiy yordam uchun YaIMning nisbatan kichik qismini ajratmoqda. Bundan tashqari, AQSh prezidenti Jo Bayden o‘z mamlakatida bo‘lib o‘tadigan prezidentlik saylovlariga bir necha oy qolganda Ukrainaga uzoq muddatli moliyaviy kafolatlar berishga rozi bo‘ladimi yoki yo‘qmi, bu ham hozircha aniq emas. 

Mavzuga oid