Yaponiyani Yaponiya qilganlar bugun qanday yashayapti?
20-asrning iqtisodiy mo‘jizalaridan biri – Yaponiyada qisqa vaqtda erishilgan juda katta iqtisodiy yuksalish. Yapon jamiyati bugungi farovonlikka kimlarning xizmatlari evaziga erishilganini yaxshi tushungan holda, keksalarni parvarishlashga katta e’tibor qaratadi. Ya’ni millatni oyoqqa turg‘izgan avlod – hozirgi avlodning e’zozida.
Kun.uz ijodiy jamoasi Yaponiyaga safari davomida eng keksa mamlakatdagi keksalar bilan ishlash tizimini o‘rgandi.
Qadimiy an’analari va ilg‘or texnologiyalari bilan mashhur Yaponiyaga borsangiz, e’tiboringizni tortadigan eng birinchi jihatlardan biri – ko‘chada, jamoat joylarida yoshi ulug‘ yaponlarning ko‘pligi bo‘ladi.
Qariyalarning 65dan yoshdan tortib 90 yoshlilarigacha Tokioning markaziy ko‘chalaridagi ko‘plab do‘kon, kafe, stansiya, taksi, transport, mehmonxonalar va deyarli barcha xizmat ko‘rsatish shoxobchalarida mehnat qilayotganini ko‘rasiz. 94 yoshli onaxon “Makdonalds”da ishlayotgani ham bizdan boshqa hech kimni ajablantirmayotgandek tuyuldi.
Oilaviy dorixonada ishlayotgan 101 yoshli ayol va uning 85 yoshli o‘g‘li
Dorixonada sotuvchi bo‘lib ishlayotgan 101 yoshli Suzuki Tadako har kuni o‘z mijozlarini qarshi oladi. Uning ko‘zlarida bir asrlik donolik, harakatlarida esa xotirjamlik va ishonch mujassam. Tadako urushdan ancha oldin, 1923 yildagi Buyuk Kanto zilzilasi vaqtida tug‘ilgan. Ikkinchi jahon urushigacha yapon ayollarining uydan tashqarida ishlashi odatiy hol emas edi, ammo Tadako xonim, yetim qolgan farzandlarini yoniga olib, turmush o‘rtog‘idan qolgan dorixona ishini davom ettirdi.
Tabiiyki, bu onaxondan birinchi navbatda uzoq umr ko‘rish siri nimada ekanini so‘radim.
“Men har doim tik turib ishlayman, oyoqlarim doimiy harakatda bo‘ladi. Mijozlar bilan dildan suhbatlashaman, bu esa ruhiy jihatdan menga katta yordam beradi, kayfiyatimni ko‘taradi. Eng muhimi, biz yaponlar 50 yoshdan o‘tgach, yengil ovqatlanishga o‘tamiz. Masalan, yog‘li va qizil go‘shtli baliqlarni emas, balki oq go‘shtli baliqlarni iste’mol qilamiz.
Turmush o‘rtog‘imdan yosh beva qoldim. Farzandlarni o‘qitish uchun kuchli bo‘lishga, yolg‘iz bo‘lishimga qaramasdan, ular uchun ko‘tarinki kayfiyatda bo‘lishga, pozitiv qarashga o‘rgandim. To‘g‘risini aytsam, men uzoq umr ko‘rish uchun maxsus harakat qilmaganman, ammo fikrlarim doimiy ijobiy va ko‘tarinki ruhda bo‘ladi. Bu, ehtimol, menga uzoq va baxtli hayot kechirishimga yordam bergandir”, – deydi u.
Tadako xonim dorixonada 85 yoshli o‘g‘li Suzuki Tadashi bilan birgalikda ishlaydi.
“Atrofimizdagi do‘konlarda yoshi katta keksalar ko‘p ishlaydi. Onamning yoniga kelib, suhbat qilib o‘tirishadi. Ko‘pchiligining farzandlari boshqa shaharlarda ishlaydi, shuning uchun ular ham zerikmaslik uchun o‘zlarini mehnat bilan band qilishgan.
Zamon o‘zgardi. Avvallari bir kasb atrofida oila a’zolari birdam bo‘lib ishlashgan bo‘lsa, hozir har bir inson o‘zi sevgan kasbi bilan shug‘ullanadi.
Onam meni barvaqt dunyoga keltirgan. Singlim bilan katta qildi. Otamning kasbiga bizda mehr uyg‘otgan. Men Osaka universitetida dorishunoslik bo‘yicha ko‘p yillar dars berganman. Singlim ham shu sohada biz bilan ishlaydi. Farmatsevtlar sulolasimiz deb ayta olaman, chunki mening farzandlarim ham biz bilan ishlaydi”, – deydi suhbatdoshimiz.
Tadako-san bilan xayrlashar ekanman, u menga Oshin seriali qahramonini eslatdi.
Qariyotgan Yaponiya
Hozirda jahonda 60 yoshdan katta bo‘lgan qariyalar 700 million kishidan oshdi. Taxminlarga ko‘ra, 2050 yilga borib ularning soni 2 milliardga yetishi mumkin, bu esa dunyo aholisining 20 foizidan ko‘prog‘i qariyalardan iborat bo‘ladi degani. Tug‘ilishlar tobora kamayib borishi dunyo olimlarini xavotirga solayotgan katta muammolardan biri. Chunki bu rivojlangan mamlakatlar iqtisodiyotiga jiddiy negativ ta’sirini bermoqda.
Dunyoda eng qari mamlakat esa – Yaponiya. Hozir bu yerda qariyalar aholining 35 foizini tashkil etmoqda. Yoshlar sonining kamayishi tufayli, ishlab chiqarish va sanoatda ish o‘rinlari bo‘sh qolib, biznes egalari qariyalarni ishga qabul qilishga majbur bo‘lishmoqda.
Taniqli siyosatchi Akio Kavatoning aytishicha, agar bu muammoga yechim topilmasa, yaponlar 200 yildan keyin millat sifatida yer yuzidan yo‘qolib ketishi mumkin.
Demografik inqiroz tufayli yuzaga kelayotgan muammolardan yana biri – qariyalarning ijtimoiy muhofazasi.
“Koreysha shyakai” – “qariyalar jamiyati”ga aylanib borayotgan Yaponiyada, mehnat qilgan qariyalar keksalik chog‘ida davlatdan munosib yordam oladi. Buning uchun mamlakatda qariyb 14 mingga yaqin qariyalar uchun mo‘ljallangan uzoq va qisqa muddatli pansionatlar, reabilitatsion meditsina markazlari, hordiq chiqarish maskanlari mavjud. Bu soha Yaponiyada katta bir industriya hisoblanib, qariyalarni parvarishlashda xususiy sektorning ham ulushi yuqori.
Qariyalar uyi
Tokioning markaziy qismida joylashgan Vafukai meditsina korporatsiyasi aynan qariyalar uchun ixtisoslashgan ko‘p tarmoqli tibbiyot tashkiloti hisoblanadi. Bu tashkilotga qarashli qariyalar uylari, pansionatlari, reabilitatsiya markazlari Tokioning turli burchaklaridagi qariyalarga xizmat ko‘rsatadi. Qariyalarning aksariyati bu yerga xuddi bolalar bog‘chalariga kelib-ketgandek har kuni qatnashadi.
Bu yerda har bir kishi, ayniqsa, Suzuki-san kabi insonlar o‘z tengdoshlari bilan hamsuhbat bo‘lish, turli qiziqarli mashg‘ulotlar bilan shug‘ullanish, sog‘lom ovqatlanish, sifatli parvarishlovchi muolajalarni olib miriqib dam olib, kechga tomon oilasiga kuzatilib quyiladi. Ba’zilari bu yerda uzoq muddat yashaydi.
94 yoshli Suzuki-san Parkinson kasalligi bilan kurashayotgan bo‘lsa-da, uning hayoti faollik va ijodkorlik bilan to‘la, u butun umr xizmat ko‘rsatish sohasida ishlab kelgan ekan, hozirda u Vafukai qariyalarni reabilitatsiya qilish uyida bir necha oydan beri yashab, sifatli xizmat olmoqda.
Onaxon har kuni o‘zining mehribon hamshirasi bilan birga qo‘llarini harakatga keltirish uchun turli mashg‘ulotlar qiladi. Bu faoliyatlar nafaqat uning jismoniy holatiga yordam beradi, balki ruhiy holatini ham yaxshilaydi. Ular birgalikda to‘qish, chizish kabi ijodiy qo‘l mehnati bilan shug‘ullanishadi, bu esa Suzuki-sanning hayotiga rang va ma’no qo‘shadi.
Suzuki xonim bilan yaqinmiz. Farzandlari doimiy xabar olib turishsa-da, biz bir-birimizga bog‘lanib qolganmiz, – deydi hamshira Kaye Ono. – 23 yildan beri shu sohada ishlayman. Qariyalar bilan muloqot qilish, ularning hikoyalarini tinglashni yaxshi ko‘rishim bunga sabab bo‘lsa kerak. Har birining hikoyasi men uchun bir asar. Gaplashsam, xuddi butun boshli kitob o‘qigandek bo‘laman”.
“Kasalligim menga hayotimda cheklovlar qo‘ygan bo‘lishi mumkin, – deydi Suzuki-san, – lekin har kuni qo‘llarim bilan yaratgan narsalarim orqali men o‘zimni ifoda etishda davom etaman. Bu men uchun juda muhim, chunki har bir tugma, har bir chiziq menga hayotim davom etayotganini his qildiradi. Siz ham sezyapsizmi?”
Vafukay korporatsiyasi prezidenti Ishida Nabuhikoning so‘zlariga ko‘ra, Yaponiyada birinchi qariyalar uylari paydo bo‘la boshlaganda, jamiyatda bu joylarga ota-onalarni olib borish uyat hisoblangan.
“Lekin mamlakat rivojlandi. Uylar shinam va kichik-kichik qurildi. Ko‘pchilik yoshlar katta shaharlarga ko‘chdi. Shu sabab katta oilalar bo‘lina boshladi. Keksalar qishloqlarda boquvchisiz qoldi. Bir vaqtning o‘zida qariyalarning soni o‘sa boshladi, tug‘ilish esa keskin pasaydi. Qariyalarni parvarishlash davr talabiga aylandi.
Hozir bu yo‘nalishda hukumat qariyalarni parvarishlash uchun Kaygo sug‘urtasini joriy qilgan. Bu degani qariyalarning farzandi bor yoki yo‘qligidan, mehribon ekanligi yoki unday emasligidan qat’i nazar, pensiya yoshiga yetgan qariya davlat qaramog‘iga o‘tadi, uning sog‘lig‘iga va yashash tarzi himoyaga olinadi. Shunday tizimli yo‘lga qo‘yilgan.
Qariyalar uyida oddiy odamlar ishlamaydi. Ularda sertifikat bo‘lmasa, ish beruvchi ularni ishga qabul qilishga haqqi yo‘q. “Kaygoshi”lar – parvarishlash xodimlari qonunda belgilangan muddat ta’lim olib, imtihondan o‘tgandan keyingina qariya oldiga ishga qo‘yiladi. Yaponiyada buning uchun ko‘plab ta’lim muassasalari mavjud. Ko‘pgina qariyalar pansionatlari kadrlarni o‘zlari yetishtiradi. Biz kabi. Tokio bo‘ylab 13 ta turli reabilitatsiya markazlarimiz, kasalxonalarimiz va tashxis markazlarimiz va 2 ta o‘quv tashkilotimiz bor. Vafukai meditsina korporatsiyasida qariyb 1,5 ming kishi ishlaydi. Shu jumladan chet elliklarni ham ishga yollaymiz. Klinika va tibbiy reabilitatsiya markazlarimiz 2000ga yaqin o‘ringa mo‘ljallangan. Vafukai mijozlarga yuqori sifat va har biriga alohida yondashgan holda xizmat ko‘rsatadi. Ularning yashash sharoitlari premium standartiga moslashtirilgan”, – deydi Vafukay korporatsiyasi prezidenti.
Vafukai pansionati menejeri Ikeda-san bizni pansionat bilan tanishtirdi. U bizga asosan xotirasi bilan muammo bo‘lgan qariyalar yashaydigan alohida qavatga olib chiqdi.
“Bu bo‘limda bemorlarimiz kamida 6 oydan 1 yilgacha bu yerda qolishadi. Ular shikastlanmasliklari uchun barcha xavfsizlik choralari ko‘rilgan. Bunday patsiyentlarning oldiga ortiqcha narsa qo‘yish mumkin emas. Ular doimiy nazoratdalar”, – deydi u.
– Demensiya bo‘lgan qariyalar alohida nazoratga olinishadi, shundaymi?
– Alohida e’tibor qilinadi, desak to‘g‘ri bo‘ladi. Oddiy kasallardan ularni ajratmaymiz. Ularni ommadan ajratmasdan parvarishlash muhim. Shuning uchun ularga 1 emas, har biriga 2 tadan parvarish xodimi biriktiriladi.
– Keksalarning oila a’zolari qanchada xabar olishadi?
– Koronavirus vaqtidagi cheklovlar olib tashlandi. Hozirda haftada 1-2 marta, ba’zilar kunora xabar olishadi. Kimlardir uyga o‘zi borib keladi.
– Bitta hamshira bir kunda qancha qariyaga xizmat ko‘rsatadi? Boquvchi xodimlar yetishmasligi bilan bog‘liq muammo bormi?
– Bir hamshira aslida 4-5 kishiga xizmat qiladi. Ammo xodimlarning yetishmasligi va qariyalar sonining ko‘pligi bois, hozircha 8 tagacha ruxsat berilgan.
Yaponiyada qariyalarga hurmat nihoyatda baland. Hattoki ular hozir asosiy iste’molchi bo‘lganligi bois, barcha xizmat ko‘rsatish ham ularning ehtiyojlaridan kelib chiqib tashkil qilinadi.
Qariyalarni parvarishlovchi hamshiralarga talab yuqori
Aholining qarishi Yaponiya iqtisodiyotiga katta bosim o‘tkazmoqda, chunki mamlakat keksalarga ijtimoiy xizmat ko‘rsatish uchun ulkan mablag‘ sarflamoqda. Yaponiya sog‘liqni saqlash va farovonlik vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, 2022 yilda bu sohaga qariyb 2 mln 200 ming qariya parvarishlovchi mutaxassislar jalb etilishiga qaramasdan, 2035 yilgacha yana qariyb 700 ming nafar kaigo hamshiralariga talab mavjud bo‘ladi. Yaponiya hukumati mehnat bozoridagi bu talabga xorijiy ishchi kuchini jalb etish orqali javob qilmoqchi.
Keyingi suhbatdoshimiz Vetnamdan jalb qilingan xodim, pansionatda hamshira yordamchisi bo‘lib ishlamoqda.
– Ishingizdagi sizni eng qiynagan narsa nima bo‘ldi?
– Yapon tili.. biroz qiynalyapman.
– Ishingiz yoqadimi?
– Ha, juda. Juda ham qiziqarli.
– Qancha maosh olasiz? Oilangizga jo‘natishga imkon bo‘lyaptimi?
– Qo‘limga 200 ming iyena tegadi (1270 dollar), hamma xarajatlardan tashqari. Oilamga yarmini jo‘nataman.
– Kelajakda nima qilmoqchisiz?
– Yapon tilini o‘rganib, yapon hamshirasi bo‘lmoqchiman.
U Yaponiyaga kelish uchun 1,5 yil tayyorlanganini va til o‘rganishdan boshlaganini aytdi. Chunki yapon tilini bilmasangiz, ishga olishmaydi.
“Keksalarni parvarishlash uchun O‘zbekistondan xodimlar yollamoqchimiz”
Ma’lumki, O‘zbekistonda keksalarni parvarishlash sohasi shakllanib kelmoqda, lekin bilimlar maxsus ixtisoslashmagan, professional yondashuv yetishmaydi. Avvalroq Vafukay korporatsiyasi bu sohada O‘zbekiston bilan hamkorlik qilmoqchi ekanini bildirgan edi. Korporatsiya prezidenti Ishida Nabuhiko biz bilan suhbatda bu borada ishlar boshlanganini aytdi.
“O‘zbekistonda yapon tili va maxsus malaka markazi bilan qariyalar parvarishi bo‘yicha kasbga tayyorlash va kelajakda ularni Yaponiyaga olib kelib ish bilan ta’minlash bo‘yicha hamkorlikni boshladik. Yaponiyadagi reabilitatsiya markazlarimizda tajriba oshirishni istagan o‘zbekistonliklarni ishga qabul qilyapmiz. Chunki Yaponiyada qariyalarni parvarishlash bo‘yicha ishchi xodimlarga bo‘lgan talab yuqori. Hozirda O‘zbekistondagi markazlarda nomzodlarni o‘qitish jarayonlari boshlangan. Shu bilan birga biz mamlakatdagi qariyalarni parvarishlash va reabilitatsiya qilish tizimi qanchalik yo‘lga qo‘yilganligi bo‘yicha ham izlanishlar olib boryapmiz. Kelajakda O‘zbekistonga Yaponiya tajribasini olib kirishni reja qilyapmiz.
Qariyalar e’zozlangan joyda baraka va farovonlik bo‘ladi deyishadi yaponlar. Bu qadriyatlar O‘zbekistonda ham borligi meni quvontiradi. O‘zbekiston iqtisodiyoti tez sur’atlarda o‘sishi bilan bir qatorda, mamlakatingiz aholisi soni ham oshib bormoqda va, tabiiyki, qariyalar soni ham ortib boryapti. Nafaqaga chiqqan qariyalar davlat tomonidan munosib e’tiborga haqli. Buning uchun tizim yaratilishi kerak. O‘ylaymizki, klinikalarimizda tajriba orttirib kelgan o‘zbek mutaxassislari kelajakda O‘zbekistonda ijtimoiy sohani rivojlantirishga munosib hissa qo‘shadilar”, – deydi Ishida Nabuhiko.
Qariyalar parvarishi bo‘yicha sug‘urta tizimi
Vafukai korporatsiyasi prezidenti bizga Yaponiyaning qariyalar parvarishi bo‘yicha sug‘urta tizimi – Kaygo Hoken haqida ham so‘zlab berdi. Bu tizim mamlakat ijtimoiy sug‘urta tizimining muhim qismi bo‘lib, 2000 yili qariyalarga kundalik hayotda yordam berish maqsadida joriy etilgan va qariyalarning hayotda mustaqil va barqaror yashashlarini ta’minlashga qaratilgan.
Kaygo Hokenning asosiy jihatlari quyidagicha. Sug‘urta 65 yoshdan katta odamlarga, shuningdek, yosh bo‘lsa-da, yoshga xos kasalliklar bilan og‘riyotgan odamlarga mo‘ljallangan. Bu sug‘urtaga 40 yoshdan katta barcha yapon fuqarosi kirishi majburiy qilib belgilangan. Tizim barcha ishlovchi fuqarolar tomonidan to‘lanadigan badallar, davlat subsidiyalari va mahalliy budjetlar hisobiga moliyalashtiriladi. O‘rtacha oylikdan 1-2 foiz (to‘lovchining yashash va ish haqqiga qarab) ushlab qolinadi, bu o‘rtacha har 5000 iyendan 30-40 dollarni tashkil etadi.
Buning evaziga fuqaro pensiyaga chiqqanidan keyin uyda yoki pansionatda parvarish xizmatini olishi, maxsus reabilitatsiya markazlarida qisqa va yoki uzoq muddat yashashi, kundalik hayot uchun zarur bo‘lgan qurilma va jihozlar bilan ta’minlanib boriladi. Davlat tomonidan.
“Har bir keksaning ehtiyojlari hokimiyat tomonidan tuzilgan maxsus komissiya tomonidan o‘rganiladi va parvarish qilish darajasi belgilanadi. Kimgadir kuniga 2 soat, kimdir esa 24 soat parvarishga muhtoj bo‘lishi mumkin. Buning hammasini mutaxassislar baholab, yaqin atrofdagi qariyalar parvarish qilish muassasalariga buyurtma beradilar.
Xizmat haqqining 10 foizini qariya, qolgan 90 foizini davlat qoplab beradi. Mahalliy hokimiyat organlari parvarishni boshqarish va muvofiqlashtirishda muhim rol o‘ynaydi, shuningdek, fuqarolarni mavjud xizmatlar haqida xabardor qilish va ularni olishga yordam berish majburiyatiga ega.
Qariya parvarishi sug‘urtasini to‘lamaslik oqibatlari nimaga olib keladi, degan savolingizga kelsak, qarz yig‘ilishi natijasida pensiya fondiga qarz bo‘lib qolishadi, vaqt o‘tishi bilan penya va jarimalar yig‘iladi. To‘lov qilmaslik kelajakdagi umumiy pensiya miqdori kamayishiga olib kelishi, pensiya olishdagi muammolar, hattoki huquqiy oqibatlarga va kredit tarixiga ta’sir qiluvchi salbiy oqibatlarga olib kelishi mumkin”, – deydi Ishida Nabuhiko.
Uysiz qariyalar muammosi
Yaponiya o‘z budjetidan qariyalarni parvarishlash va qolgan hayoti osuda o‘tishi uchun salmoqli mablag‘ sarflab, har qancha imtiyoz yaratishga urinmasin, yordam keksalarning ma’lum qatlamini qamrab ololmayapti.
Sergavjum Tokio ko‘chalarining soyasi va zamonaviy texnologiyalar orasida, Namba Motoxiko ismli keksa otaxon qog‘oz kartonlar ichida sevimli kitoblari bilan yashaydi.
Bu keksa odam bir paytlar Yaponiyaning tez o‘sib borayotgan iqtisodiyotining bir qismi edi. Endi u – keksa uysizlardan biri, hayoti jamiyatning chetida qolgan.
– Sizga sovuq emasmi? Bu joyda qanchadan beri yashaysiz?
– Men hokkaydolikman. Bu yerda 4 yildan beri yashayman.
– Hukumat tomonidan sizga yordam ajratilmaganmi? Nafaqa olmaysizmi?
– Butun umr vaqtincha ishlarda ishlaganman. Daromadimdan orttirib, pensiyaga vaqtida va muntazam to‘lov qilolmaganman. Hujjat ishlariga biroz sabrim chidamasdi.
– Qanday qilib kun kechirasiz?
– Har kuni hokimiyat tarafidan bu yerdagi uysizlarga bepul yegulik, asosan non tarqatiladi. Issiq ovqat yemaganimga ancha bo‘ldi. Ba’zan makulatura, plastik butilkalar yig‘ib, ozgina daromad qilaman, lekin bu ijaraga uy tutishimga yetarli emas.
– Oilangiz bormi? Farzandlaringiz?
– Oilam yo‘q, ajrashganman. Farzandim bo‘lmagan.
Namba Motoxiko misoli – Yaponiya duch kelayotgan muammolardan birini ko‘rsatib turibdi, yuqori yashash xarajatlari, nafaqa olishdan mahrum keksalarga ijtimoiy qo‘llab-quvvatlovning yo‘qligi.
Yaponiyaning O‘zbekistondagi sobiq elchisi Akio Kavatoning so‘zlariga ko‘ra, hukumat uysiz keksalarni jamiyatga qaytarish ustida ishlamoqda.
“Uysiz keksalar – hozirda yapon jamiyatining hal qilolmayotgan muammolaridan biri. Jamiyatimizning qarib borishi esa bu muammoni yana ham mushkullashtirmoqda.
Soha vakillari hozirda hukumatga ularni ham ijtimoiy izolyatsiyadan chiqarish bo‘yicha turli takliflarni berishyapti, inklyuziv tarzda ularga ham parvarishlash xizmati ko‘rsatiladi degan umiddaman”, – deydi diplomat.
Yaponlarning uzoq umr ko‘rish siri nimada?
Dorixonachi Tadako xonimga bergan bu savolimizni Vafukai korporatsiyasi prezidenti Ishida Nabuhikoga ham berdik. U yaponlarning o‘rtacha umr ko‘rish davomiyligi bo‘yicha dunyoda yetakchi ekanini izohlovchi bir qator omillarni sanab o‘tdi.
“Yapon oshxonasi sog‘lom ingrediyentlarga boy. Ular ko‘proq dengiz mahsulotlari, sabzavotlar, tofu va boshqa soya mahsulotlarini iste’mol qiladilar, bu esa parhezlarining past kaloriyali va yuqori oqsilli bo‘lishini ta’minlaydi. Shuningdek, yaponlar o‘z taomlariga kamroq qo‘shimcha shakar va yog‘ qo‘shadilar.
Shuningdek, muntazam jismoniy faollik. Yaponiyada kundalik hayotning bir qismi sifatida jismonan faol bo‘lish muhimdir. Masalan, ko‘plab yaponlar ishga yurib yoki velosipedda boradilar, bu ularning jismoniy holatini yaxshi saqlashga yordam beradi.
Yana bir sabablardan biri bu Yapon madaniyatida oila va do‘stlik aloqalari chuqur qadrlanadi. Kuchli ijtimoiy tarmoqlar va jamoatchilik hissi ularning ruhiy va jismoniy salomatligiga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi.
Yaponlar asabni asrashadi. Stress bilan kurashishning turli usullarini, jumladan meditatsiya, onsen (issiq buloq hammomlari) va boshqalarni qo‘llaydilar. Bu ularga stressni samarali boshqarishga va umumiy salomatlikni saqlashga yordam beradi.
Eng asosiysi, tibbiy ko‘rikdan yilda ikki marta o‘tiladi. Yaponiyada sog‘liqni saqlash tizimi yuqori darajada rivojlangan va aholining keng qatlamiga xizmat ko‘rsatadi. Bu yuqori sifatli tibbiy parvarishga oson kirishni ta’minlaydi.
Uzoq umr ko‘rish Yaponiyada madaniyat darajasiga ko‘tarilgan. Bu nafaqat sog‘liqni saqlash masalasi, balki madaniy qadriyat hisoblanadi. Katta yoshdagi insonlarni hurmat qilish va ularga g‘amxo‘rlik qilish madaniyati yapon jamiyatining ajralmas qismidir”, – deydi u.
Bugun Vafukaining devorlari orqasidagi keksa yuraklar, yana bir kunlik mehr va e’tibordan bahra olib, uyga qaytishga hozirlanishyapti. Hamshiralarga so‘nggi bor xayrlashayotgandek so‘zlarini aytayotgan keksalar, barchamizning qalblarimizni to‘lqinlantirdi. Kim biladi ertaga ularning hammasi ham qaytib kela olarmikin?..
Kechqurun, har bir kishi o‘z xonadoniga qaytar ekan, pansionat ertangi yangi kun uchun eshiklarini ochiq qoldiradi. Zerobu yerda keksalarga xizmat qilayotgan har bir xodim ularning o‘tmishi haqidagi shaxsiy hikoyalari tinglovchisi, bugunining faol ishtirokchisi va ertangi kuniga umid baxsh etuvchi sifatida yana kutib qoladi.
Dilafruz Ikromova
Mavzuga oid
18:17 / 23.11.2024
Yaponiyada odamlarni yuvintiradigan kir mashinasi ixtiro qilindi
20:54 / 19.11.2024
Ispaniya har yili 300 ming migrantni qonuniylashtirish niyatida
21:47 / 17.11.2024
Yaponiya qirg‘oqlarida 6,2 magnitudali zilzila sodir bo‘ldi
18:48 / 14.11.2024