Jahon | 09:10 / 05.06.2024
6579
3 daqiqa o‘qiladi

Politico YeI rahbariyatidagi mojaro haqida xabar berdi

Politico nashriga ko‘ra, Yevropa kengashi rahbari Sharl Mishel Ursula fon der Lyayyenning Yevrokomissiya rahbari lavozimiga qaytishiga yo‘l qo‘ymaslikka harakat qilmoqda. Mishelning o‘zi Jozep Borrel o‘rniga Yevropa diplomatiyasi rahbari lavozimiga da’vogarlik qilmoqda.

Foto: Olivier Hoslet

Yevropa Kengashining amaldagi rahbari Sharl Mishel Ursula fon der Lyayyenning Yevroparlamentga saylovlardan so‘ng Yevrokomissiya (YeK) raisi lavozimini qayta egallashiga yo‘l qo‘ymaslikka harakat qilmoqda, deb xabar berdi Politico 4 iyun, seshanba kuni diplomatlar va rasmiylar orasidagi sakkizta manbaga tayanib. 

«Bu barchani aqldan ozdirmoqda, chunki uning o‘yini juda aniq - fon der Lyayyenni qoqilishga majburlash. O‘zi esa yana bir yuqori lavozimni egallashni orzu qilyapti», dedi ismi sir qolish sharti bilan gapirgan suhbatdoshlardan biri. Uning qayd etishicha, Yevropa Ittifoqining ikki oliy rahbari o‘rtasida anchadan beri juda keskin munosabatlar mavjud. 

Politico manbalariga ko‘ra, Mishelning o‘zi hozirda Jozep Borrel egallab turgan Yevropa Ittifoqining tashqi siyosat va xavfsizlik siyosati bo‘yicha oliy vakili lavozimiga da’vogarlik qilayotgani haqida mish-mishlar bor. Nashr suhbatdoshlari Mishel Ursula fon der Lyayyenning YeK rahbari etib qayta tayinlanishiga xalaqit qilishga urinib, yuqori lavozimga nomzodlarni birgalikda muhokama qilish o‘rniga, Yevropa Ittifoqi mamlakatlari rahbarlari bilan yuzma-yuz gaplashish strategiyasiga murojaat qilishidan xavotirda.

Ursula fon der Lyayyenning yana YeKni boshqarish imkoniyati

Politico manbalarining qayd etishicha, Mishel Yevroparlamentga saylovlardan keyin YeIda yuqori lavozimlarni taqsimlash jarayoniga rahbarlik qilishi va Yevropa Ittifoqiga a’zo davlatlar o‘rtasidagi muzokaralarni muvofiqlashtirishi bilan katta ta’sirga ega bo‘ladi. Shu bilan birga, nashr suhbatdoshlari Ursula fon der Lyayyenning YeK rahbarligida qolish imkoniyatini yuqori baholamoqda, chunki uning «Yevropa xalq partiyasi» saylovlarda yaxshi natijaga erishishi kerak, fon der Lyayyenning o‘zi esa so‘nggi yillarda muvaffaqiyatli inqiroz menejeri sifatida obro‘sini mustahkamlagan. Bundan tashqari, hozirda uning yorqin raqobatchilari yo‘q. 

Shu bilan birga, manbalar ba’zi poytaxtlarda, masalan, Parijda fon der Lyayyen tomonidan qo‘llanadigan markazlashtirilgan boshqaruv uslubidan ma’lum bir norozilik mavjudligini tan oldi va bu norozilik kuchayishi mumkin. Shuni ham hisobga olish kerakki, Yevroparlamentning yangi tarkibi fon der Lyayyenga nisbatan ko‘proq dushmanlik kayfiyatida bo‘lishi mumkin, deya tushuntirdi Politico suhbatdoshlari. 

Mavzuga oid