13:26 / 06.06.2024
7784

Xuddi Gollivud filmlaridek: toshkentlik fuqaro qiyofasini o‘zgartirib, bankni o‘marmoqchi bo‘ldi

Grim usulida boshqa shaxs qiyofasiga kirgan shaxs 286 ming AQSh dollarini o‘marishga urinib ko‘rdi, ammo bank xodimida uyg‘ongan shubha bu rejani chippakka chiqargan.

Toshkentda qiyofasini o‘zgartirib, bankni o‘marmoqchi bo‘lgan shaxsga hukm o‘qilgan. Bu haqda IIV axborot xizmati xabar bermoqda.

Ma’lum qilinishicha, 67 yoshli shaxs rus erkagi qiyofasiga kirib, bankdagi omonatlarni o‘g‘irlamoqchi bo‘lgan. Erkakning aytishicha, u qiyofasini o‘zgartirishdan avval shu mavzudagi qo‘llanmalarni o‘qigan.

So‘ng qosh va kipriklarini kuydirib, sochlarini oqqa bo‘yagan va osongina qiyofasini o‘zgartirib, chol qiyofasiga kirgan va oqsoqlanib banklardan biriga kirib borgan.

Grimdagi erkak omonatga qo‘yilgan 286 ming dollardan oshiq pullarni shunday yo‘l bilan olib chiqib ketishni maqsad qilgan.

“Zamon” informatsion dasturida ko‘rsatilgan lavhada aytilishicha, birinchi kassada u so‘ragan pul chiqmagani uchun erkak ikkinchi xodimga murojaat qiladi. Shunda bank g‘aznachisi ko‘zoynak taqib olgan va hassa ushlagan chol qiyofasidagi shaxsdan shubhalanadi.

Xodima hujjatni organ xodimlariga ko‘rsatmoqchi bo‘lganida keksa mijoz bankdan qochib ketgan. Shunda uning qo‘lidagi omonatlardan birining egasiga tegishli pasport soxta bo‘lgani oydinlashadi.

Huquq tartibot organlari bankdagi kuzatuv kameralari tasvirlari va dalillarni o‘rganib, qidiruvdagi erkakni qamoqxonadan topishadi. U axloq tuzatish ishlari jazosini buzgani uchun qayta qamalgan ekan.

Sudda erkakning aybi isbotlanadi va Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan aybdor deb topilib, qonuniy jazosini oladi. Hozirda u jazo muddatini o‘tamoqda.

Top