21:43 / 07.06.2024
18436

Yangi urush tahdidimi? Isroil va «Hizbulloh» qarama-qarshiligi xavfli nuqtaga yetdi

Foto: AFP

Livandagi shialarning «Hizbulloh» guruhi Isroil janubida amalga oshirilib, isroillik bir harbiy o‘limi va yana bir qanchasi yaralanishiga sabab bo‘lgan hujumlarning yangi seriyasiga aloqadorligini tasdiqladi. Isroil o‘z shimoliy chegaralari himoyasi uchun faol harakatlarga o‘tishga tayyorligini ma’lum qildi.

«Biz shimolda o‘ta intensiv harakatlarga tayyormiz», — dedi Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu.

Xususan, bu Isroil mudofaa armiyasi Livan janubida «xavfsizlik zonasi» tashkil etish to‘g‘risida buyruq olishi mumkin, 2000 yilga qadar ham shunday hudud bo‘lgandi. Bu «Hizbulloh»ni Isroil chegaralaridan uzoqlashtirishga yordam beradi.

Urush yoqasida

Foto: AFP

Isroillik harbiy ekspertlar so‘nggi vaqtlarda Isroil hududi bo‘ylab raketa zarbalari, shuningdek dronlar yordamida hujumlar kuzatilayotgani, ularning harakatlanish masofasi ham ortganiga e’tibor qaratgan.

Isroil hukumati «Hizbulloh» arsenalida mamlakat markaziga qadar uchib kelishga qodir bo‘lgan qurollar borligidan xavotirlanmoqda.

«Hizbulloh»ning bayonotida so‘nggi bir kunning o‘zida guruh Isroilga qarshi 10 ta amaliyot o‘tkazgani, xususan chegara hududidagi shaharlarga va isroillik harbiylarning joylashuv manzillari bo‘ylab raketa zarbalari yo‘llangani, Isroilning «Temir gumbaz» havo hujumidan mudofaa qurilmasiga zarba berilgani hamda portlovchi moddalar o‘rnatilgan dronlar bilan hujum qilingani aytiladi.

Shuningdek, so‘nggi kunlarda ikki tomon ham bir-birini artilleriya vositasida o‘qqa tuta boshlagan.

Isroil matbuoti ma’lumotiga ko‘ra, isroillik harbiylar orasidagi qurbon va yaradorlardan tashqari, bir kun oldin Isroil shimolidagi druzlar istiqomat qiluvchi Xurfeysha qishlog‘ida yashovchi 11 kishi yaralangan. Isroil mudofaa armiyasiga ko‘ra, qishloq hududida portlovchi qurilmalar o‘rnatilgan ikki dron qulagan.

«Hizbulloh» rahbariyati isroilliklarning guruh pozitsiyalariga bergan zarbalariga javoban harakat qilayotganini ma’lum qilgan. Xususan, xabar qilinishicha, bir kun oldin An-Nakureda guruh a’zolaridan biri halok bo‘lgan.

BMT payshanba kuni jiddiy eskalatsiya xavfi yuqori ekanini tan olib, tomonlarni vazminlikka chaqirdi.

«Havorang chiziq» (2000 yilda BMT Isroil qo‘shinlarini Livan janubidan olib chiqish doirasida taklif etgan demarkatsiya chizig‘i) bo‘ylab otishmalar davom etarkan, bosh kotib yana bir bor tomonlarni zudlik bilan o‘t ochishni to‘xtatishga chaqiradi. Bu otishmalar mintaqa uchun halokatli oqibatlarga olib keladigan yanada kattaroq mojaroga sabab bo‘lishi mumkin», — degan BMT vakili Stefan Dyujarrik.

Livan-Isroil chegarasidagi vaziyat o‘tgan yil oktyabrida, Hamas a’zolarining Isroilga hujumidan keyin keskinlashgandi, ammo shu vaqtga qadar, ekspertlarning so‘zlariga ko‘ra, bu keskinlashuv mo‘’tadil deb tasniflangan.

Hozir esa ikki tomon ham keng ko‘lamli urush bosqichiga o‘tishga tayyor ekanini aytmoqda.

Ekspertlar fikricha, G‘azo sektorida harbiy amaliyot o‘tkazayotgan Isroil uchun bu boshqa bir frontda urush olib borish uchun mos vaqt emas, ammo unda «Hizbulloh»dan farqli o‘laroq resurs va imkoniyatlar yetarli.

Eron tomonidan qo‘llab-quvvatlanadigan «Hizbulloh»ning ham harbiy imkoniyatlari kichik emas, ammo urush 2019 yildan buyon og‘ir ahvolda qolayotgan Livan iqtisodiyoti uchun o‘nglanmas zarba bergan bo‘lardi.

Yoz mavsumida mamlakatga millionlab sayyohlar kelishadi (asosan, xorijda yashovchi livanliklar) va iqtisodiyotni milliardlab dollarlar bilan ta’minlaydi.

Livanliklarning aksar qismi, jumladan «Hizbulloh» tarafdorlari ham turistik mavsumning avj pallasida vaziyat keskinlashishiga qarshi.

Ortga qaytib bo‘lmas nuqtami?

Eronning Livanga ta’siri juda kuchli. Masalan, mamlakat janubidagi An-Nabatiya shahrida shunday instalyatsiya paydo bo‘lgan: isroilliklarning zarbaga uchragan harbiy yo‘ltanlamas mashinasi yaqinda aviahalokat qurboni bo‘lgan Eron prezidenti Ibrohim Raisiyning portreti fonida

AQSh prezidenti maslahatchisi Amos Xoxshteyn uch bosqichli diplomatik kelishuv rejasini taklif qilmoqda.

Tomonlardan chegaraning har ikki tomonida ko‘chirilgan odamlarga o‘z uylariga qaytishga imkon beradigan o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha muzokaralar olib borishi so‘ralmoqda.

Keyin Vashington Livanga ayrim iqtisodiy imtiyozlar berishga tayyor bo‘ladi.

Va uchinchi bosqichda tomonlar 2022 yil dengiz chegaralarida bo‘lgani kabi quruqlik chegaralari demarkatsiyasini o‘tkazishi mumkin.

Ammo «Hizbulloh» Isroilning G‘azodagi amaliyoti yakunlanmaguncha o‘t ochishni to‘xtatishga rozi emas.

Isroil qo‘mondonligi ham Livan bilan chegaradagi vaziyat diplomatik kelishuvga erishish mumkin bo‘lgan nuqtadan allaqachon o‘tib ketgan deb hisoblaydi.

Oq uy Isroil hukumati vakillarining kayfiyatini xavotir bilan kuzatib bormoqda vaa Isroil qo‘shinlari Livan hududiga quruqlikdan bostirib kirishi, bu chegara hududlar bilan cheklanadigan bo‘lsa ham, Eronning mojaroga to‘g‘ridan to‘g‘ri aralashuviga sabab bo‘lishi mumkinligidan ogohlantirmoqda.

Masalan, Eron yordamida Livanga Suriya va Yamandan minglab jangarilar olib o‘tilishi mumkin.

Mojaro raqamlarda

Isroilning shimoliy chegaralari o‘z ma’nosida olov ichida - chegaraning ikki tomonida o‘zaro zarbalar va issiq tufayli kelib chiqqan yong‘inlar avj olmoqda

2023 yil oktyabridagi eskalatsiyadan buyon Isroilning chegara yaqinidagi aholi yashash manzillaridan mamlakat ichkarisiga 60 mingdan ortiq kishi ko‘chirilgan va hamon uylariga qayta olmayapti.

Dunyoda migratsiya oqimlari hisobini yuritish bilan shug‘ullanuvchi Organisation for Migration xalqaro tashkiloti ma’lumotiga ko‘ra, chegaraning Livan tomonida taxminan 90 ming kishi o‘z uylarini tark etishga majbur bo‘lgan.

Joriy yil mart oyidagi ma’lumotga ko‘ra, Isroilning Livan janubiga aviazarbalari oqibatida roppa-rosa 320 kishi halok bo‘lgan, shundan ko‘pchiligi «Hizbulloh» jangchilari va komandirlari, kamida 54 kishi esa tinch aholi vakillari bo‘lishgan.

Ammo «Hizbulloh» Isroil bilan kurashda yanada ko‘proq jangchilaridan ayrilganini aytadi.

Isroil tomondan o‘tgan sakkiz oy mobaynida kamida 10 nafar harbiy xizmatchi va tinch aholi vakillaridan yetti kishi halok bo‘lgan. Yana o‘n kishi jarohatlangan.

«Hizbulloh»ning o‘rtacha zarba berish masofasi 50 kilometrgacha yetgan.

Shuningdek, «Hizbulloh» Isroilga qarshi 500 kilogrammgacha portlovchi modda olib uchuvchi va modifikatsiyasiga qarab 800 dan 1200 kilometrgacha harakatlanuvchi «Burkan» raketalarini ham qo‘llamoqda.

«Burkan» raketalari Eron raketasi asosida ishlab chiqilgan va Tehron homiyligidagi Yaman husiychilari tomonidan keng qo‘llangan.

Portlashlar va yuqori harorat ikki tomonda ham keng ko‘lamli o‘rmon yong‘inlarini keltirib chiqargan. Shu hafta boshida isroillik o‘t o‘chiruvchilar yong‘inni nazorat ostiga olishiga 48 soat talab etildi.

Chegaraning ikki tomonida jami yuzga yaqin yong‘in o‘choqlari qayd etilgan.

Mavzu
HAMAS–Isroil urushi
7 oktyabr kuni G‘azo bo‘lgasidagi HAMAS kuchlari Isroilga yoppasiga raketa zarbalari berdi va chegaradagi aholi punktlarini egallay boshladi. Bunga javoban Isroil tashkilotga qarshi urush ochdi. Bu safargi eskalatsiya avval kuzatilmagan darajada ko‘p qurbonlarga olib keldi.
Barchasi
Mavzuga oid
Top