Jahon | 23:30 / 10.06.2024
4460
3 daqiqa o‘qiladi

Hindiston bosh vaziri Narendra Modi uchinchi muddatga qasamyod qildi

73 yoshli Narendra Modi Hindistonning Javoharlal Nerudan keyin uchinchi besh yillik muddatga hokimiyatni saqlab qolgan ikkinchi bosh vaziriga aylandi.

Foto: AP

Narendra Modi o‘z partiyasining parlamentda ko‘pchilikni qo‘lga kirita olmaganidan keyin, koalitsiyadagi hamkorlarining ko‘magida qatorasiga uchinchi marta bosh vazir lavozimiga o‘tirdi. 9 iyun kuni Modi va uning kabineti a’zolari Nyu-Dehlidagi saroyda prezident Druaupadi Murmu boshchiligida qasamyod qildi. Bu haqda Euronews xabar berdi.

73 yoshli Narendra Modi Hindistonning Javoharlal Nerudan keyin uchinchi besh yillik muddatga hokimiyatni saqlab qolgan ikkinchi bosh vaziriga aylandi. 

Uning 2014 va 2019 yillarda g‘alaba qozongan Bharatiya Janata partiyasi (BJP) so‘nggi milliy saylovlarda parlamentdagi ko‘pchilik o‘rinni qo‘lga kirita olmadi. Biroq Modi boshchiligidagi Milliy Demokratik Alyans (NDA) koalitsiyasi u bilan birga hukumat tuzish uchun yetarlicha o‘rinlarni qo‘lga kiritdi.

10 yil ichida birinchi marta Modi boshchiligidagi BJP parlamentda hukumatni shakllantirish uchun  mintaqaviy ittifoqchilarning yordamiga muhtoj bo‘ldi.

Saylovlarning yakuniy natijalari BJP ko‘pchilik uchun zarur bo‘lgan 272 o‘rindan ancha past bo‘lgan 240 o‘rinni qo‘lga kiritganini ko‘rsatdi. NDA koalitsiyasiga kiruvchi partiyalar birgalikda 543 deputatdan iborat parlament quyi palatasidagi 293 o‘rinni qo‘lga kiritdi.

Modining koalitsion hukumati hozir hokimiyatda qolish uchun asosan ikki asosiy mintaqaviy ittifoqchi - janubiy Andxra-Pradesh shtatidagi Telugu Desam partiyasi va sharqiy Bixar shtatidagi Janata Dal (Birlashgan) partiyalariga tayanadi.

Ayni paytda, Modining siyosiy raqibi, qayta tiklanayotgan «Kongress» partiyasi boshchiligidagi INDIA ittifoqi kutilganidan ham kuchliroq kurash olib bordi va o‘tgan saylovga nisbatan ikki baravar ko‘p - 232 o‘rinni qo‘lga kiritdi.

Hinduist millatchi bo‘lgan bosh vazir 1,4 milliardlik aholining 80 foizini tashkil qiluvchi hindlarning himoyachisi sifatida qaraladi. Modi tarafdorlari uni mamlakatning tezkor iqtisodiy o‘sishi va global obro‘sining yuksalishiga hissa qo‘shgani uchun olqishlaydi.

Ammo tanqidchilar uni demokratiya va Hindistonning dunyoviy davlat sifatidagi mavqeiga putur yetkazgani, hindu millatchilarining mamlakatdagi ozchiliklarga, xususan musulmonlarga hujum qilishiga yo‘l ochib bergani, muxolifat va erkin ommaviy axborot vositalari uchun maydonni kichraytirganini ta’kidlaydi. Uning siyosiy raqiblari hukumatning iqtisodiy ko‘rsatkichlarini shubha ostiga qo‘yib, yuqori o‘sish sur’atlariga qaramay, yuqori ishsizlik va tengsizlik ortib borayotganiga e’tibor qilmoqda.

Mavzuga oid