11:13 / 10.06.2024
2053

Orban partiyasi - YeIda ijtimoiy tarmoqlarda g‘arbga qarshi reklama bo‘yicha yetakchi

Vengriyadagi hukumatparast lager Meta va Google’dagi reklama uchun 4,3 million yevro sarfladi, deya xabar beradi Political Capital tahliliy markazi.

Foto: Getty Images/L. Balogh

Vengriya bosh vaziri Viktor Orbanning FIDeS partiyasi va uning ittifoqchilari ijtimoiy tarmoqlarda g‘arbga qarshi reklama tarqatish hajmi bo‘yicha butun Yevropa Ittifoqidagi eng yirik partiyaga aylandi. Political Capital mustaqil tahliliy markazi tomonidan 8 iyun, shanba kuni chop etilgan tadqiqot natijalari shundan dalolat bermoqda

Materialga ko‘ra, Vengriyada siyosiy reklama uchun sarf-xarajatlar juda assimetrikdir. «Hukumatparast lager Meta va Google’da reklama uchun 4,3 million yevro sarflagan bo‘lsa, barcha 14 muxolifat partiyasi va ularga aloqador ommaviy axborot vositalari bu mablag‘ning beshdan biridan kamrog‘ini, ya’ni 839 ming yevro sarfladi», — deyiladi tadqiqotda. 

Birgina FIDeS va uning siyosatchilari 2 million yevro sarfladi - bu 764 558 yevro sarflagan barcha 14 ta muxolif partiyadan 2,6 baravar ko‘p. «Bu yil FIDeS Google’da Yevropa Ittifoqidagi eng yirik reklama beruvchi bo‘ldi va eng ko‘p reklama qilingan 10 ta videodan oltitasi uchun pul to‘ladi», — deyiladi materialda. 

G‘arbga dushman bo‘lgan targ‘ibot ta’minotchilari 

Tadqiqot mualliflarining fikricha, FIDeS va uning ishonchli vakillari Vengriyada G‘arbga dushmanlik kayfiyatida bo‘lgan dezinformatsion pozitsiyaning asosiy tarqatuvchilari hisoblanadi. Ular sarflagan 2 million yevro bunday tashviqotga yo‘naltirilgan mablag‘larning 98,6 foizini tashkil qiladi. 

4 fevraldan 1 iyungacha bu mablag‘larning katta qismi (46 foizi) muxolifat siyosatchisi Peter Madyarga qarshi qaratilgan antipiarga sarflangan. Ikkinchi o‘rinda (xarajatlarning 34 foizi) Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushi haqidagi pozitsiyani targ‘ib qilish bo‘lib, unda «yevropalik urush tarafdori bo‘lgan siyosatchilar va ularning venger do‘stlari Uchinchi jahon urushini boshlamoqchi», degan da’vo mavjud. Uchinchi o‘rinda (9 foiz) - go‘yoki xorijiy manfaatlarga xizmat qilayotgan hukumat kuchlari muxoliflariga qarshi tashviqot.

Vengriya bosh vaziri Viktor Orban yaqinda mamlakati urushdan uzoq turishi kerakligini aytdi, unga ko‘ra, ukrainaliklar Yevropa Ittifoqi va butun dunyoni unga tortmoqchi. 

Mavzuga oid
Top