Jahon | 19:18 / 10.06.2024
11099
5 daqiqa o‘qiladi

Yevroparlament saylovlari: Makron va Sholsning partiyalari Ukrainaga yordam bermaslik tarafdorlariga yutqazdi

Foto: Ijtimoiy tarmoqlar

Ukrainaga yordam berishga qarshi chiqqan muxolifatchilar Germaniya va Fransiya rahbarlari mansub bo‘lgan partiyalarni Yevroparlament saylovlarida mag‘lubiyatga uchratishdi. Fransiya prezidenti Emmanuel Makronning «Renessans» partiyasi (15,2 foiz) Marin le Penning «Milliy uyushma»si (32 foiz)ga nisbatan 2 barobar kamroq ovoz to‘pladi.

Saylov natijalari e’lon qilingach, Makron Milliy yig‘in (parlamentning quyi palatasi)ni tarqatib yubordi va 30 iyun va 7 iyul kunlariga navbatdan tashqari parlament saylovlari belgiladi. So‘nggi marta Fransiya prezidenti parlamentni 1997 yilda tarqatib yuborgan edi.

O‘z navbatida, Germaniyada Yevroparlamentga saylovlarda muxolifatdagi «Xristian demokratlar ittifoqi/Xristian sotsialistlar ittifoqi» konservativ bloki saylovchilarning 29,5 foiz ovozini to‘plab, g‘olib chiqdi. Ukrainani qo‘llab-quvvatlashga qarshi va Rossiya bilan muzokaralar boshlashni talab qilayotgan o‘ng populistik «Germaniya uchun muqobil» partiyasi 16,5 foiz ovoz bilan ikkinchi o‘rinni egalladi. GFR kansleri Olaf Sholsning sotsial-demokratik partiyasi 14,1 foiz ovoz bilan faqat uchinchi o‘rinni egallay oldi. Shunday qilib, Sholsning partiyasi Yevroparlament saylovlari tarixida eng yomon natijani ko‘rsatdi.

Lekin baribir Yevropa Ittifoqi davlatlarining ko‘pchiligida Yevrokomissiya rahbari Ursula fon der Lyayyen rahbarlik qilayotgan Yevropa xalq partiyasi g‘alaba qozongan. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, YeXP 26,25 foiz ovoz to‘plagan va 720 o‘rinli Yevroparlamentdagi 189 ta o‘rinni o‘ziniki qilgan.

Yevropa xalq partiyasi yetakchisi Manfred Veber va Yevropa komissiyasi rahbari Ursula fon der Lyayyen. 2024 yil 9 iyun
John Thys / AFP / Scanpix / LETA

«Ertagayoq biz yangi va kuchli ko‘pchilikni shakllantirish, hammaslaklarimiz o‘rtasida ko‘prik qurish ustida ish boshlaymiz. <…> Yevroparlamentdagi yangi ko‘pchilik yevropaparast va ukrainaparast bo‘ladi», — deb va’da qilgan fon der Lyayyen.

Emmanuel Makron Marin Le Pen boshchilik ultrao‘nglarning Yevropa parlamentiga saylovdagi g‘alabasidan so‘ng, mamlakatda muddatidan avval parlament saylovlarini e’lon qildi.

Agar Le Penning «Milliy uyushma» partiyasi parlamentda ko‘pchilik o‘rinni qo‘lga kiritsa, Makronda ichki masalalarga ta’sir o‘tkazish uchun kamroq imkoniyat qoladi.

Millatga murojaatida Makron parlament saylovlari 30 iyunga, ikkinchi tur esa 7 iyulga belgilanganini e’lon qilgan.

Belgiyada bosh vazir Aleksandr de Krooning liberal partiyasi bo‘lmish Open Vld o‘ta o‘ng partiya — «Flamand manfaati»ning kuchayishi fonida federal va hududiy parlamentlarga saylovlarda yutqazgan. «Flandriyada dastlabki ma’lumotlar «Flamand manfaati»ning parvozi va Open Vld’ning sho‘ng‘ishini ko‘rsatmoqda», — deb xabar bergan Belgiyaning RTBF telekanali.

Bolgariyada «Fuqarolar Yevropaga xos rivojlanish uchun» va Demokratik kuchlari ittifoqi partiyalari koalitsiyasi mamlakatda o‘tkazilgan muddatidan avvalgi saylov va Yevroparlamentga saylovda yetakchilik qilmoqda, deb xabar bergan Novinite nashri.

Avstriyada esa Rossiyaga qarshi qo‘llangan sanksiyalarni tanqid ostiga olib keluvchi Avstriya ozodlik partiyasi Yevroparlamentga o‘tkazilgan saylovda 27 foiz ovoz to‘plab yetakchilik qilmoqda, deb xabar beradi Kurier nashri. Ikkinchi va uchinchi o‘rinlar uchun qattiq kurash kechgan. Kansler Karl Nehammerning Avstriya xalq partiyasi 23,5 foiz ovozdan umid qilishi mumkin, sotsial-demokratlar 23 foizdan kamroq ovoz to‘plagan.

Finlandiyada bosh vazir Petteri Orponing Milliy koalitsion partiyasi Yevroparlamentga o‘tkazilgan saylovlarda yetakchilik qilmoqda.

Slovakiyaning rossiyaparast yetakchisi Robert Fitsoning «Kurs — sotsial demokratiya» partiyasi Yevroparlamentga o‘tkazilgan saylovda 24,76 foiz ovoz jamg‘arib, muvaffaqiyatsizlikka uchragan. Muxolifatdagi «Progressiv Slovakiya» siyosiy kuchi 27,81 foiz to‘plagan.

Shunga qaramasdan har bir partiya Yevroparlamentda avvalgisidan ikkitaga ortiq o‘rin egallaydi.

Umuman olganda, o‘ng markazchi Yevropa Xalq partiyasi Yevropaning yangi parlamentda yana yetakchi fraksiyaligicha qoladi. Bu haqda Reuters agentligi Avstriya, Germaniya, Gretsiya, Kipr va Niderlandiyadagi ekzet-pollarga asoslanib, xabar bermoqda. 

Mavzuga oid