O‘zbekiston | 19:32 / 12.06.2024
10311
3 daqiqa o‘qiladi

Diniy mazmundagi materiallarga layk bosgan yigitni sud aybsiz deb topdi

Narpay tuman IIB 20 yoshli yigitga nisbatan "diniy mazmundagi materialga layk bosish"da ifodalangan harakati uchun ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirib, sudga yuborgan. Biroq sud ishida qatnashgan mutaxassis "You tube’da layk bosish qo‘llab-quvvatlash ekani, tarqatishga kirmasligi" haqida xulosa bergan.

Foto: Getty Images

Samarqand viloyatining Narpay tumanida sud diniy mazmundagi materiallarga layk bosgan yigitni aybdor deb topmadi. Sud ish surishtiruv organi tomonidan noto‘g‘ri malakalangan deb hisobladi. Bu ko‘p kuzatilavermaydigan holat.

Kun.uz o‘rgangan sud hujjatida keltirilishicha, 2024 yilning 19 fevral kuni Samarqand viloyati Narpay tuman IIB xodimlari tomonidan tumanda yashovchi 20 yoshli O.Sh. o‘ziga tegishli telefondan You tube ijtimoiy tarmog‘idagi profilida saqlanayotgan diniy mazmundagi ma’ruzalar, fikr va fatvolarini eshitib kelgani aniqlangan. Yigitga tegishli Redmi 8T telefoni daliliy ashyo sifatida olinib, unga nisbatan Narpay tuman IIB profilaktika inspektori S.Izzatullayev tomonidan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 184-2-moddasi (diniy mazmundagi materiallarni qonunga xilof ravishda tayyorlash, saqlash, olib kirish yoki tarqatish) bilan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilgan hamda sudga yuborilgan.

Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita ekspertlar guruhining 2024 yil 6 mart kungi IG-073 xulosasiga ko‘ra, yigit layk bosgan diniy mazmundagi ma’ruzalar, fikr va fatvolari ko‘rinishidagi materiallarni O‘zbekiston Respublikasi hududiga olib kirish, tayyorlash va tarqatish taqiqlanishi ma’lum qilingan. Sudda so‘ralgan O.Sh. You tube’dagi o‘z profilining tarixida saqlanayotgan diniy mazmundagi ma’ruzalarga layk bosganini, ammo ularni tarqatmaganini, hech kimga ko‘rishni taklif qilmaganini bildirgan va ishni qonuniy ko‘rib chiqishni so‘ragan.

Sudda ishtirok etgan mutaxassis You Tube ijtimoiy tarmog‘ida layk bosish qo‘llab-quvvatlash ekanini, yigitning harakatlarini tarqatish deb hisoblab bo‘lmasligini ma’lum qilgan.

Sud O.Sh.ga nisbatan to‘plangan ma’muriy ish materiallarini har tomonlama tahlil etib, uning sodir etgan harakati surishtiruv organi tomonidan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 184-2-moddasi bilan noto‘g‘ri malakalangan deb hisoblagan. Sud qarori bilan ish tugatilgan.

Oldinroq navoiylik keksa ayol 5 yil oldin “Odnoklassniki.ru” sahifasida diniy ma’ruzaga “klass” bosgani uchun 3 yilga ozodlikdan cheklangandi.

Mavzuga oid