15:38 / 13.06.2024
2232

YeI sudi Vengriyani muhojirlarga bo‘lgan munosabati uchun jarimaga tortdi

Budapesht Yevropa Ittifoqining boshpana berish qoidalariga rioya qilmagani va Yevropa Ittifoqi sudining 2020 yil dekabrdagi qaroriga bo‘ysunmagani uchun 200 million yevro to‘lashi kerak.

Foto: Darko Vojinovic/dpa/AP/picture alliance

Yevropa Ittifoqining Lyuksemburgdagi sudi Budapeshtning boshpana izlovchilarga nisbatan siyosati tufayli Vengriyaga nisbatan moliyaviy sanksiyalar joriy qildi. Bu haqda 13 iyun, payshanba kuni ertalab sud saytida e’lon qilingan qarorda aytilgan.

Hujjatda aytilishicha, Vengriya Yevropa Ittifoqining boshpana berish bo‘yicha umumiy qoidalariga amal qilmagani uchun mamlakat 200 million yevro jarima to‘lashi kerak. Bundan tashqari, 13 iyundan boshlab Budapeshtdan Yevropa Ittifoqi sudining 2020 yil dekabrdagi qarorini bajarish kechiktirilgan har bir kun uchun kuniga bir million yevro undirilishi lozim.

Bunda, gap Yevropa komissiyasining Vengriya noqonuniy muhojirlarni zarur huquqiy himoya bilan ta’minlamasdan turib Serbiya hududiga qaytarib yuborayotgani yoki «tranzit zonalari» deb atalgan hududlarda saqlayotganiga oid shikoyati yuzasidan Yevroittifoq sudining qarori haqida ketyapti. Shu bilan birga, migrantlarga boshpana so‘rash huquqi berilmaydi, deya ta’kidladi Yevrokomissiya Budapeshtga jarima solishni talab qilib.

«Yevropa komissiyasining fikricha, Vengriya 2020 yilgi qarorga hali ham amal qilmadi (bu qarorga qadar yopilgan tranzit zonalari bundan mustasno) va shuning uchun moliyaviy sanksiyalar qo‘llash maqsadida yangi huquqbuzarlik bo‘yicha da’vo bilan murojaat qildi», - deb eslatadi Yevropa Ittifoqi sudi 13 iyun kuni. 

Sud qaroriga ko‘ra, Budapeshtning boshpana siyosati shafqatsiz va «Yevropa Ittifoqi qonunlarining mutlaqo yangi va o‘ta jiddiy buzilishi» bo‘lib, bu ham xususiy shaxslarga, xususan, boshpana izlovchilarga, ham jamoat manfaatlariga ta’sir qiladi. Sudyalarga ko‘ra, Vengriya qochqinlar uchun javobgarlikni, shu jumladan moliyaviy jihatdan boshqa Yevropa Ittifoqi mamlakatlariga o‘tkazadi. Bu esa «birdamlikning asosiy tamoyiliga jiddiy tahdid soladi». 

Top