10:50 / 17.06.2024
5419

AQShdagi saylovlar: Bayden va Tramp teleduel qoidalari bo‘yicha kelishib oldi

27 iyun kuni AQShda teledebatlar 50 yil ichida birinchi marta studiyada tomoshabinlarsiz o‘tkaziladi. Ikkala siyosatchi ham hali prezidentlikka rasmiy nomzod emas.

Foto: AP / Eugene Hoshiko

AQSh prezidenti Jo Bayden va uning bo‘lajak prezidentlik saylovlarida ehtimoliy raqibi Donald Tramp o‘zlarining ilk teleduel qoidalarini kelishib oldi. 27 iyun kuni bo‘lib o‘tadigan 90 daqiqalik teledebat davomida yangi prezidentlik muddati uchun da’vogarlarga oldindan tayyorlangan yozuvlardan foydalanishga ruxsat berilmaydi, ular faqat ruchka va bloknotlar bilan ta’minlanadi, deb xabar berdi teledebatni efirga uzatuvchi CNN 15 iyun kuni.

Studiyada tomoshabinlar bo‘lmaydi

Ikki tijoriy tanaffus paytida Bayden va Trampga saylovoldi tashviqoti guruhlari bilan gaplashib olish taqiqlanadi. Da’vogarlardan birining chiqishi vaqtida uning raqibi mikrofoni o‘chiriladi. Tadbir 1976 yildan beri birinchi marta studiya tomoshabinlarsiz o‘tkaziladi, Baydenning saylovoldi kampaniyasi shuni talab qilgandi, Tramp esa saylov oldidagi «tarang muhit» tufayli ommaviy auditoriyani jalb qilishga chaqirgan.

Moderatorlar Jyeyk Tepper va Dana Bash «vaqt chegaralariga rioya qilish va munozara normal o‘tishini ta’minlash uchun barcha vositalardan foydalanadi», deb va’da berdi telekanal. Televizion duel Jorjiya shtatining Atlanta shahridagi studiyadan translatsiya qilinadi. Nomzodlarning ikkinchi debati sentabrga belgilangan.

Bayden va Tramp hali rasmiy nomzodlar emas 

Ayni paytda, 81 yoshli Bayden ham, 78 yoshli Tramp ham noyabr oyidagi saylovlar uchun hali o‘z partiyalarining rasmiy nomzodi emas. Ular iyul va avgust oylarida bo‘lib o‘tadigan demokratlar va respublikachilar qurultoyida rasman ko‘rsatilishi kerak. Shu sababli, saylovoldi poygasining ushbu bosqichida teledebatlarni o‘tkazish noodatiy qadamdir. Bayden teledebatlarni tezlashtirishni taklif qildi, Tramp uning taklifiga rozi bo‘ldi. 

AQShda prezidentlik saylovi 2024 yil 5 noyabrga belgilangan. Ular 1912 yildan beri AQSh sobiq prezidenti amaldagi prezidentga qarshi kurashadigan birinchi saylovlar bo‘ladi. Saylovoldi poygasi AQSh sobiq prezidenti, shuningdek, amaldagi prezidentning o‘g‘li Xanter Bayden sudlanishi fonida o‘tmoqda. Tramp aybdor deb topilgan taqdirda ham prezidentlikka o‘z nomzodini qo‘yishi mumkin. 

Mavzuga oid
Top